Tajriba
«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining viloyatimizda joylashgan obyektlaridan birida tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonida ajralib chiqadigan qatlam suvlarini tozalab, ulardan qayta foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Jamiyat matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu muhim loyiha doirasida ilk bor SHo‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 9-sonli gaz yig‘ish punktida Turkiyaning «Biowater» kompaniyasi bilan hamkorlikda sinov tariqasida maxsus qurilma ishga tushirildi. Uning yordamida kuniga 100 tonna ifloslangan suv tozalanib, 80 tonnasi sug‘orish yoki texnik maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli holatga keltiriladi.
Mutaxassislar izohiga ko‘ra, qurilmaga joriy qilingan «teskari osmos» texnologiyasi orqali suv to‘liq mineralsizlantiriladi va ishlab chiqarish jarayonlarida zarur bo‘lgan mazkur resurs talabini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash mumkin bo‘ladi. Hozirda ushbu usulda tozalangan suvdan ekin maydonlarini sug‘orishda foydalanish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasidan tegishli ruxsatnomalar olindi.
E’tirof etilishicha, mazkur loyiha mamlakat Bosh vazirining konlarga qilgan navbatdagi amaliy tashriflaridan birida hukumat rahbari tomonidan berilgan taklif asosida amalga oshirilgan. Xalqaro hamkorlar va ekologlar bilan ishlash natijasida ushbu tizimli muammoning ham iqtisodiy, ham ekologik yechimi topildi. Sinov natijalaridan kelib chiqib, «O‘zbekneftgaz» AJ bunday suv tozalash qurilmalarini o‘zining boshqa kon va zavodlarida ham keng joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu nafaqat suv tejalishi, balki atrof-muhit muhofazasi, tuproqning quruqlashishini bartaraf etish va mamlakatimiz ekologik barqarorligiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

