Dunyodagi eng keksa amaldagi davlat rahbari hisoblangan 92 yoshli Pol Biyya Kamerun prezidenti lavozimiga yana o‘z nomzodini qo‘yadi. Bu haqdagi xabar uning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida e’lon qilingan.
Qariya amaldor joriy yilning 12-oktabr sanasida bo‘lib o‘tishi belgilangan prezident saylovida nomzod ekanligini ma’lum qilgan. U mamlakat fuqarolariga murojaat etar ekan, ularni o‘zining xalq manfaatlariga xizmat qilish qat’iyatiga shubha qilmaslikka chaqirgan.
Pol Biyya o‘zidan oldingi va ayni paytda Kamerunning birinchi prezidenti sanaluvchi Ahmad Axijo 1982-yilda salomatligi tufayli iste’foga chiqqanidan buyon mamlakatni uzluksiz boshqarib kelmoqda. U umumiy hisobda yetti marta davlat rahbari lavozimiga saylangan.
Ma’lumot uchun, Kamerunda prezident vakolat muddati qayta saylanish imkoniyati cheklanmagan holda yetti yilni tashkil etadi.

