16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ma’naviyat

U O‘LMAGAN VA ASLO O‘LMAYDI!

XX asr o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, atoqli adib, shoir, olim, davlat va jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Ulug‘ yo‘l”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” kabi romanlari bilan kitobxonlar mehrini qozongan. Uning adabiy merosi 20 jildni tashkil etadi. O‘zbek kitobxoni Pushkinning “Evgeniy Onegin” she’riy romani, Lermontovning “Maskarad”, “Molerning “Tartyuf” dramasi, shuningdek, antik adabiyoti namunalarini Oybek tarjimasida o‘qishga muyassar bo‘lgan.

Oybek 38 yoshida akademik bo‘lgan, ya’ni 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo etib saylangan va 1950-yilgacha akademiyada ijtimoiy fanlar bo‘limi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Uning turmush o‘rtog‘i Zarifa Saidnosirova esa birinchi o‘zbek kimyogar olimasi, birinchi o‘zbek rassom qizi sanaladi. Otasi Saidnosir Mirjalilov jadidlardan bo‘lib, qatag‘on qilingan.

Oybek va Zarifa Saidnosirova qiyin davr va sharoitda yashashgan, ular umrining eng gullagan damlari ocharchilik, 1937-1938-yillar qirg‘ini, Ikkinchi jahon urushi,  50-yillar boshidagi Stalin qatag‘oni bilan yonma-yon, hamnafas kechgan. Shunday bo‘lsa-da, bu ulug‘ insonlar oilaga sadoqat, muhabbat tuyg‘ularini yanada yuksakka ko‘tarishgan, chinakam insoniyligini namoyon etishgan.

Hozir hamma sharoitga ega, egni but, qorni to‘q bo‘lgani holda arzimagan sabablar tufayli ajrashib ketayotgan kaltafahmlar Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobini o‘qib chiqishganida, ehtimol ko‘p oilalarga darz yetmagan, farzandlar tirik yetimga aylanmagan bo‘larmidi…

Saralangan satrlar

*  *  *

Muhammad Nazar – oyimning dadasi. U shahrisabzlik boy oiladan bo‘lgan. Otadan yoshligida yetim qolib, amakisining qo‘lida yashagan. Amakisi esa zolimroq odam bo‘lgani uchun bobom yosh yigitcha paytida Shahrisabzdan bosh olib chiqib ketgan. U Turkiston bozoriga o‘tin keltirib sotuvchi dehqonlarga qarashgan. Keyinchalik 5-10 tanga aqcha jamlab, o‘tinni o‘zi olib sota boshlagan va kichik baqqolga aylangan.

*  *  *

Bobolarimning eng ulug‘i – Saidahmad Turkistonning raisi bo‘lgan. Ko‘zlari ko‘k bo‘lganidan “Ko‘kko‘z rais” deb ataganlar uni. U hamisha qo‘lida darra olib yurar ekan. U bir kuni ko‘chada ikki kishini to‘xtatib, biridan: “Namozgarni o‘qidingmi?” deb so‘ragan. “Taqsir, o‘qidim”, javob bergan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib u kishi.

– Necha rakat?

– Taqsir, o‘n rakat, – javob bergan qo‘rqa-pisa.

Ko‘kko‘z rais darra bilan do‘pposlab ketgan uni.

Sherigi orqada ikki qo‘lini yoyib, olti barmog‘i ila ishorat qilar, kaltak yegan kishi esa: “Ko‘kko‘z rais o‘n rakatga ko‘nmaydiyu olti rakatga ko‘narmidi?” der ekan.

Dadam bu voqeani kula-kula aytib bergan edi.

Odamlar shunday sodda bo‘lgan.

*  *  *

Insonning qisqa umrida unga shu qadar zulm o‘tkazish, o‘z xalqining mustaqil bo‘lishi, ma’rifatli va farovon yashashni orzu qilgani uchun qamash, surgun qilishni kim chiqargan ekan?..

*  *  *

Yog‘ochning yumshog‘ini qurt, odamning yumshog‘ini dard kemirarkan.

*  *  *

Sharifa Oybekning tobi qochib qolgani haqida tashvishli xabar olib keldi. Shunda mening xayolimga Oybekning ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qib yurgan kezlarida kiyim-boshi yaxshi bo‘lmagani, qahraton qish kunlarida ham paypoqsiz, yirtiq botinka kiyib yurgan holatlari keldi. Uning botinka yirtig‘idan chiqib turgan yalang‘och oyoqlarining barmoqlari ko‘zimga ko‘rinib ketdi. Shuning ustiga, yotoqxona oshxonasida ichganlari ham yovg‘on moshxo‘rdadan bo‘lak narsa emas edi. Xullas, o‘sha paytlarda Oybekning zaiflasha boshlagan o‘pkasi Leningradning zax havosida hilvirab, unda sil kasalligi boshlangan edi.

*  *  *

Oybek mutolaani g‘oyat sevardi, kitob ustida zahmat chekish unga bir olam zavq-shavq bag‘ishlar edi. Men buni Leningraddan keltirgan kitoblaridan ham bilardim. Plexanov, Gegel, Kant asarlari kechalari bilan o‘qib chiqilgani uchun shaloqlangan, chizilgan sahifa uchlari esa kemirilgan bo‘lardi. U kitob o‘qiganda, she’r yozganda, xayol og‘ushida bo‘lib, sahifa uchlarini uzib-yirtib, chaynab o‘tirardi. Butun umr shu odatini tark etolmagan.

*  *  *

Tegmaydi yellar go‘zal ko‘klardan,

Ko‘nglim yarali, ko‘nglim yarali…

Oybekning ana shunday og‘ir xastalik paytida yozgan she’rlari keyinchalik tanqidchilarga dastak bo‘lib qoldi. Ular bu she’rlarga yopishib, Oybekni badbin kayfiyat bilan yo‘g‘rilgan she’rlar yozishda aybladilar. Ular fikriga ko‘ra, ona tuprog‘idan, yor-do‘stlaridan uzoqda, musofirlikda yashayotgan, buning ustiga, ham iqtisodiy jihatdan qiynalgan, ham turli og‘ir xastalikka yo‘liqqan shoir faqat sovet hukumatini sharaflovchi she’rlar yozishi, o‘z dardi va alamlarini esa ichiga yutishi lozim edi.

*  *  *

Oybekning o‘zi esa yaxshi kiyinishni aslo o‘ylamaydi. Bu tashvish ham mening ustimda. Men kiyimlik gazlamani topib kelaman, tiktiraman. U goh qunt bilan kiyinadi, goho esa kiyinishni sira o‘ylamaydi. Mehmonga ham, teatrga ham, o‘ziga qolsa, uy kiyimi bilan ketaversa!..

*  *  *

ToshMIdagi tug‘ruqxona ta’mirlana-yotgan edi. Shu sababdan menda to‘lg‘oq boshlanganida, qo‘shnilarimiz Damir Sohibov bilan Majid aka doktorlarga yugurishdi. Bir nemis qizi uy ishlariga qarashib turar edi. U oyimni Arpapoyadagi uydan oshiqich ravishda chaqirib keldi. ToshMI klinikasidan esa doya xotin bilan ikki-uch professor-ginekolog yetib kelishdi. ToshMI dotsenti bo‘lganim sababli menga zo‘r iltifot ko‘rsatdilar.

Og‘riqni ifoda etishdan ojizman. Shu daqiqada “O‘lishga ham roziman”, deb to‘lg‘anar edim. Oybek hovliga qochib ketdi. “Endi hech tug‘masin! Shuning o‘zi yetadi!” deb yig‘labdi u – buni qo‘shnilar keyin kulib-kulib gapirib berishdi.

*  *  *

Abdulla Qodiriyning ko‘rkamgina, shinam bog‘chasi bor edi. Biz Oybek ikkovimiz mayda-chuyda narsalarni xarid qilish uchun bozorga tushganimizda, bir daf’a uning chelak to‘la shaftolini sotgali olib turganini ko‘rdik. U jismoniy mehnat ila ko‘p mashg‘ul bo‘lar, bog‘iga o‘zi qarar, o‘z mehnat kuchi ila yetishtirgan hosilni bozorga eltishi-da unga yarashar edi.

Ko‘rinishdan u xiyla qo‘rs va to‘ng odam edi. Lekin ko‘ngliga yoqqan kishilar bilan xushmuomalada bo‘lar, ularga iltifot ko‘rsatar edi…

*  *  *

Oybek bilan Zulfiya Qarshiga, Sharifalarnikiga jo‘nashdi. U yerda besh-olti kun turib, eski kiyimlarni un-yog‘ga almashtirib kelishdi.

Oybekning “zerikishdan zerikdim juda…”, “Kulfatdir hayotning hamrohi…”, “Past-baland, beo‘xshov xonalar qator…”, “Sochlarining changiga boqma…” kabi she’rlari Qarshida, o‘sha kezlarda yozilgan. Shu keyingi she’ri menga, ayniqsa, yoqadi. Uni hamisha yoddan o‘qib yuraman.

*  *  *

Inson har qanday qiyinchilikni ko‘tarar ekan. Oylar, yillar o‘tsa ham, hayot yaxshilanish o‘rniga tobora og‘irlashib borardi. Ochlikdan o‘zimiz ham, bolalarimiz ham o‘lmasligi uchun nimalarni qilmadik. Oybek ana shunday mushkul bir sharoitda “Navoiy” romanini yozib tugatdi.

*  *  *

Bir kecha, yodimda, Oybek yozib o‘tirardi. Men ham yozibmi, o‘qibmi, o‘tiribman.

– Zarifa, qornim och, juda ochiqdim, – deb qoldi Oybek. Men nima deyishni bilmayman, indamadim, javob qilolmadim. Negaki, uy qup-quruq edi.

– Biror narsang yo‘qmi? – so‘radi Oybek.

O‘rnimdan turib, shkafni axtardim. Hujradagi xurmacha, xaltalarni tekshirdim. Bir hovuch yirik kepak, bir-ikki qoshiq shakar topdim, so‘ng xurmachaning tagini sidira-sidira bir qoshiq yog‘ oldim. Primusda kepakni qovurib, so‘ng unga shakar aralashtirib, dasturxonga tortdim. Bilmadim, bu qanday taom bo‘ldi ekan? Oybek hazratlari nomi menga ham noma’lum bo‘lgan bu taomdan bir-ikki marta qoshiq uchida olgan bo‘ldi. So‘ng “Sen ham yegin”, deb meni qistadi.

– Yo‘q, ochiqmadim. O‘zingiz yeyavering, – dedim unga.

Mening ham qursog‘imda hech narsa yo‘q. Faqat qanoat bor, xolos.

Oybek ozgina yedi. Ozginasini qoldirib, dedi:

– Ertalab bolalarga berarsan.

*  *  *

– Zarifa, – dedi u bir kuni menga xayolchan boqib. – Bir vaqtlar doston yozishdan avval yaxshi chiqarmikan, deya tashvishlanar, romanni eplay olarmanmi, deb uni boshlagani qo‘rqar edim. Mana endi istagan narsamni – she’rmi, dostonmi, romanmi, ilmiy asarmi – barini yoza olaman. Hammasiga qudratim, mahoratim yetadi. Boshimda gala-gala mavzular. Lekin, afsuski, endi vaqtim yo‘q, vaqt yetkaza olmayman.

*  *  *

Bir kuni Oybekka moskovlik bir arman injeneridan xat keldi. U o‘z xatida: “O‘zi Navoiyga o‘xshamagan adib Navoiy haqida bunday romanni yoza olmagan bo‘lardi”, debdi. Bu nihoyat topib aytilgan gap edi.

*  *  *

Oybekning xastaligi xabari bir kunda butun shaharga yoyildi. Do‘stlar juda ko‘p, barchasi qayg‘uradi, ba’zilari shifoxonaga kelib, meni sekin chaqiradi-da, hol-ahvol so‘raydi. Bir guruh dushmanlar esa, albatta, mamnun. Ular hatto “Oybek vafot etdi!” degan xabarni ham tarqatdilar. Hatto uyimizga fotiha o‘qish uchun odamlar ham kela boshladi.

*  *  *

Bir kuni Oybek moskovlik yozuvchilar kiyinib olgunlariga qadar mehmonxonaning shinamgina yo‘lagida ikki-uch daqiqa kutib qolibdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, ular yasanib tushishsa, Oybek yumshoq divanda o‘tirib, pinakka ketgan ekan. Shunda mehmonlar yubiley ziyofatiga tezlik bilan borishlari lozimligiga qaramay, Oybekning uyg‘onishini kutibdilar, Konstantin Simonov:

– Tegmanglar! Oybek charchagan. Bir zumgina dam olsin! – degan ekan shunda.

Nazarimda, aziz boshiga tushgan ming xil azoblardan, tinimsiz ishdan va ijoddan charchagan Oybek hozir o‘lim to‘shagida emas, balki o‘sha yumshoq divanda hordiq olib yotardi.

– Bolalarim, tegmang adangizga! U hordiq olib yotibdi! U o‘lmagan va aslo o‘lmaydi!

B.SAYFIYEV tayyorladi.