16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jamiyat

«SHUHRAT» QO‘RFONI O‘RNIDA TO‘PXONA BO‘LGANMI?

Qashqadaryoga oid

Bir qarashda Qarshi shahrida tarixiy yodgorliklar kamdek, Samarqandu Buxoro, Xiva bilan solishtirganda maqtanib bo‘lmaydigan manzaraga egadek. Biroq tarix silsilasini kuzatib, o‘tmish hujjatlarini varaqlasangiz, ko‘plab ma’lumotlar, dalillar bo‘y ko‘rsatadiki, ulardan hayratlanmaslikning imkoni yo‘q.

To‘g‘ri, son jihatidan boshqa shaharlar bilan bo‘ylasha olmas, ammo bir vaqtlar bu yerda ham ko‘plab obidalar bo‘lgani aniq. Turli sabablar tufayli tarixiy obidalar yo‘qlikka yuz tutgan.

Bir mahallar Qarshi shahrining to‘rt darvozasi yonida bittadan – to‘rtta to‘pxona bo‘lganiga nima deysiz? Shahar kunchiqaridagi to‘pxona o‘rni hozir ham saqlanib qolgani uchun aholi orasida «To‘pxona» deb ataladi. Taniqli olim To‘ra Nafasovning qaydlariga ko‘ra, hozirgi «Shuhrat qo‘rg‘oni» nomli yodgorlik o‘rnatilgan tepalikda qadimgi to‘pxonalarning biri bo‘lgan. Shaharning janubi va shimolidagi to‘pxonalar o‘rni esa noaniq. Biror tepalikka to‘pxona nomi qo‘shib aytilmaydi.

Odatda to‘pxonalar shahar chetlarida, kichik, yassi tepalik ustida bunyod etilgan. Darvozalardan to‘pxonalarga qadar ravon  yo‘l bunyod qilingan. Shahar qo‘rg‘oni burjlari va darvozalaridagi minora (shinak)lari bilan to‘pxonadagi kuzatish nuqtasi o‘rtasida doimiy, bevosita aloqa o‘rnatilgan.

TO‘QBOYNING MA’NOSI NIMA?

Qamashi, Yakkabog‘ tumanlaridagi To‘qboy qishlog‘i haqida bilamiz. Toshkent viloyatining Bekobod, Quyi Chirchiq hamda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanlarida ham xuddi shu nomda qishloqlar bor ekan. Xo‘sh, To‘qboy nima degani o‘zi?

«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»ga ko‘ra, to‘qboy – etnonim sanaladi. Masalan, mang‘it qabilasining urug‘laridan biri to‘qboy deb nomlangan. Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida to‘qboy urug‘ sifatida tilga olingan. Ilmiy manbalarda yuz qabilasining urug‘laridan biri ham to‘qboy deb atalgan.

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida rus zobiti A.D. Grebenkin tomonidan 1870-yilda yozib olingan rivoyatga ko‘ra, o‘zbek-saroylar joylashgan asosiy hudud Balx viloyati bo‘lib, ular keyinchalik shimol tomon siljishgan va G‘uzor atroflariga hamda Qarshi va Jom (Samarqand) o‘rtasidagi cho‘llarga o‘rnashganlar. Bir qismi Kattaqo‘rg‘on cho‘llariga joylashgan.

A.D.Grebenkinning so‘zlariga qaraganda, bu yerga saroylarning o‘nta asosiy urug‘idan faqat ikkitasi – jomonas va to‘qboy urug‘lari kelgan bo‘lishi mumkin.

IJODI ARAB, INGLIZ, NEMIS, FRANSUZ, TURK, HIND VA RUS OLIMLARI TOMONIDAN TADQIQ QILINGAN QARSHILIK OLIM

Qashqadaryo zaminidan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish bugungi avlod zimmasidagi muhim vazifa sanaladi.

Dunyo ilm ahli taniydigan zotlardan biri Aziziddin Nasafiy Shayx Najmiddin Kubro ta’limoti va Muhyiddin ibn Arabiy tariqatini o‘zaro bog‘lagan kubroviya mashoyixlaridan biri sanaladi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonovning ma’lumotlariga ko‘ra, Aziziddin Nasafiyning yoshlik yillari Qarshida kechgan. So‘ngra Buxoroga borib, ko‘p yillar ilm o‘rgangan. Najmiddin Kubroning shogirdi shayx Sa’duddin Muhammad ibn Muayyad Hamaviydan (1191-1252) tasavvuf sirlarini o‘rgangan. Ayni paytda, tib ilmidan saboq olgan va tabiblik qilgan. Elxoniylarning Buxoroga hujumidan so‘ng (1273-yil), Isfahon,  Sheroz singari Eron shaharlariga safar qilgan. O‘zining chuqur bilimi  va qobiliyati tufayli shayxlik martabasiga erishgan.

Aziziddin Nasafiy fors tilida ijod qilgan. «Insoni komil» asari alloma risolalarining majmuasi deb ham yuritiladi. Asar muqaddima va turli mavzularga bag‘ishlangan. 22 risoladan iborat. Undagi risolalarning ko‘pi «Manozilu-s-soyirin» («Yo‘lovchilar qo‘nalg‘asi»)ning ba’zi nusxalarida uchraydi. Ushbu asar 556 sahifa bo‘lib, irfon va hikmatlarga oid nozik tushunchalardan bahs yuritadi.

Shuningdek, Aziziddin Nasafiyning «Zubdatu-l-haqoyiq» («Haqiqatlar qaymog‘i»), «Usul va furu», («Ildizlar va butoqlar»),  «Mabda’ va ma’od» («Asli makon va unga qaytish», «Miftohu-l-asror»)  («Sirlar kaliti»), «Nafsi insoniy», «Vahdati vujud» va boshqa kitoblari chet ellarda chop etilgan.

«Zubdatu-l-haqoyiq»da Aziziddin Nasafiy tasavvuf orqali insonning ma’naviy yuksaklikka ko‘tarilishi va uning erishishi mumkin bo‘lgan darajalar haqida ma’lumot beradi.

Aziziddin Nasafiy ijodi arab, ingliz, nemis, fransuz, turk, hind, rus olimlari tomonidan tadqiq etilgan. Qo‘lyozma nusxalari Vena, Leyden, London, Kalkutta, Dushanbe, Istanbul, Sankt-Peterburg, Tehron shahri kutubxonalarida, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanadi.

Atoqli olim Naj-middin Komilovning ta’kidlashicha, Aziziddin Nasafiyni komil inson ilmining nazariyotchisi deb atash mumkin. Chunki uning barcha asarlarida bu mavzu markaziy o‘rin tutadi. U komil insonga shunday ta’rif beradi: «Bilgilki, komil inson deb shariat va tariqat va haqiqatga yetuk bo‘lgan odamga aytadilar va agar bu iborani tushunmasang, boshqa ibora bilan aytayin: bilgilki, komil inson shunday insondirkim, unda quyidagi to‘rt narsa kamolga yetgan bo‘lsin: yaxshi so‘z, yaxshi fe’l, yaxshi axloq va maorif».

Aziziddin Nasafiyning mazkur ta’rifidan kelib chiqadigan xulosa shuki, komil inson hayotdan tashqari bo‘lgan allaqanday mavhum zot emas, balki real odamdir, yaxshi fazilatlarni egallab borgan inson ana shunday martabaga ko‘tarila oladi. Buning uchun esa tariqat va riyoziyat  maqomlarini bosib o‘tish zarur.

Aziziddin Nasafiy asarlari o‘rta asrlardayoq Yevropada ma’lum bo‘lgan. 1665-yili A.Myuller «Masadu-l-aqso» asarini lotin tilida nashr ettirgan edi.  1953-yilda F.Meyer shayxning hayoti va ijodiga doir tadqiqotini e’lon qiladi. O‘tgan asr 60-yillarida M.Mole Aziziddin Nasafiyning komil inson haqidagi asarini Parijda, A.Mahdaviy «Kashfu-l-haqoyiq» asarini Tehronda nashr etadi. Rus sharqshunos olimi A.E.Bertels «Zubdatu-l-haqoyiq» asarining tanqidiy matnini tayyorlaydi.

Aziziddin Nasafiy Eronning Abrko‘h shahrida vafot etgan.

AMIRLIK BAYROFIGA NEGA QO‘L TASVIRI TUSHIRILGAN?

Davlat bayrog‘i mustaqillik, ozodlikning o‘ziga xos timsoli hisoblanadi. Sovet tuzumi davrida mustabidlik ramzi o‘laroq qon rangidagi bayroq go‘yo xalq irodasini, aslini olganda, mustamlakachilar irodasini ifoda etardi.

Undan avval, xonlik va amirliklar zamonida ham bayroq bo‘lganmi, yo‘qmi?

Qadimgi bayroqlarimiz haqida so‘z borarkan, odatda Amir Temurning uch halqali moviy tusdagi bayrog‘i ko‘z oldimizga keladi. Undan keyingi davrlarga oid bayroqlar haqida esa deyarli hech narsa bilmaymiz.

Ma’lumki, sho‘rolar kelgunga qadar Qashqadaryo hududi Buxoro amirligi tarkibida bo‘lgan. Amirlikning rasmiy davlat ramzi hisoblanmish bayroq 1868 yilda Amir Muzaffar tomonidan tasdiqlangan va 1920-yilda Buxoro xalq sovet respublikasi tashkil etilgandan keyin bekor qilingan.

Bayroq och yashil rangdagi to‘g‘ri to‘rtburchak matodan tikilgan bo‘lib, amir nomi arabcha harflar bilan mil bo‘ylab oltin rangda, bo‘sh joyida esa shahodat yozilgan. Yozuvlar orasiga «Fotimaning qo‘li» (Xamsa) ustidagi oltin yarim oy va besh qirrali yulduz o‘rnatilgan. Matoning chegarasi qora bezakli to‘q sariq rangda edi. Mil yashil bo‘lib, tepasida oltin yarim oy bor edi.

Yarim oy va yulduz turkiy diyorlardagi islom ramzi bo‘lsa, panja tasviri «Fotima qo‘li» deb nomlanadi va o‘ziga xos tumor vazifasini o‘tagan.

1868-yilda Buxoro amirligi Rossiya imperiyasining vassaliga aylanib, uning protektorati maqomini oldi. Mustaqillik boy berilganidan keyin ham bayroqdan amirlikning ramzi sifatida foydalaniladi. Bu bayroq Buxoroning keyingi amirlari: Said Abdulahadxon va Said Olimxon davrida ham qo‘llangan.

1920-yil 8-oktabrda Buxoro xalq sovet respublikasi e’lon qilinadi. Amir va uning hukumati Buxoro amirligining sharqiy qismiga, so‘ngra Afg‘oniston amirligiga qochishadi.

1921-yil 23-sentabrda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Umumbuxoro qurultoyi Buxoro xalq sovet respublikasi konstitutsiyasini qabul qiladi va tasdiqlaydi, uning 79-moddasida davlat bayrog‘i ham tasvirlangan edi.

Mazkur bayroq ikkita parallel tikilgan matodan tashkil topgan bo‘lib, ustki qismi yashil va pastki qismi qizil rangda, ularning o‘rtasida oltin o‘roqda yarim oy tasviri, uning ichida besh qirrali oltin yulduz ifodalangan. Yuqori yashil matoda uning chap burchagida milga yaqin joylashgan BNSR harflari mavjud bo‘lgan.

1924-yilda amalga oshirilgan milliy-hududiy chegaralashdan keyin ushbu bayroq o‘rniga yangi ittifoq respublikalarining bayroqlari ishlab chiqilgan.

Amir Muzaffar tasdiqlagan amirlik bayrog‘i namunasi hozirda Buxoro tarix va o‘lkashunoslik muzeyida saqlanadi.

BEKZOD tayyorladi.