Tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil qilgan holda aholi daromadlarini oshirish hamda kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash borasida joylarda yo‘lga qo‘yilayotgan bugungi ilg‘or tajribalarning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ekin ekish uchun bir parcha yeri bor odam ehtiyojmand bo‘lishi mumkin emas. Faqat buning uchun unda ishlashi, shunchaki ishlashi emas, oldiga aniq maqsad qo‘yib, samara chiqarish, foyda olishni ko‘zlagan holda mehnat qilishi kerak.
Aslida bu ko‘pchilik tomorqachilar uchun yangilik emas. Atrofimizda tomorqasidan oladigan daromadini sakkiz, hatto to‘qqiz xonali sonlar bilan hisob-kitob qiladiganlar ham talaygina. Ularga ergashib, bugun o‘z ehtiyojlari uchun bo‘lsa-da hovlisidagi ekin yerlarini gullatib qo‘yganlar soni ham ortib borayapti. Qolaversa, tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari, «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aholiga berilayotgan amaliy yordamlar odamlarni bir parcha yerni ham bo‘sh qoldirmay, undan naf ko‘rishga undamoqda.
Qarshi shahridagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi Aziz Uzoqov xonadoni tomorqasida u yoki bu ekinlarni asosan oila ehtiyoji uchun ekardi. Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida tijorat bankidan 33 million so‘m imtiyozli kredit olganidan so‘ng 1,5 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, tomorqachilikdan yaxshigina daromad oladigan tadbirkorga aylandi.
– Hozir issiqxonamizda pomidor g‘arq pishgan, – deydi u. – Hosilni peshma-pesh terib, xaridorlarga yetkazib berayapmiz. Tomorqada men band, oila a’zolarim ham ko‘makka shay. Har yili uch marta ekin ekib, mahsulot yetishtirishga erishayapmiz. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llaganimiz ham ishimiz samaradorligiga xizmat qilayapti.
Aziz Uzoqovning bu tajribasi mahalla ahli uchun tomorqadan nafaqat o‘z ehtiyojlari uchun, balki qo‘shimcha daromad manbai sifatida ham foydalanish mumkinligini isbotlagan yorqin namuna bo‘ldi.
– Aholi nafaqat tomorqasini bo‘sh qoldirmaslik, balki bunda ilg‘or tajriba va texnologiyalardan foydalanib, turli noan’anaviy ekinlar yetishtirishga ham astoydil kirishgan, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Shohrux Rahmonov. – Mutaxassis va agronomlar, ilg‘or tomorqachilar bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar tashkil etilib, oilalarga issiqxona va ochiq yerlarda ekin parvarishlashning o‘ziga xos jihatlari, ilmiy-amaliy asoslarda ko‘rsatib berilmoqda. Yangi ekish usullari va sug‘orish metodlari haqida ma’lumotlar berilib, tomorqachilarni sifatli urug‘lik va o‘g‘itlar bilan ta’minlashga, yetishtirgan mahsulotlarini sotishga ko‘maklashilmoqda.
Boqimandalik kayfiyatini o‘ziga yuqtirmagan tirik jon borki, yaxshi yashash uchun doim harakatda bo‘ladi, intiladi, imkoniyat izlaydi. Bunda, agar bo‘lsa, tomorqa ham naqd imkoniyat sanaladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimiz bo‘yicha 612 mingta xonadonda 66 ming gektar tomorqa yerlari mavjud. Bu shuncha oilada avvalo o‘z ro‘zg‘origa fayzu baraka kiritish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati bor degani. Biroq bu ulkan imkoniyat afsuski hali to‘la ishga solinmagan. Shu bois Prezidentning shu yil 6 martdagi «Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan 11 martdan «dolzarb bir oylik» safarbarligi e’lon qilinib, uning doirasida mahallalarda 29 mingta kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish, zarur qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni yetkazib berish;
aholi xonadonlariga 1,23 million bosh parranda, 24 ming oila asalari va 21 ming bosh qo‘y-echki va qoramol yetkazib berish;
400 ming gektar aholi tomorqalarida hamda 180 ming gektar ijara yer maydonlarida sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va boshqa serdaromad ekinlarni ekish maqsad qilingan va joylarda bu boradagi ishlar davom etmoqda.
O‘z muxbirimiz

