O‘tgan yili viloyatimizda 106 holatda brutsellyoz, 16 holatda kuydirgi, 4 holatda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi, 2 holatda quturish bilan kasallanish qayd etildi. Bu hududda ba’zi o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat murakkablashganini ko‘rsatadi.
Matbuot anjumani
Bu haqda Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, o‘tgan yili yig‘ma manzilli dasturga asosan budjetdan ajratilgan 10 milliard so‘m mablag‘ evaziga Dehqonobod, Qamashi, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Kitob tumanlaridagi sel va toshqin xavfi bor qator obyektlarda profilaktik tadbirlar amalga oshirildi. Natijada ehtimoliy xavf hududida joylashgan 78 ta xo‘jalik, 341 gektar ekin maydoni, 3 ta maktab, 2 ta ko‘prik, 1 ta qabriston va 2,1 kilometr ichki yo‘llar sel va toshqin suvlari zarar yetkazishidan muhofazalandi.
Ammo talafotlar ham bo‘lgan. Xususan, sel va toshqin suvlari sabab ko‘prik va yo‘llar, aholi xonadonlari, ekin maydonlariga zarar yetish kabilar bilan birga, inson o‘limi bilan bog‘liq holat ham qayd etilgani achinarli.
Matbuot anjumanida mas’ullar jurnalistlarga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, tabiiy ofatlardan himoyalanish va zarur holatlarda tezkor choralarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham atroflicha ma’lumot berishdi.

