Saralangan satrlar
Jahon adabiyotining muazzam siymolaridan sanalmish Jaloliddin Rumiyni Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk so‘z ustalari o‘zlariga ustoz deb bilishgan. Gyote Abulqosim Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Xo‘ja Hofizlar qatorida Jaloliddin Rumiy ijodini ham “Xizr chashmasi” deb atagan. Mashhurlikda Firdavsiyning “Shohnoma”si, Sa’diyning “Guliston”i, Hofizning “Devon”i bilan bir qatorda turgan, “forsiy Qur’on” nomi bilan shuhrat qozongan “Masnaviyi ma’naviy”ni inson ma’naviy hayotining qomusi sifatida nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham ixlos bilan o‘rganishgan. “Dekameron” asaridagi ko‘plab syujet va motivlarni Sharq og‘zaki va yozma adabiyotidan olgan Jovanni Bokachcho “Masnaviyi ma’naviy”dagi qator hikoyatlar asosida novellalar yaratgani ma’lum.
Rumiyni Alisher Navoiy “Ustozlar ustozi” deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa “U payg‘ambar emas, ammo payg‘ambarlik kitobi bor” deb ulug‘lagan.
Xullas, bugun saralagan lavhalarimiz Rumiy hikmatlar sarchashmasidan.
* * *
Ko‘zada nima borki, nahrda bo‘lmasin… uyda nima borki, shaharda bo‘lmasin! Bu olam ko‘zadir. Ko‘ngil esa daryo suviga o‘xshaydi. Bu olam xonadir, ko‘ngil esa qurilmagan va hayratomuz narsalar bilan to‘la shahar!
* * *
Tan me’dasi insonni somonxonaga yetaklaydi. Ko‘ngil me’dasi esa gulzorga.
* * *
Alloh demishki: “Men ko‘klarga, bo‘shliqlarga, yuksak aqllar-u nafslarga sig‘madim, mehmondek borib, mo‘minning ko‘nglida kayfiyatsiz, mohiyati tushunarsiz bo‘lgan bir shaklda makon tutdim, o‘sha yerda mehmon bo‘ldim”. Tuproqda ungan gullar mahv bo‘ldi. Ko‘ngilda ungan gullar doimiydir, naqadar xushdir!
* * *
Abobil qushlarida Allohning quvvati bor edi. Aks holda ojizgina qush kanday qilib filni yengishi mumkin edi? Ulkan qo‘shinni bir necha qush tor-mor keltirdi. Bu Allohning qudrati ekanini angla.
* * *
Cho‘pon uxladimi, bo‘ri emin-erkin bo‘ladi. Cho‘pon uxlashi bilan e’tibor yo‘qoladi. Ammo hayvonga Alloh cho‘ponlik qilsa, bo‘ri u yerga qanday yo‘l topadi, qo‘yni qanday olib qochadi? Allohning sehri haqdir, o‘rinlidir. Bu sehrni sehrgarlik deyish xatodir. Alloh Hazrat Mustafoga lutf etdi: “Sen o‘lsang ham bu din, bu iymon o‘lmaydi. Sening kitobingni, mo‘jizangni men aziz qilaman. “Qur’on”dagi biror narsani kamaytirishga yoki unga biror narsa qo‘shishga harakat qilgan kishiga men qarshiman. Men seni ikki dunyoda ham himoya qilaman. So‘zingni mazax qilganlarni xor-haqir holga solaman”.
* * *
Yo‘ldan adashganlar “Qur’on”da so‘zdan boshqa narsani ko‘rmaslar, hayron bo‘lmang. Ko‘rning ko‘zlariga quyoshning zarrin nurlari emas, faqat haroratigina yetib keladi. Bilib qo‘yki, “Qur’on”ning zohiri bor… zohirning ham yashirin va quvvatli botini bor. U botinning ham bir botini, uning esa uchinchi botini borki, uni aqllar anglay olmaydilar, hayron bo‘ladilar. O‘g‘lon, sen “Qur’on”ning sirtiga boqma… Shayton ham Odam Atoni tuproqdan iborat deb bildi, aslini idrok eta olmadi! “Qur’on”ning zohiri insonga o‘xshaydi: surati (shakli) ko‘rinadi, joni esa pinhon!
* * *
Qo‘rqoqlar jangdan qochish payida bo‘ladilar. Jasur, mardlar esa jon qayg‘usida dushman saflariga hujum qiladilar. Qo‘rquv va qayg‘u Rustamlarni olg‘a undaydi, qo‘rqoq esa vahimadan turgan joyida o‘lib ketaveradi. Balo va jon qayg‘usi mahakdir… Shuning uchun mardlar tahlikali daqiqalarda qo‘rqoqlardan ajraladilar.
* * *
Tanqid qaynatilgan dori va xapdori kabidir: ichsang yoki yutsang biroz muddat iztirob va alamda qolasan. Shirinlik yesang, lazzati bir lahzalikdir, ta’siri ham uzoq davom etmaydi. Zohiran uzoq davom etganidan ta’siri ham yashirindir. Hamma narsani ziddi vositasida angla! Maqtovning ta’siri shirinlikning ta’siriga o‘xshaydi: yashirincha ta’sir qiladi va biroz vaqt o‘tgach tanada yorilishi lozim bo‘lgan chipqon chiqadi. Nafs ko‘p maqtalaverganidan fir’avnga aylanadi. Kamtar, xokisor bo‘l, ulug‘likka, kibrga yuzlanma!
* * *
Bir odam kim bilandir maslahatlashishni, taraddudlardan xalos bo‘lishni, qamoqdan qutulishni istar edi. Maslahat so‘ralgan odam dediki: “Mendan boshqa biror kishini topib maslahatlash! Men sening dushmaningman, menga ishonma, dushmanning maslahati xolis bo‘lmaydi! Bor, senga do‘st bo‘lgan birortasini top, do‘st, shubha yo‘qki, do‘stga yaxshilik tilaydi. Men dushmanman, menga o‘xshagandan najot yo‘q. Qing‘irlik bilan senga dushmanlik qilaman. Bo‘rining cho‘pon bo‘lishini istash to‘g‘ri emas. Aslida yo‘q narsani qidirish qidirmaslikdir. Biror kishiga g‘anim bo‘ldingmi, undan uzoq tur… seni qadrlaydigan do‘st bilan ko‘rish, u bilan maslahatlash”.
* * *
Jonsizligingda inson bo‘lmishni inkor etar eding, endi esa qiyomat yo‘q deb oyoq tiraysan! Sening holing shu manzarani eslatadi: “Bir kishi kelib eshikni taqillatadi. Uy egasi ichkarida turib: “Uy egasi uyda emas”, deb baqiradi. Eshik taqillatgan kishi bu so‘zdan uy egasining uydaligini anglaydi! Sening inkoring ham Allohning jism olamida yuzlab jonlar yaratganini ko‘rsatadi, xabar beradi!
* * *
Hoy odam! Sen bu dunyo qudug‘i tubida bandi bo‘lgan shersan. Quyondek nafsing seni qanday ko‘yga soldi? Sening yeb-to‘ymas nafsing sahroda yeb-ichmoqda, kayf-safo surmoqda. Sen esa g‘iybat, g‘avg‘o qudug‘ining tubidasan!
Hoyu havas va nafsning istagi bilan kam do‘st bo‘l. Chunki seni Allohning yo‘lidan chiqargan, yo‘ldan ozdirgan hoyu havasdir.
* * *
Biror kishining “Falon odamning tabiati, fe’l-atvori yomon” deb shikoyat qilganini ko‘rsang, bilki, bu shikoyatning talabi yomondir, yomondirki, yomon tabiatlining yomonligini aytayapti! Chunki yaxshi tabiatli inson yomon tabiatli, fe’l-atvorli kishilarga sabr qiladi, ularning yomonligini aytmaydi. Faqat shayx birortaning yomonligini aytsa, bu Allohning amri bilandir, g‘azab yoki hoyu havasga ergashishdan emas! Uning shikoyati shikoyat emas, islohdir. U shikoyat payg‘ambarlarning shikoyatiga o‘xshashdir.
* * *
Sabr iymon tufayli boshqalarga toj bo‘ladi. Shuning uchun sabri yo‘qning iymoni ham bo‘lmaydi.
* * *
O‘zicha: “Men ne-ne podshohlarni ko‘rdim, buyuk sultonlarga ma’qul bo‘ldim. Ulardan qo‘rqmas, hayiqmas edim. Bu avliyoning salobati hushimdan ayirdi. Arslonlar, qoplonlar izg‘igan o‘rmonlarda yurdim, rangim ham o‘zgargani yo‘q. Bir qancha janglarda qatnashdim, og‘ir jarohatlar yetkazdim. Shunday vaziyatlarda ham qalbim hozirgidan quvvatliroq edi. Bu odam qurolsiz, quruq yerda yotibdi, mening yetti a’zoyim dir-dir titramoqda, nima bu? Bu haybat, salobat Haqdandir, odamdan emas, bu haybat xirqali odamniki emas”, dedi. Bir kishi Haqdan qo‘rqib, taqvo yo‘lini tutdimi, jin ham, inson ham uni ko‘rsa qo‘rqadi.
* * *
Qarmog‘ingdagi go‘sht bo‘lagi baliqni ovlash uchun. Bunday luqma na ehsondir, na saxovat!
* * *
Ma’nosiz so‘z suv ustiga yozilgan yozuvdir. Undan vafo kutsang barmoq tishlab qolasan (pushaymon bo‘lasan).
* * *
Suhbat borki, o‘tkir qilichga o‘xshaydi, ekinni, bog‘-rog‘ni qishdek qiyratadi. Suhbat borki, bahor kabidir, har tomonni yashnatadi, behisob meva beradi.
* * *
Vafong bo‘lmasa ko‘p gapirma. So‘zning ko‘pi hamma narsani o‘z fikriga moslashtirish daragidir. Bu so‘z ko‘ngilni kamolga boshlaydi. Sukut saqlagan inson yuz martalab kamolga intiladi. Dildagi tilga chiqdimi, sarf bo‘lib ketadi. Ko‘p sarf qilma, u go‘zal ko‘ngil qolsin. Kam gapirgan odam teran fikrlaydi. Nutq qobig‘i qalinlashdimi, mazmun yo‘qoladi. Qobiq qalin bo‘lsa, dil kichrayadi, zaiflashadi. Ko‘ngil kamolga yetib, go‘zallashgani sayin qobiq yupqalashadi.
* * *
Barcha daryolarga suv ulashuvchi dengiz ham har xasni boshi ustida tashiydi. Dengiz shu karami sababli kamaymaydi, ehsoni sababli xo‘rlanmaydi.
Qo‘lingdan kelganicha qul bo‘l, sulton bo‘lma! To‘p kabi zahmat chekuvchi bo‘l, chavgon bo‘lma! Aks holda bu latofating, bu go‘zalliging qolmagach sen bilan ulfat bo‘lganlar sendan bezadilar. Seni aldab yurganlar “Shayton” nomini beradilar.
* * *
Mardning ovi marhamatdir. Dori dunyoda darddan boshqa narsa izlamaydi. Qayerda dard bo‘lsa, davo o‘sha yerga boradi. Qayer past bo‘lsa, suv o‘sha tomonga oqadi. Senga rohat suvi kerak bo‘lsa, bor, kamtar bo‘l, rahmat suvini ich-u sarmast bo‘l.
* * *
Shakl soyadir, ma’no quyosh. Soyasiz nur vayronada bo‘ladi.
* * *
Arslonlardek o‘z o‘ljangni o‘zing ovla. Begonaga ham, qarindoshga ham yaltoqlanishni bas qil!
* * *
Sirtdan qaraganda ishimiz yurishayotganga, so‘zimiz o‘tayotganga o‘xshaydi. Botiniy yurish esa osmon ustida bo‘ladi. Tashqi ko‘rinish haqidagi gaplar chang-g‘ubor kabidir. Quloq kabi bir muddat tinglashni odat qil!
* * *
Yomon otning xunukligi harflardan emas. Dengiz suvining achchiqligi idishdan emas.
BEKZOD tayyorladi.

