Saralangan satrlar
Amir Temur tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lgan? Biz ko‘nikkan suratlar nechog‘lik haqiqatga yaqin? Sohibqiron siyrati, ma’naviy-ruhiy olami haqida qanday ma’lumotlar bor? Tarix ixlosmandlari uchun bu savollarning javobi doim birdek qiziq.
1941-yilda Sohibqiron qabri ochilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham (“sirli xazina” o‘z yo‘liga!) Amir Temur tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lgani haqidagi fikrlarga aniqlik kiritish edi. Buyuklar haqida taxminu tusmollar ko‘p bo‘ladi. Basharti u bir vaqtlar dunyoning yarmiga ega chiqqan bo‘lsa, chunonam.
Bilamizki, har bir buyuk tarixiy shaxsning sarkardalik, yaratuvchilik, rahbarlik qobiliyati, ruhiy dunyosi avlodlar hayotida, jamiyat taraqqiyotida rivojlantiruvchi qudratli manba sifatida namoyon bo‘ladi. Binobarin, “Sohibqiron Amir Temurning ruhiy olami” kitobida fikrimizga isbot o‘laroq fikrlarni ko‘p ko‘rasiz.
* * *
Akademik B.Ahmedov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat vakili N.A.Ovsyannikov, Samarqand NKVDsi vakili A.K.Klitskiy va boshqalar ishtirokida tuzilgan “dalolatnoma”da “Temur va uning avlodlarining suyaklari, qabrdan topilgan boshqa narsalar dastlab Toshkentga, so‘ng Moskvaga olib ketiladi”. Antropolog-haykaltarosh M.M.Gerasimov Moskvadagi maxsus laboratoriyasida bosh chanoqni o‘rganish asosida Amir Temur (keyinroq shahzodalar)ning haykal timsolini yaratadi. Fiziognomika fani nuqtai nazaridan yondashilib talqin etiladigan bo‘lsa, ro‘y-rost aytish kerakki, M.Gerasimov “yaratgan” Jahongir Temur “byusti”dan o‘sha davr siyosatining ruhi va andazasi ufurib turadi. Boshqacha aytilganda, Sohibqiron surati – tajovuzkor va yovuz qiyofada aks ettirilgan.
* * *
Barcha tadqiqotlarda e’tirof etilgan qiziq bir hayotiy “fakt”, ayniqsa, e’tiborga loyiq. Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi ochilayotganda ko‘pni ko‘rgan nuroniy qariyalar kelib “ekspeditsiya” a’zolariga o‘z e’tirozlarini bildirishadi:
– Buyuk Jahongirning ruhini bezovta qilmanglar! Oqibati xunuk bo‘ladi…
Biroq, 1941-yilning 20-iyunida el-ulusning noroziligiga qaramasdan Amir Temur xilxonasining tobut qopqog‘i ko‘tariladi. Tarixiy mutanosiblikmi, hayotiy haqiqatmi, ertasi kuni 20 million insonni juvonmarg qilib ketgan urush boshlanadi!
* * *
Amir Temur shaxsining ulug‘ligi va o‘ziga xosligi haqida jahon tarixi sahifalarida o‘z aksini topgan turli mazmun va ko‘rinishdagi solnomalar, tarixnomalar, qo‘lyozmalar, yodnomalar, “kundaliklar” va boshqa ko‘rinishdagi yozma yodgorliklar ham, tabiiyki, buyuk Sohibqiron bobomizning nafaqat tashqi, balki, ichki ruhiy olami xususida ham boy ma’lumotlar beradi.
Bu o‘rinda muarrix-tadqiqotchi va olimlarimiz birinchi galda ilk bora 1894-yilda N.Ostroumov tahriri ostida Qozon shahrida chop etilgan “Temur tuzuklari” asarini qimmatbaho manba hisoblaydilar. Boshqa asarlardan farqli o‘laroq “Temur tuzuklari”ning barcha bob-sahifalarida Sohibqiron siymosi, davlat arbobi va harbiy sarkarda sifatida oliyhimmatli, adolatli shaxs sifatida qalamga olinadi. Amir Temur va uning davlati hamda harbiy yurishlariga bag‘ishlangan adabiyotlar orasida esa Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari alohida ajralib turadi. Buning boisi, Ali Yazdiy XV asr boshlarida Temurning bosh devonida solnomachi bo‘lgan, keyinchalik Shohruh saroyida xizmat qilgan.
Mir Alisher Navoiyning tarixchi Yazdiyga bergan: “Mavlononing sohib kamollig‘i olam ahli qoshida musallamdur” ta’rifu tavsifidan kelib chiqilsa, bu solnomachining Sohibqiron Temur haqida bitgan misralari haqqoniy va hayotiy ekanligiga ishonasan kishi.
* * *
Amir Temurning qudratli podshoh va yengilmas lashkarboshi sifatidagi tashqi qiyofasi ilk bora sharqning XV asr va keyingi davrlaridagi miniatyura – badiiy rang-tasvirlarida aks etgan. Lekin, tan olish kerakki, bu rang-tasvir asarlari asliga qarab chizilgan portretlar bo‘lmay, balki o‘sha davr miniatyurachilari tomonidan qabul qilingan an’analar bo‘yicha “tasvirlanayotgan shaxs”ning o‘ziga xos xususiyatlarinigina emas, ularning umumiy ruhini aks ettiradigan asarlar edi. Aftidan o‘sha davrda har qanday suratkash qudratli shoh va sarkardadan “uning siymosi”ni chizishga izn olishga jur’at topolmagan, ehtimol Sohibqiron tomonidan ham o‘z suratini chizdirishga moyillik bildirilmagan. To‘g‘ri, o‘sha davr muarrixlaridan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” qo‘lyozma asaridagi bir miniatyurada aks ettirilgan portretni, go‘yoki “Temur hayotining oxirida uni shaxsan bilgan suratkash chizgan” deya izoh bergan bo‘lsa-da, ammo, tadqiqotchilar tomonidan bu taxmin o‘z isbotini topmagan. Boisi, mazkur miniatyura – “Amir Temur surati” XVII asrning birinchi yarmiga kelib bitilganligi aniqlangan.
* * *
1941-yilda Samarqanddagi Go‘ri Amir dahmasi ochilgach, sarkardaning suyak qoldiqlari antropolog olimlar tomonidan o‘rganilib, ayrim xulosalar berilganini ham aytib o‘tish o‘rinlidir. Xususan, professor L.V.Oshanin fikriy xulosasiga ko‘ra, Jahongir Temurning suyaklari yirik, shu jumladan, oyoq, qo‘l suyaklari uzun, o‘rtacha bo‘yli, chayir odam bo‘lgan. Bosh suyagining miya hajmi keng. Sohibqiron surunkali tarzda, o‘ng tizza va o‘ng yelka bo‘g‘im kasalligini boshdan kechirgan. O‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i, kamon o‘qi zarbidan bo‘lsa kerak, kuchli jarohat topgan. O‘ng oyog‘i ham oqsoq bo‘lgan. Tirsak bo‘g‘ini qotib qolganligi bois o‘ng qo‘lini zo‘rg‘a ishlatgan. Bu holatlarni, xususan, Seyiston janglaridan birida o‘ng qo‘lidan yaralanganini tarixiy yozma manbalar ham tasdiqlaydi.
* * *
Muarrix Babro Brey bir arab solnomachisining guvohligiga asoslanib, o‘zining “Ibn Xaldun” maqolasida shunday yozadi:
“Temur bo‘yi uzun, keng yelkali va baquvvat, kallasi katta, peshonasi keng, barmoqlari to‘liq odam edi. Soqoli hilpirab turar, bir qo‘li falaj, o‘ng oyog‘i oqsoq, qarashlari o‘tli, yoniq, ovozi jarangdor, o‘limdan qo‘rqish nimaligini bilmaydi”.
* * *
Ibn Arabshoh asli Damashq shahrida tug‘ilgan bo‘lib, Amir Temur Shom (Suriya)ni zabt etganda ko‘pchilik olim, fozillar, me’mor, rassom, kosib, usta hunarmandlar qatorida uning ota-onasi, birodarlari bilan Samarqand shahriga keltirilgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, o‘sha paytda 12 yoshda bo‘lgan Ibn Arabshoh qalbida Amir Temur va uning sipohilariga nisbatan g‘animlik kayfiyati o‘rnashgan bo‘lishi tabiiy. Holbuki, Ibn Arabshoh ham, boshqalar ham Sohibqiron saltanatida hech qanday tazyiq ostida yashamaganlar. Aksincha, Amir Temurning marhamati bilangina Ibn Arabshoh singarilar ilm olib, o‘z umrining nihoyasida katta ilm sohibi bo‘lib yetishganlar.
* * *
“U yolg‘on-yashiqning dushmani bo‘lib, hazil uning ko‘ngliga yoqmasdi. O‘zining oldida talon-toroj, qotillik, xotin-qizlarning nomusiga tegish, zo‘rlash haqida gapirishga yo‘l qo‘ymasdi; u haqiqat qancha achchiq va qattiq bo‘lmasin, uni eshitishni yaxshi ko‘rardi. Yaxshi-yomon holatlar uning kayfiyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmas edi. Jasur askarlarning do‘sti, g‘oyat mard va botir bo‘lgan bu odam kishilarni o‘zini hurmat qilishga, o‘ziga bo‘ysundirishga majbur eta bilardi” (Ibn Arabshoh “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur”). Uzoq vaqtlar boshqa siyosatdonlar tomonidan ham “Savodsiz, shu bois bosqinchilikka ruju qo‘ygan”, deya tavqila’nat tamg‘asi ilinib kelgan Sohibqiron Amir Temur haqida Buyuk Britaniya qomusi (1946 yil)da mana qanday ta’rif berilgan: “Islom Qur’onini yaxshi o‘qiganligi, hatto xudoning xohishi bilan karomat ko‘rsatish salohiyatiga ega ekanligi” esa uning nechog‘lik zukko va donishmand inson bo‘lganligidan dalolat beradi.
* * *
Yakkabog‘ tumanida bo‘lganimizda qariyalardan shunday bir rivoyatni tinglashga muyassar bo‘lgandik:
“…Temurbekning shahri Samarqandni egallash uchun qilgan dastlabki harakati mag‘lubiyatga uchragach, yosh sarkarda yaqin odamlari hamrohligida toqqa qarab chekinishibdi. Yura-yura shom qorong‘isida Yakkabog‘ga kirib kelishibdi. Tog‘dagi Darxon qishlog‘ida yolg‘iz bir kampir yashardi. Momoning ismi ham qishlog‘iga uyqash Darxon kampir ekan. Sipohiylar nihoyatda och va toliqqanligidan birinchi duch kelgan o‘sha momoning darichasini taqillatishibdi. Kampir tungi mehmonlarni ochiq chehra bilan qarshi olibdi. El udumi, taomiliga ko‘ra, ularni ziyofat qilish lozim edi. Kampirning esa qashshoqligi bois kuchi faqat atala pishirishga yetibdi, xolos. Taom suzilib, nihoyat dasturxonga tortilibdi. Qorni och yosh sarkarda atala to‘la kosani oldiga tortib ho‘plagan ekan, og‘zini kuydirib olibdi. Uni zimdan kuzatib turgan kampir dilidagini tiliga chiqaribdi:
– Ulim, seni ovqat ichishing, xuddi Temurbekning Samarqandga qilgan shoshqaloq hujumiga o‘xshaydi-ya!
Temurbek ham hayron bo‘libdi, ham sergak tortibdi:
– Momo, sizningcha Temurbek qanday ish tutishi kerak edi?!
Momo endi jiddiy tarzda ma’nodor ohangda so‘zlabdi:
– Atalani ichishdan oldin kosa tegrasi barmoq bilan ohista shoshmasdan olinadi. So‘ng asta-sekin o‘rtasi sovutib-sovutib ho‘planadi. Temurbek ham, avval to‘g‘ri Samarqandga shoshib hujum qilmasdan, atrof-javonibdagi mayda qo‘rg‘on-kentlarni egallashi, ana undan so‘ng kuch yig‘ib poytaxt tomon hujumga o‘tishi zarur edi.
* * *
Buyuk bobokalonimiz har vaqt: “Insonparvarlikni va mardlikni Alloh ham, xalq ham ulug‘laydi”, degan hikmatli so‘zlarni takrorlashni xush ko‘rganlar va hayotda ham o‘zlari bunga amal qilganlar. Bulardan kelib chiqib xulosa qilinsa, Amir Temurning ruhiy olamini asosan davlat tinchligi va barqarorligi, mamlakat obodligi va rivoji, fuqarolarning adolatli zamonda, dorilomonlikda umr kechirishlari uchun kurashgan inson kabi bebaho xislatlar bezab turadi.
BEKZOD tayyorladi.

