Qashqadaryoga oid
Yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Qashqadaryodagi ko‘plab manzilgohlar ham uzoq asrlarga tutash tarixi bilan e’tiborga molik. Birgina joy nomlariga nazar tashlasak, moziyning ko‘plab sir-asrorlari, voqea-hodisalari bilan yuzma-yuz kelamiz. Albatta, ularni o‘rganish, kelajak avlodga o‘z holicha yetkazish kerak. Toki keyingi avlod nomlarda yashirin o‘tmishning eng muhim voqeliklariga shohid dalillarni bilsin, anglasin.
Demak, bugungi mulohazalar Qashqadaryo hududlari nomi va tarixi xususida bo‘ladi.
Qorashina – avtomobil shinasiga aloqadormi?
Ma’lumki, Qorashina Dehqonobod tumani ma’muriy markazi sanaladi. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 13-martdagi qaroriga asosan ushbu hududga shaharcha maqomi berilgan va u Dehqonoboddagi ikkita shaharchadan biri hisoblanadi.
Yaqinda o‘sha tarafga yo‘l tushib, yo‘lovchilardan biri shaharchaning nomi shu yerdagi avtodromdan ko‘zga tashlanib turadigan qora shinalar bilan bog‘liq ekani haqida aytib qoldi. Shu haqda qiziqib, ayrim ma’lumotlarga ko‘z yugurtirish asnosida Qorashina nomining mazmuni ancha teranroq ekani oydinlashdi.
Qayd etilishicha, turkiy va mo‘g‘ul tillarida «qora», «qara» va «xara» so‘zlari «balandlik», «do‘nglik» ma’nosida qo‘llangan. Qozoq tilida «shin» so‘zi «cho‘qqi», «tog‘ning baland cho‘qqisi», «yuksak qoya» ma’nosini bildiradi. Shuningdek, «ting» va «shing» so‘zlari ham «tog‘ cho‘qqisi» deganidir. Oltoy yoki uyrat, hakas, tuva, shor tillarida «sin» – tog‘ tizmasi, cho‘qqi, qoya, balandlik deganidir. Xitoychada Tyanshan ham «tangrilar tog‘i» ma’nosini beradi.
Taniqli olim To‘ra Nafasovning «Qashqadaryo qishloqnomasi» kitobiga ko‘ra, Qorashina – uncha baland bo‘lmagan tog‘ deganidir. Qishloq nomiga tog‘ etnonimi berilgan.
1500 yil oldingi «Kosonning ulug‘ shohi» kim?
Koson tumani vohaning katta va qadimiy tarixga ega hududlaridan. Antik manbalarda uchraydigan Ksenippa viloyati nomi Koson atamasining o‘zgargan shakli bo‘lishi mumkin. Undagi «pa» qo‘shimchasi sug‘diycha «ob», ya’ni suv deb hisoblansa, qadimda Qashqadaryodan chiqarilgan kanal Kosonob, ya’ni Koson daryosi deb atalgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Koson o‘rnidagi dastlabki qishloq milod boshlarida vujudga kelgan, Yerqo‘rg‘onda hayot tanazzulga uchragach, aholi bu yerga ko‘chgan. IV-V-asrlarda qal’a bunyod etilib, atrofi mudofaa devori bilan o‘rab olingan va u mo‘g‘ullar istilosi davrigacha mavjud bo‘lgan.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, mo‘g‘ul xuruji sabab Kosonda ancha vaqtgacha hayot so‘ngan va faqat XV-XVI-asrdan qayta jonlangan. Karvon yo‘lida bo‘lgani uchun savdo va hunarmandchilik rivojlangan. Edvard Rtveladze tadqiqotlariga ko‘ra, IV-VI-asrlarga oid mis tangalarda «Kosonning ulug‘ shohi» deb yozilgan sug‘diycha bitik aniqlangan. XVI-asr 40-yillarida shayboniylarga qarshi Kosonda Bobo Mirak qo‘zg‘oloni ko‘tarilgan. Koson XVII-asrdan Ashtarxoniylar, XVIII-asrdan Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan. 1685-yilda Samarqand hokimi Xo‘jamqulibiy o‘tarchi xitoy-qipchoqlar qabilasiga tayanib, Kosonni egallagan va Nasaf viloyatini talon-toroj qilgan.
Arxeologik topilmalar hamda yozma manbalar Kosonning uzoq o‘tmishga daxldor kechmishidan so‘zlaydi va yangi tadqiqotlar sari undaydi.
Chiroqchining ma’nosi nima?
Chiroqchi nomini nafaqat yurtimizda, balki chet mamlakatlarda ham bilishadi. Hudud kishilari mehnatkashligi, yaxshi yashashga intilishi bilan ajralib turadi. Yurtimizda Chiroqchi taomlari yetib bormagan biror ovqatlanish shoxobchasini topish qiyin. Xo‘sh, Chiroqchi qachon paydo bo‘lgan va ma’nosi nima?
Manbalarga ko‘ra, qadimda turkiy shomonlarning unvonlaridan biri «chiroqchi» bo‘lgan. Binobarin, yaqin-yaqingacha ish yurishishi, qiyinchiliklar arishi hamda o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab ayrim hududlarda chiroq yoqish marosimi mavjud edi. Islom dinida qattiq qoralanadigan ushbu amal shomonlik an’anasi sanaladi.
Shuningdek, o‘rta asrlarda maqbaralarga qarovchi va imomga yordam beruvchi kishini «chiroqchi» deb aytishgan.
«Chiroqchi» so‘zining tarixi haqida bu yerga 1882-yilda sayohat qilgan rus zobiti V.Krestovskiy fikr bildirgan va uningcha, shahar nomi sopoldan chiroq yasovchi hunarmand va butun chiroqchilarning piri, avliyo Chiroqchi ota nomiga qo‘yilgan. Ammo bunday inson haqida biror ma’lumot yo‘q. Tarixchilar bu xalq orasidagi afsona, deya baholashadi. Umuman, Chiroqchi etimologiyasi hali ko‘p izlanish va mehnat talab qiladi.
Yana bir taxminga ko‘ra, shahar nomi sirakchi yoki siroqchi – qadimgi turkiy qabila-urug‘ nomidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Tarixchi Poyon Ravshanov esa Chiroqchi nomi kelib chiqishini Amir Temur bilan bog‘lagan. Unga ko‘ra, Temurning onasi Buxoroga ketayotganida, uni to‘lg‘oq tutadi. Kech bo‘lgani sabab xotirjam bir yer izlashadi va uzoqdan ko‘ringan chiroq ularga madad bo‘ladi. O‘sha yerda Amir Temur tug‘ilgan va qishloq nomi keyinchalik Chiroqchi deb atalgan.
Aniq dalillarga to‘xtalsak, hozirgi Chiroqchi atrofida Kishmishtepa deb ataluvchi, milodiy V-VI-asrlarda shakllangan qadimgi shahar qoldiqlari mavjud. Shahar ark, shahriston va rabotdan tashkil topgan bo‘lib, IX-X-asrlarda kengayib, katta shaharga aylangan. Ammo mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng shahar inqirozga uchragan.
XVIII-asr o‘rtalariga doir manbalarda Chiroqchi qal’asi haqida ma’lumot berilgan. Akademik V.V.Bartoldning fikricha, Chiroqchi undan avvalroq, Ubaydulloxon davrida ham mavjud bo‘lgan.
Chiroqchi Buxoroning katta bekliklaridan bo‘lgan. Shahrisabz orqali o‘tuvchi karvon yo‘li tog‘li va o‘tish qiyin bo‘lganligi uchun Chiroqchidan Jom orqali boriladigan yo‘nalish Samarqand va Qarshini bog‘lovchi eng qulay yo‘l sanalgan. Bu yerdan hatto Afg‘oniston va Hindistondan kelayotgan karvonlar ham o‘tgani qayd etiladi.
Vengr sayyohi va tarixchi Arminiy (Herman) Vamberi «O‘rta Osiyoga sayohat» asarida Buxoro amiri Muzaffariddin shahrisabzliklar ko‘targan qo‘zg‘olonni bostirish uchun kelib, Chiroqchida turgani haqida yozadi. 1873-yilda Buxoroga safar qilgan AQShlik sayyoh Yujin Skayler Chiroqchida bir kun qolgan va bu yer aksar qismi xarobaga aylangan kichik shahar ekani haqida qayd etgan.
1883-yilda Buxoro amirligiga sayohat qilgan harbiy kapitan Arxipov Chiroqchini ham o‘rgangan. Uning aytishicha, Chiroqchi shahrida o‘sha paytda 500 atrofida oila istiqomat qilgan. Uning yana guvohlik berishicha, shahar devorlari deyarli xaroba holiga tushgan.
Yaqin tarixga nazar tashlasak, Ikkinchi jahon urushidan keyin Chiroqchida bir qancha nemis va polyak asirlari, qochoqlar vaqtinchalik boshpana topgan. Ularning ba’zilari shu yerda vafot etishgan. Chiroqchida 11 polyak asiri dafn etilgan.
1977-yilgacha Chiroqchi shahar tipidagi qishloq bo‘lgan. Shu yili O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan Chiroqchiga tumanga qarashli shahar maqomi berilgan.
Mug‘londa mo‘g‘ullar yashaganmi?
Mug‘lon – Kasbi tumani markazi bo‘lib, 2009-yilda shaharcha maqomi berilgan. Tilshunos D.Abdurahmonovning izlanishlariga ko‘ra, mug‘lon yoki mo‘g‘lon etnonimidan Mug‘lon qishlog‘i nomi yuzaga kelgan. Tarixchi olimlar qadimda mo‘g‘ul, mug‘ol, mog‘ol, mug‘ul etnonimi mavjud bo‘lgani haqida qayd etishgan.
Ammo ayni mug‘lon yoki mo‘g‘lon shaklidagi etnonim mavjudligi haqida dalillar yo‘q. Sart mo‘g‘al, cherikchi mo‘g‘ul, ali mo‘gal, yakka mugal, hafiz mo‘gal, qora mo‘g‘al singari urug‘ va qabilalar, ularning tarmoqlari avvaldan mavjud. Bu urug‘ vakillari O‘zbekiston, Tojikiston hamda Afg‘on Badaxshonida istiqomat qilishgan. Etnolog tarixchilarning izlanishlariga ko‘ra, mo‘g‘ol, mo‘gil, mogal urug‘lari bu mo‘g‘ulistonlik turkiy qabilalar hisoblanadi. Mugal so‘ziga -on ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida hudud nomi hosil bo‘lgan va u «mo‘g‘ullar» degan ma’noni bildiradi. V.P.Yudin, B.X.Karmishevaning yozishicha, mug‘ollar bu qadimgi turkiy qabilalardan biri hisoblanib, bugungi kunda Mo‘g‘ulistonda yashayotgan mo‘g‘ul xalqiga aloqasi yo‘q.
Qashqadaryo qishloqlari nomi, tarixi bilan shug‘ullangan To‘ra Nafasovning qayd etishicha, Mug‘lon qadimiy turkiy mo‘g‘ul qabilasi jamoasi joylashgan qishloq, hudud nomi hisoblanadi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

