16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

SOHIBQIRON AMIR TEMUR TAVALLUDINING 690 YILLIGI KENG NISHONLANADI

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi – Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida «Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida» qaror qabul qildi. 

Hujjatda ta’kidlanganidek, buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi.

Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab  kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda.

Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, «Amir Temur» ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim.

Qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hisoblanadi.

Shunga muvofiq, hujjat bilan Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda    Xalqaro Amir Temur jamoat fondining joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash;

har yili aprel oyini «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilish va uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim  muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish takliflari ma’qullangan.

Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlanib, unda joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;

Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etish, shu jumladan, «Temur tuzuklari» asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish, «Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi», «Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi» kitob-albomlarini yaratish;

temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish;

«Tirik tarix» loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;

Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish nazarda tutilgan.

Qarorda qayd etilganidek, O‘zbekistondagi  Islom sivilizatsiyasi markazi  Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida «Buyuk temuriylar» atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda «Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi» mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkazadi.

Hujjat bilan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ham tasdiqlanib, unga Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etish;

tadbirlar bo‘lib o‘tadigan hududlarni obodonlashtirish ishlarini, texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlash;

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarish kabi muhim vazifalar yuklatilgan.

Shuningdek, Toshkent shahri hokimligiga 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirish topshirilgan.

Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.