16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

U BIR OILA, MILLAT, HATTO KELAJAKKA TAJOVUZ SOLADIGAN JOYDIR

Mashhur turk adibi Ahmad Lutfi Qozonchi “Saodat asri qissalari” turkumi bilan yurtimiz kitobxonlari orasida ancha mashhur. Adibning “Qaynona”, “O‘gay ona”, “So‘nggi to‘fon”, “Bir vijdon uyg‘onur” kabi romanlari qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgani bor gap. Qozonchi sodda, tushunarli yozadi, o‘quvchini zo‘riqtiradigan o‘rinlar deyarli uchramaydi. Lavhalar bari hayotdan, kundalik turmushdan, ko‘p-da odam o‘zini, yon-atrofdagilarni ko‘radi.

Qolaversa, muallif mudom Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarga tayanib, misollar keltiradiki, bu asarning o‘qishliligi, ahamiyatini yanada oshiradi.  

Inson qachon Yaratganni taniydi va o‘zligini qachon anglaydi? Umuman, bu hayotda insonning vazifasi nima? Milliardlab insonlarning har biri zimmasiga yuklangan “missiya” bo‘lsa, buni kim qanday bajarayapti? Shunday esa, jaholat botqog‘ida yurganlar yaxshilar uchun o‘rnak, ibrat vazifasini o‘tab beryaptimi? O‘zlikka qaytish uchun kattaroq balo, kattaroq dard va ulkan tashvish bo‘lishi shartmi?

Bugun e’tiboringizga ayni savollarga javob izlangan “So‘nggi to‘fon” asaridan e’tiborga molik fikrlarni havola etamiz.

Saralangan satrlar

*  *  *

Qalbida hamiyat tuyg‘usi bo‘lmagan, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan, aqli nafsiga qul kishilar ko‘ngil va odamiylik tushunchalarini anglamaydilar, anglay olmaydilar.

*  *  *

Umri davomida koinot Sohibini eslamagan, insoniyatning abadiy saodatiga chiroq tutgan hadislar bilan ko‘ngli va aqlini bog‘lamagan, “Qo‘shnisi och ekan, to‘q qorin bilan tong ottirganlar bizlardan emas” hikmatiga e’tibor qilmaganlarmi?

Ibrat nigohi bilan qaragan ko‘z, voqealarni yetarlicha tahlil qila olgan bundaylar yuzida ibrat lavhasini ko‘radi va o‘qiydi:

– Haqning g‘azabini istaysanmi?

– Yo‘q.

– Xalqning la’natini-chi?..

– Yo‘q!

– Unday bo‘lsa mendek bo‘lma…

Bu turdagilar insoniyatga faqat bir marta – o‘lganlaridagina foyda keltiradilar.

*  *  *

Umr bo‘yi mol-davlatga bandi bo‘lgan kimsalarga vijdon amri nimani ham tushuntirsin?! Tushuntira olganda edi, odamlar orasida bunday tabaqalanish yuzaga kelmasdi.

*  *  *

Butun koinotni sig‘diruvchi qalb tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalash mumkin emas. Bu tuyg‘ularni o‘lchaydigan asbob, tasvirlaydigan til, yozadigan qalam hali yaratilmagan.

*  *  *

Yaxshilik ko‘rgan kishining holatini ko‘z oldingizga keltirsangiz, u his qilgan mamnuniyat darajasini aytib tugatib bo‘lmaydi. Oradan qirq yil o‘tar, ammo u yaxshilikning xotirasi hamon yorqinligicha qalbda o‘z o‘rnini saqlab qoladi.

Yaxshilikning kattaligidan ko‘ra yaxshilik ko‘rgan kishining holati muhim. Yaxshilik shu jihatdan baholanishi lozim.

*  *  *

Oqar suv o‘tgan joyda ozmi-ko‘pmi iz qoldiradi. Ba’zan jarliklar hosil qiladi. Suv oqimi toshlarni, mustahkam qoyalarni parchalaydi, vaqti kelib qoyalar qumga aylanadi.

Voqealar ham shunday. Faqat ular qalbga ta’sir qiladi. Alamli voqealar, iztirobli hodisalar yurakni parchalab yemiradi, ko‘ngilni kuydiradi. Bu ruhiy holat insonning yuzida aks etadi. Yuz shu jihatdan qalb oynasi vazifasini bajaradi.

Shu bois har bir inson qiyofasi haqiqiy ma’nodagi bir romandir. Faqat bu roman yozuvda, suhbatda ifodalanmaydi. Ko‘z bilan o‘qiladi, qalb bilan his etiladi. Ammo bu hammasi emas.

Shuningdek, biror daraxtga qarab, faqat yashillikni, dengizga qarab, ko‘p suvni ko‘rgan ba’zi kimsalar odamlar yuzida chiziqlardan boshqa narsani ko‘ra olishmaydi.

*  *  *

Mayxonachi mol-dunyo yig‘ish ilinjida insonning eng qimmatli borlig‘i – aqliga tajovuz qilishi birgina ichuvchining hayotiga emas, bir oila, millat, hatto, kelajakka tajovuz ekanini o‘ylab o‘tirmasdi.

Bu yer insoniyat saodati o‘ldirib sotiladigan, oilalarni barbod qiladigan kuchli idora markazidir.

Bu yerga odamlar hushyor, nimani gapirgani va nima qilganini biladigan holda kiradilar. Cho‘ntaklari to‘la pul. Faqat chiqqanlarida haqiqiy ma’noda aqlini yo‘qotishadi. Cho‘ntaklari ham yukini yengillatgan bo‘ladi. Yurolmaydi, oyoqda turolmaydi.

Birozdan so‘ng yegan-ichganini ichiga sig‘dirolmaganlar ko‘cha-ko‘yda itdan battar holga tushadilar.

Nihoyat, uyda bo‘ladigan janjallar, jirkanib tozalangan kiyimlar…

*  *  *

Cho‘l yoki jazirama kunda qum o‘rtasida chanqagan kimsaga beriladigan bir qultum suv bilan chashma bo‘yida o‘tirgan odamga beriladigan bir piyola suv orasida farq yo‘qligini aytish uchun kishi bir tosh yoki qoya parchasi kabi hissiz bo‘lishi kerak.

*  *  *

Go‘dakning ona sutiga, ona quchog‘iga ehtiyoji bo‘lganidek, u ota mehr-muhabbatiga ham muhtojdir.

*  *  *

Tursun: “Sizlarning eng xayrlilaringiz ayollari haqida xayrli bo‘lganlaringizdir”, degan amrni bilmasdi. Oilasining rizqi uchun harakat qilgan, ularning iffat va nomusini himoya etgan kishi Alloh yo‘lida kurashganlar qatori sharafli hisoblanishi haqida mutlaqo o‘ylamasdi.

*  *  *

Suvdan yog‘ chiqarib bo‘lmasligini u yaxshi biladi. Bu ishda qobiliyat va istak bo‘lishi shart. Balki dunyoda hech bir kasb shu ikki narsaga bu qadar bog‘liq emasdir.

*  *  *

Aql bilan ko‘ngil bir yo‘ldan yurmaydi. Aqlning yo‘li boshqa, ko‘ngilniki boshqa… Aqlni xunuk va yoqimsiz deya sanagan Layli o‘z taxtini Majnunning ko‘ngliga quradi. O‘zini unga dunyoda tengsiz deb qabul qildiradi. Ikki ko‘ngil bir bo‘lgach, sahrolarni ma’qul ko‘radi. Aql esa bu yerlarni itlarga ham ravo ko‘rmaydi.

Farhod Shirin uchun tog‘ni yoradi… Buning bari ko‘ngil farmoni emasmi?

Aqldan so‘rasangiz, dunyoda go‘zallar ko‘p, Shirinlar qancha deydi?

Ammo buni Farhodga tushuntirib bo‘lmaydi. Majnunga Laylining xunukligini aytsangiz: “Unga mening ko‘zim bilan qarang!” deydi.

*  *  *

Dunyoning hech bir eshigi bu qadar yoqimsiz bo‘lmasa kerak. Bu so‘zni eshitgan quloqlar orzu qilinmaydigan bir holatga tushadi. Bu so‘zni aytgan yoki eshitgan hech bir kimsa zavqlanmaydi.

Ozodlik bu eshikdan tashqarida qoladi. Ba’zida bu eshikdan tuhmatga qolgan, begunoh, bechora kishilar ham kiradi… Insonlardek yashashni istaganlarning joyi bu yer emasligi birinchi qadamdayoq seziladi.

Orqadan yoqimsiz g‘ijirlash bilan yopilgan eshik boshqa birining ochilishiga ulanadi: Ozodlikning ma’nosi bu yerda yaxshilab tushuntiriladi. Bu shunday hayot eshigi…

Bir gala yoqimsiz aftlar ko‘rinadi. Halol, pokiza hayotni yoqtirmaydigan, jamiyat nizomlarini buzmaguncha rohatlanmaydigan guruhlarni shakllantirgan aftlar…

Bu yerda bir guruh bor: o‘g‘ri, cho‘ntakkesar, qallob, qimorboz, qotil, nomus dushmani, firibgarlar guruhi.

Insonlar tinch-osuda hayot kechirishlari uchun bular eshik ortida bo‘lishlari shart.

*  *  *

Bu boylik degan narsa qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yuradi. Bugun boy bo‘lganning boshqa bir kun faqir holiga tushgani ko‘p kuzatilgan. Allohning shukur etilishga loyiq shunday ne’matlari borki, insonlar ularni hech hisobga olishmaydi. Masalan, sening bir o‘g‘ri, axloqsiz, qimorboz kishining farzandi bo‘lmasliging yoxud shunday bo‘lsa-da, kelajakda yaxshi inson bo‘lishing shunday bir ne’matdirki, bu insonning umri davomida shukur etishi uchun yetadi, hatto ortadi ham…

*  *  *

Bir valiydan so‘rashdi:

– Badbaxt va pastkash kim?

– Allohga eltuvchi yo‘lni bilmagan va bilishga ham ehtiyoj sezmagandir.

*  *  *

Turk millatining farzandi yillar davomida peshona teri bilan topganini musulmon birodarlarining foydalanishi uchun Alloh yo‘lida xarjlagan, masjidlar qurdirgan, ko‘priklar yasatgan, quduqlar qazdirgan, karvonsaroylar bino qildirgandir.

Qurdirgan karvonsaroylarida yuz yillardan so‘ng ulovi bilan qo‘nadigan bir yo‘lovchining ulovi rohatini o‘ylab borlig‘idan marhamat yog‘ilgan bir millatning farzandi o‘g‘rilik qilarmidi?

Yevropani tiz cho‘ktirgan qonuniy Sulton Sulaymon bir safarida otini dushman ekiniga qo‘yib yuborib o‘tlatgani uchun o‘z askarini darhol qatl ettirgandi. Boshqa safar esa, to‘xtagan bog‘laridan uzilgan uzumning bahosini ortig‘i bilan to‘laganligi dunyoga yoyilgandi.

*  *  *

Musulmon kishi din birodariga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, hatto o‘tganlarning kechirilishini o‘ziga bir dard, deya biladi, tirik mo‘minlar haqida ezgu duolar qiladi, yaxshilik istaydi.

*  *  *

Shuni ishonch bilan ayta olamanki, Hazrati Odam Atodan eng so‘nggi o‘lgan kishiga borguncha butun insonlarning qiladigan gunohlarining hammasi Allohning rahmat va mag‘firati qarshisida ummondan bir tomchini ham tashkil etmaydi.

Faqat rahmatga talabgor bo‘lish, Allohga yaqinlashish, gunohlarni kechirish uchun yolvorish lozim.

*  *  *

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar: inson o‘lganda amali kesiladi. Daftarining ostiga chiziladi, faqat uch narsa orqali davomli tarzda savob keladi.

Masjid, ko‘prik, chashma kabi Haq rizoligi uchun qurdirgan narsalari. Insonlar foydalana oladigan ilmlari. Orqasidan duo qila oladigan solih farzandi.

Mana shular sababli inson o‘limidan keyin unga savob yetadi. Vafot etganida savobi oz bo‘lgan kishining shular tufayli savobi ko‘payishi va huzuri Ilohiyda o‘zini qutqarishi mumkin.

Dunyoda yovuzlik va fasod urug‘ini ekkanlarning ahvoli yomon. Ular qoldirgan fasod yo‘lidan yurilgani sari ahvollari battar yomonlasha boshlaydi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.