Saralangan satrlar
Amir Temur shaxsi, olamgirlik sifati, bunyodkorlik salohiyati, harb ishi, tashqi siyosati va diplomatiyasiga oid asarlar juda ko‘p. Ma’lumotlarga qaraganda, Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari haqida Yevropa tillarida 500 dan, Sharq xalqlari tillarida esa mingdan ortiq yirik asarlar yaratilgan ekan. Albatta, ularning bari bir xil ma’lumot takrori emas. Har bir manba, har bitik Sohibqiron siymosi haqida zarur axborot beradi.
Quyida taniqli tarixchi olima Shohista O‘ljayevaning «Amir Temur davlat boshqaruvi» kitobidan e’tiborga molik lavhalarni saraladik. Mazkur risola ko‘plab manbalarga havola o‘laroq qizg‘in mutolaaga arziydi.
* * *
Sohibqiron fikricha, hukmdorda shakllangan fe’l-atvor ham muhim masaladir. Har kimga bir xilda odil ko‘z bilan qaray bilish, avvalo, rahbarlarga zarur bo‘lgan eng muhim sifatdir. U shunday degan: «Men sifatlarimning eng avvali deb beg‘arazlikni tushundim. Hammaga ham bir xil jiddiyat va odil qarardim, hech bir kimsani boshqasidan farq qilmasdim, boyni kambag‘aldan ustun qo‘ymasdim».
Jahongir fikricha, davlat rahbari bo‘lib o‘tgan dilxiraliklarni butunlay unutishi, o‘z fuqarolariga nisbatan kek saqlamasligi kerak.
* * *
Sohibqironning davlat rahbari haybati haqidagi fikriga ko‘ra, agar oddiy bo‘lib yursa va o‘zini haybatli tutolmasa, amaldorlar va xalq undan cho‘chimasligi mumkin. Ma’lumki, Sohibqiron xalqni qo‘rqinch va umid orasida saqlaganligini ko‘p bora ta’kidlagan. Uningcha, fuqarolar, avvalo, davlatning kuchini va davlat rahbarining qudratini sezishi, amaldagi qonunlarni buzishdan saqlanishi, sodir etilgan jinoyatga jazo muqarrarligini, jamiyat oldidagi burchini anglashi kerak.
* * *
Bugungi tadqiqotlar Amir Temur davlatining taraqqiy topishida aniq rejali kirim-chiqimlar, ya’ni moliya masalalarining to‘g‘ri tashkil etilishi muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatmoqda. Jahongir fikricha, ana shundagina mamlakatda adolat o‘rnatilishi mumkin, chunki xazinaning sobit ushlab turilishi xalqdan ortiqcha soliq yig‘ilishiga sabab bo‘lmaydi, xalq ortiqcha toliqtirilmaydi, demakki, ommaga zulm qilinmaydi.
Sohibqiron nabirasi Umar nomiga bitilgan nishonda yana shuni ta’kidlaydi: «Chegaralarga hayot sinoatlari bilan tanish, zamona hodisalari bilan egizak tug‘ilgan hushyor, sergak, mardonalikda tanilgan tajribali kishilarni qo‘ysin».
* * *
Amir Temur, Chingizxondan farqli o‘laroq, islom va adolat bayrog‘i ostida yurishlar uyushtirgan. Uning harbiy yurishlari Chingizxon uyushtirgan qirg‘inlardan tubdan farq qiladi. Agar Chingizxon o‘z yurishlarida bema’ni qirg‘inlar uyushtirib, ko‘plab shaharlarning aholisini tamomila qirib tashlagan bo‘lsa, Amir Temur harbiy harakatlarida u yoki bu hududda adolat o‘rnatish, zolimlarning qo‘lini qirqish maqsad qilib qo‘yilgan. Shunda ham avval masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga uringan. Faqat bu urinishlar zoye ketganidagina qilich ishlatgan.
* * *
Sohibqiron nafaqat muhtasham imoratlar, o‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ko‘chma shahar ham qurdiradi. Ispaniya qirolining elchisi Rui Gonsales de Klavixo bu chodirlardan iborat shaharga katta hayrat bilan qaragan. Ular bunyodkorlik faoliyatining noyob namunalari edi. Rui Gonsales de Klavixo ulardan birining sirti olmaxon mo‘ynasi, ichkarisi oq mo‘yna bilan bezatilgani, boshqasining suvsar mo‘ynasi bilan qoplangani va ichkaridagilar oynadan tashqarini ko‘ra olishlari, tashqaridagilar esa ichkaridagilarni ko‘rolmasligi, maxsus moslama bilan qurilgan eshiklar xonalar ichiga yoqimli yelvizak berib turishi, ulardan tashqariga chiqmay maxsus matolardan qurilgan yo‘laklardan boshqa chodirlarga o‘tish mumkinligini hayrat bilan hikoya qilgan.
* * *
Amir Temur saltanatida yoshu qari, erkaklar bilan bir qatorda ayollar tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqiga ega edi. Fikrimizga bir misol keltirmoqchimiz: «Uning (Amir Temurning) siyosati o‘rnatilgan kunlarda Movarounnahrning eng chekka joylaridagina emas, balki Xitoy va Xo‘tan chegarasidan Dehli va Kanbayit atroflarigacha, Bob ul-Avbobdan to Misr va Rum hududigacha bo‘lgan yerlardan savdogarlar u yoqda tursin, bolalaru beva xotinlar ham ipak matoli, oltin-kumush va eng zarif tijorat mollarini keltiradilar va olib ketadilar. Hech bir kimsa ularning bir doniga ham ko‘z olaytira olmaydi va bir dirhamga ham ziyon yetkazmaydi» (Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma»).
* * *
Amir Temur vazirlar tanlash masalasini ham muhim ishlardan biri deb tushungan. U davlat ustuni hisoblangan vazirlarni tanlashda quyidagi sifatlarni inobatga olgan: 1) nasl-nasab; 2) aql-farosat, yuksak ma’naviy axloq; 3) sergaklik, ogohlik va xushmuomalalik; 4) sabr-bardosh, tinchliksevarlik. Sohibqiron shunday fazilat sohiblarigagina davlat ishlarini ishonib topshirish mumkin deb hisoblagan. Bunday vazirga to‘rt imtiyoz: ishonch, e’tibor, ixtiyor, qudrat berilgan.
* * *
Amir Temur saltanatida sipohiylar turli sinovlardan o‘tkazilgan. Talab darajasida bo‘lmagan sipohiylarga ishdan bo‘shatishdan avval ikki marta imkoniyat berilgan. Mabodo askar yalqovlik qilib ish vaqtida sustkashlikka yo‘l qo‘ysa, yozuv-chizuv ishlariga o‘tkazilgan. Ikkinchi marotaba ham yaxshi ishlamay, xatoliklar qilsa, ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda «Tuzuklar»da shunday ma’lumot bor: «Agar sipohiylik ishlarida yalqovlik qilgan bo‘lsalar, ularga yozish-chizish bilan shug‘ullanuvchilar orasidan ish berilsin. Agar shundan keyin ham xatoga yo‘l qo‘yib, kaltabinlik qilsalar, ikkinchi bor xizmatga olmasinlar». Sohibqiron tadbirsiz, loqayd kishilar jamiyat uchun halokatli deb tushungan.
* * *
Amir Temur tuzgan ma’muriyat oddiy, ixcham, tezkor harakatlanishga moslangan, barcha xabarlar tez vaqt ichida saltanatning barcha yeriga yetib borgan. Jumladan, saroyda chiqarilgan qaror va farmonlar munshiylar tomonidan darhol ko‘chirilib, tezda viloyat va tumanlarga jo‘natilgan. Tezkor axborot almashinuvini ta’minlashga erishilgan. Bu esa yirik saltanatning eng chet joylarida ham qonun ustuvorligiga erishish imkoniyatini yaratgan.
* * *
Amir Temur davlati bayrog‘i haqida L.Keren shunday yozadi: «Amir Temur forscha «rosti – rusti» – «kuch – adolatda» degan shior bitilgan uch halqadan iborat bayroqni o‘zining tug‘i etib belgiladi. Rivoyatlarga qaraganda, tug‘dagi uch doira kurrai zaminning Amir Temur hukmronlik qilishni istagan uch qismini bildirar, mo‘g‘ul urf-odatlari bo‘yicha esa o‘z xo‘jasiga omad keltiruvchi sehrli belgilardan biri hisoblanardi». Bizning nazarimizda, bu uch halqa – samo, yer va suvlikni anglatgan bo‘lishi ham mumkin.
* * *
O‘rnatilgan qonunlarga, avvalo, Amir Temurning o‘zi amal qilar, oila a’zolaridan ham shuni talab etar edi. Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton botir, jasur, mas’uliyatli va tadbirkor amirzoda bo‘lib, kelajakda ulug‘ davlat hukmdoriga aylanishi mumkin edi. Ammo uning bir noqonuniy harakati barcha rejalarini chippakka chiqardi. Xalil Sulton amir Sayfiddinning kanizagi bo‘lmish Shodmulk og‘oga noshar’iy uylanib olishi tufayli og‘ir jazoga buyuriladi. Keyinchalik u afv etildi, biroq uning adolatli ish yuritishiga ishonch qolmagan edi. Shu tufayli hokimiyatni boshqarishdan mahrum etildi.
* * *
L.Keren ma’lumotlariga ko‘ra, «Sohibqiron Amir Temur yurishdan qaytganidan so‘ng ertasi kundan boshlab saltanat yumushlariga sho‘ng‘ib ketdi: uning qahri qattiqligini bilgan amaldorlar va sipohiylar qaltirab turishardi. O‘zi uzoq vaqt bu yerda bo‘lib o‘tgan voqealar bayonini diqqat bilan tinglagach narx-navoning haddan tashqari oshib ketishiga yo‘l qo‘ygan savdogarlar va aybdorlarni dorga ostirdi. Beva-bechoralarga kiyim-kechak va oziq-ovqat ulashildi, fuqarolar esa uch yil davomida barcha soliqlardan ozod qilindilar».
* * *
O‘sha paytda sodir etilgan jinoyatlar va ularga berilgan jazo usullarini obdan o‘rgangan olim Herman Vamberi bu haqda shunday xulosaga kelgandi: «Temurni Chingiz ila bir safga qo‘yib, uni vahshiy, zolim, qaroqchi deb atagan kishilarning fikrlari ikki marotaba xatodir. U, avvalo, Osiyo sarkardasi edi. O‘zining g‘olib askarlari va qurollaridan o‘z zamonasining taomilicha foydalangan. Uning faoliyati, xususan, dushmanlari tomonidan gunoh hisoblangan ishlari va urushlari, teranroq qaralsa, jinoyatga jazo tarzida qo‘llanilgan. To‘g‘ri, jazo qattiq, lekin adolatli bo‘lgan».
* * *
Harbiy sarkarda M.Ivanin: «Hali bironta ham xalq qo‘shinini to‘g‘ri saflashni bilmay, tartibsiz va taktik harakatlarsiz, faqat o‘zidagi jasorat darajasi bilan uzuq-yuluq jang qilayotgan bir paytda Temurning to‘g‘ri saflangan, bir necha yo‘nalishdan iborat muntazam tartib bilan jangga kiruvchi, kuchli zaxiraga ega bo‘lgan kuchli armiyasi bor edi», deb uning harbiy qo‘shiniga katta baho bergan edi.
* * *
AQSH olimi Richard Nelson: «Temurda jang paytida eng zarur paytda kerakli joyda bo‘la olishdek ajoyib xususiyat mavjud edi. Bu unga dushmanlari uning maqsadini o‘qib olishga ulgurmasdan o‘z vaqtida oqilona qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini nazorat qilish imkonini beradi. Boz ustiga, jang maydonida uning shaxsan ishtiroki eng og‘ir damlarda jangchilarini aniq bo‘lib qolgan mag‘lubiyatdan ko‘pincha qutqarib qolgan», deb baho bergan.
* * *
Jan-Pol Ru Amir Temur va Boyazid Yeldirim munosabatlari hamda ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Anqara jangini tahlil qilgan. U usmonlilar armiyasining o‘z harbiy boshliqlariga Amir Temur qo‘shini kabi mustahkam bog‘lanmagani, Boyazid Yevropaga yurish qilgani bilan harbiy harakatlar sahnasini Amir Temurchalik anglab yetmaganligini alohida ta’kidlagan. Jahongir Rodos ritsarlariga tegishli salibchi g‘ayridinlar maskani Smirnani ikki hafta mobaynida qo‘lga kiritgani, Boyazid Yeldirim esa o‘n ikki yil ovora bo‘lib bu yerni zabt eta olmagani, Sohibqironning harbiy layoqati Boyazidnikidan bir necha barobar ustun bo‘lganligini ko‘rsatib o‘tgan.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

