16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Salomatlik

SHOSHILINCH TIBBIY YORDAM: KENG IMKONIYATLAR, YUKSAK NATIJALAR

  • Shavkat MIRZIYOYEV:
  • Sog‘liqni saqlash sohasini tezkor va samarali, xalqchil tizimga aylantirish yo‘lidagi islohotlar jarayonida sizlar o‘z zimmangizdagi mas’uliyatni sharaf bilan ado etish uchun bor bilim va mahoratingiz, salohiyat va tajribangiz, azmu shijoatingizni namoyon etishingizga ishonaman.

Noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi – O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni

Shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemor taqdirini soniyalar hal qilib qolishi mumkin. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqat tibbiyot xodimlarining ish faoliyatida ko‘p bora o‘z isbotini topgan. Shu bois shifokorlar harbiylar singari doimo shay holatda turishi, kezi kelganda tezkor qaror qabul qilishi, amaliy harakat boshlashi talab etiladi. Ayniqsa bu ko‘nikmalar shoshilinch tibbiy yordamga ixtisoslashgan shifoxonalar xodimlari uchun juda muhim.   

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialiga har kuni yuzlab kishilar dardiga davo izlab keladi. Buni joriy yilning dastlabki olti oyida ushbu muassasaga 51 ming 644 nafar bemor murojaat etgani ham tasdiqlab turibdi. Ulardan 14 ming 47 nafari (27,2 foiz) statsionarga yotqizilgan, 37 ming 597 nafari (72,8 foiz) ambulator sharoitda tibbiy yordam olgan.

– Shu davr mobaynida bizda jami 6 ming 682 ta turli xil jarrohlik amaliyoti amalga oshirilib, shulardan 4 ming 916 tasi statsionar, 1 ming 766 tasi ambulator tartibda bajarildi, – deydi filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan To‘lakov. – Ayni paytda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turlari va soni ham sezilarli darajada oshdi. Ko‘zda tutilayotgan davrda amalga oshirilgan 74 turdagi 3 ming 42 ta jarrohlik amaliyoti shu tasnifga to‘la mos keladi. 

So‘nggi yillarda filial muntazam ravishda eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va tashxislash qurilmalari bilan jihozlanib kelayotgani qator noyob amaliyotlarni shu yerning o‘zida bajarishni yo‘lga qo‘yishga imkon bergani ham ahamiyatli. Jumladan, buyrak transplantatsiyasi; aorta-koronar shuntlash; yurak tug‘ma nuqsonlarini kesmasdan okklyuder yordamida yopish; angiografiya va koronar tomirlarda stend o‘rnatish; laparoskopik qorin oldi devori churrasini bartaraf etish; artroskopiya va bo‘g‘im endoprotezlash; umurtqa pog‘onasini transpedikulyor fiksatsiya usulida mustahkamlash; bosh miya o‘smalarida ultratovush yordamida selektiv aspiratsiya; pastki kovak venasiga kava-filtr o‘rnatish; doimiy yoki vaqtinchalik kardiostimulyator qo‘yish; laparoskopik bariatrik amaliyotlari ilk marotaba muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu yangiliklar viloyat aholisiga yuqori malakali, zamonaviy tibbiy yordamni o‘z hududida olish imkoniyatini yaratib, o‘zida sog‘liqni saqlash tizimidagi sifat o‘zgarishlarini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘z muxbirimiz

J.NORQOBILOV olgan suratlar.