Iste’dod egalari
Bugun dunyoda innovatsiya va startaplar iqtisodiy taraqqiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Endi mamlakatlarning qudrati faqat mavjud tabiiy boyliklari yoki yirik sanoat korxonalari bilan emas, balki inson kapitali, ilm ahli va yoshlarning tashabbuskorligi hamda intellektual salohiyati bilan ham baholanmoqda. Ana shunday bir paytda, startap loyihalar ilg‘or yoshlarning ijodiy g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, yangi texnologiyalarni hayotga olib kirish va iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilayotir.
Qarshi davlat texnika universitetining qator iqtidorli talabalari ham bu jarayonda faol ishtirok qilib, ular tomonidan tizimli izlanishlar asosida yaratilayotgan innovatsion g‘oyalar va startap loyihalar e’tiborga molik. Quyida ularning ayrimlari haqida so‘z yuritamiz.
G‘O‘ZA VA POMIDOR – BIR DALADA
Yulduz Murodjonova – «Do‘stlik elchisi» ko‘krak nishoni sohibasi, o‘nga yaqin ilmiy maqolalari Oliy attestatsiya komissiyasi e’tirofidagi nufuzli jurnallarda chop etilgan. Ayni paytda 2 ta ilmiy va 3 ta startap loyiha ustida ish olib bormoqda.

Yulduzning «Agroduo» nomli ilmiy-amaliy loyihasi Yakkabog‘ tumanidagi «Dilmuratovich» fermer xo‘jaligida sinovdan o‘tkazilmoqda. Loyiha g‘o‘za va pomidorni bir maydonda, bir vaqtning o‘zida hamkor ekin sifatida yetishtirishga asoslangan. Bu usul natijasida tuproq unumdorligi va hosildorlik ortishi kutilmoqda. Suv va yer maydonidan maksimal darajada unumli foydalanish ko‘zda tutilgan.
Yosh olimaning hisob-kitoblariga ko‘ra, sinov maydonida yetishtirilayotgan paxta (g‘o‘za)dan 80 million so‘m, pomidor hosili hisobiga esa 60 million so‘mdan oshiq sof daromad olish kutilmoqda.
HASHAROTLAR HISOBIGA O‘SADIGAN QO‘ZIQORIN
Sarvinoz Abdusamiyeva – Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi, o‘ndan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, 2025 yilda Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan «Solnechniy svet» va «Mir olimpiad» xalqaro tanlovlari g‘olibi.

Aholini sog‘lomlashtirish va kasalliklarning oldini olishda shifobaxsh Kordeseps millitares qo‘ziqorini ancha foydalidir. U qadimdan Xitoy va Sharq tabobatida ishlatilib kelinadi, ovqatlarga solinadi. Shuning uchun ham odamlar uni shifobaxsh qo‘ziqorin deb atashadi. Bozor qiymati ham yaxshigina daromad topishga imkon beradi.
Kordeseps millitares tabiatda hasharotlar tanasida o‘sadigan noodatiy qo‘ziqorin hisoblanadi. U sariq yoki to‘q sariq rangda bo‘ladi va tarkibida oqsil, vitaminlar, aminokislotalar, antioksidantlar, korditsepin singari juda ko‘p foydali moddalar saqlaydi.
Yosh tadqiqotchi Sarvinoz Abdusamiyeva tomonidan yetishtirilayotgan bu shifobaxsh o‘simlik organizmning virus va bakteriyalarga qarshi kurashishiga, shamollash va tez-tez kasal bo‘lishning oldini olishga yordam beradi. Nafas tizimini yaxshilaydi. Tarkibidagi antioksidant moddalar hujayralarni himoya qiladi. Immunitetni oshiradi. Qon aylanishini meyorlashtiradi. Yurak va qon tomirlari faoliyatiga foydali ta’sir ko‘rsatadi.
Qo‘ziqorinni yetishtirish uchun guruch yoki bug‘doy kabi oziqa tayyorlanadi, maxsus qo‘ziqorin urug‘i – mitseliy qo‘shiladi. Idishlar issiq joyda saqlanadi. Namlik va yorug‘lik nazorat qilinadi. Bir necha haftadan keyin qo‘ziqorin o‘sib chiqadi. Tayyor bo‘lgach, quritiladi va foydalaniladi.
Loyihaning asosiy maqsadi Cordyceps militaris qo‘ziqorini misolida laboratoriya sharoitida tabiiy dorivor mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat. Bu farmatsevtikaning rivojlanishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
XONADA GAZ HIDI CHIQSA…
Farangiz Shukurova – Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohibasi. To‘rtta startap loyiha asoschisi, «Aeronox» loyihasi bo‘yicha xalqaro tanlov g‘olibi.

Uy-joylarda, ishlab chiqarish binolarida va kichik obyektlarda gaz bilan bog‘liq favqulodda holatlar soni ortib borayotgani aholining hayoti va mulki xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy nazorat tizimlaridan foydalanishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, metan, propan-butan, karbon monoksid, vodorod va boshqa zararli gazlarning meyordan oshib ketishi nafaqat yong‘in xavfini kuchaytiradi, balki inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.
«Aeronox» loyihasining asosiy maqsadi shu kabi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. U real vaqt rejimida monitoring va raqamli kuzatuv asosida ishlaydi. Avtomatik integratsiya va signalizatsiyadan iborat bo‘lib, xona havosida gaz miqdori meyordan oshganda, tizim foydalanuvchini uning qo‘l telefoniga o‘rnatilgan dastur orqali ogohlantiradi, xonadagi ventilyatsiyani avtomatik ishga tushiradi.
Loyiha IoT (Internet of Things – bu internetga ulangan va odamlarning ishtirokisiz bir-biri bilan yoki markaziy tizim bilan ma’lumot almashadigan jismoniy qurilmalar tarmog‘i) tamoyillari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, xavfsizlikni nafaqat mahalliy, balki masofaviy boshqaruv orqali ham ta’minlaydi. «Aeronox» foydalanuvchiga nafaqat signal beradi, balki xavfsizlikni monitoring tizimi orqali kompleks tarzda ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, u nafaqat gaz aniqlagich, balki uy va kichik ishlab chiqarish muhitlarini aqlli himoya qilish tizimi sifatida faoliyat olib boradi.
E’tiborli jihati, viloyat hokimining tashabbusi bilan mazkur loyihani rivojlantirish uchun 100 million so‘m miqdorida investitsiya ajratilgan.
«YER NOKI» – SHIFOBAXSH EKIN
Gulibonu Qobulova – universitet magistranti. MDH davlatlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro tanlovlar g‘olibi.

Dunyo aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, inson salomatligini mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligida yuqori samarali ekinlarni joriy etish bugungi kunda dolzarb masalalardan biridir. Bunda topinambur singari ekinlarni yetishtirish ham muhim ahamiyatga ega. Sababi u nafaqat oziq-ovqat, balki farmatsevtika, chorvachilik va qayta ishlash sanoati uchun ham qimmatli xomashyo hisoblanadi.
Vatani Shimoliy Amerika bo‘lgan topinambur ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, xalq orasida «yer noki» nomi bilan mashhur. O‘simlikning eng muhim xususiyati uning tarkibida inulin moddasining ko‘p miqdorda saqlanishidir. Inulin tabiiy polisaxarid bo‘lib, qandli diabet bilan kasallangan insonlar uchun foydali hisoblanadi. Shu sababli rivojlangan mamlakatlarda topinamburdan parhez mahsulotlar, biologik faol qo‘shimchalar va tabiiy shirinlashtiruvchi vositalar ishlab chiqariladi.
Topinambur tuganaklari tarkibida 13-18 foiz inulin, 3-4 foiz oqsil, shuningdek, temir, kaliy, magniy, kalsiy, sink va kremniy kabi mineral moddalar mavjud. Bundan tashqari, unda V1, V2 va C vitaminlari miqdori kartoshka hamda ayrim sabzavotlarga nisbatan bir necha barobar yuqori.
Gulibonuning loyihasi «Topinambur tuganaklarini konvektiv quritish texnologiyasini takomillashtirish va shifobaxsh xususiyatlarini saqlash bo‘yicha tadqiqot» deb nomlangan bo‘lib, bu borada yangi texnologiyani takomillashtirishdan iborat.
Loyihaning ilmiy yangiligi shundaki, yurtimiz sharoitida yetishtirilgan topinamburni konvektiv quritishning optimal texnologik rejimlari aniqlandi. Shu asosda yuqori sifatli va uzoq muddat saqlanadigan quritilgan mahsulotni olish bo‘yicha takomillashtirilgan texnologik yechim tavsiya etildi. Olingan natijalar bo‘yicha topinamburni funksional oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llash uchun ilmiy asos yaratildi.
Abdurazzoq MURODOV

