Buyuk Britaniya va AQShning yirik shaharlari kalamushlar bosqinidan aziyat chekayapti. Bu haqda BBC manbasi xabar bergan.
Britaniya zararkunandalarga qarshi kurash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi ikki yilda kemiruvchilar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha chaqiruvlar soni 20 foizga ortgan. Qirollik hududida kalamushlarning umumiy soni, turli talqinlarga ko‘ra, 10 million tadan 120 milliontagacha o‘zgarib turadi.
Xuddi shunday muammo Vashington, San-Fransisko va Nyu-York kabi yirik shaharlarida kalamushlar faol ko‘payayotgan AQShda ham kuzatilmoqda. Zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha ekspertlar fastfud iste’moli ortishi, chiqindilarning o‘z vaqtida tashib chiqib ketilmasligi, shuningdek, qurilish ishlari, kanalizatsiya tizimidagi nosozliklarni kemiruvchilar populyatsiyasi o‘sishiga qo‘l kelayotgan omillar sifatida ko‘rsatgan.
Haroratning ko‘tarilishi ham kalamushlar soni ortishida rol o‘ynagani taxmin qilinmoqda. Nyu-York sog‘liqni saqlash departamenti va Richmond universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, oxirgi 17 yilda kemiruvchilar populyatsiyasi Vashingtonda 400 foizga, San-Fransiskoda 300 foizga va Nyu-Yorkda 160 foizga o‘sgan.
Kalamushlar bosqini muammosidan Toronto va Amsterdam aholisi ham aziyat chekayotgani aytiladi.

