Saralangan satrlar
Qayerda o‘qituvchining maqomi baland bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi. Yaponlar “O‘qituvchiga vazirning maoshi, elchining xavfsizligi va imperatorning hurmati beriladi”, deya bejiz aytishmagan. Ayni iqtibos kunchiqar yurtda ta’lim va ustozlarga bo‘lgan yuksak e’tiborni, ularning jamiyatdagi yuqori mavqeini ifoda etishi bilan ahamiyatlidir. Jamiyatda muallimlar e’zozlanmas, uning sezilarli o‘rni bo‘lmas ekan, o‘sha yerda muammolar bo‘y ko‘rsataveradi.
Oddiy misol. Yuz yil oldin mamlakatimizda ta’lim darajasi qanday bo‘lgan? Bolalarga nima o‘qitilgan va jamiyat bundan qanday naf ko‘rgan? Ayni masalaning badiiy ifodasini Oybekning “Bolalik xotiralarim” qissasida ko‘rish mumkin.
Ta’lim barcha yo‘nalishlardan orqada qolgan, chinakam muallimlari bo‘lmagan jamiyat zulm ostida, xor-u nochor umr kechirishga mahkum edi. Eski maktablarning o‘qitish tizimi bilan bog‘liq lavhalarni o‘qirkansiz, bugungi ta’lim, muallimlarning qadriga ko‘proq yetasiz, qadrlash kerakligini teran anglaysiz.
* * *
Shu paytda mahallada qandaydir ur-sur, janjal, to‘polon boshlanib ketadi. Bunday janjallar bizning mahallada tez-tez bo‘lib turar edi. Bizning tor, tiqilinch xonadonlar bir-biriga siqilgan mahallada har bir oilaning ahvoli, g‘am-g‘ussasi hammamizga ma’lum. Turmush qurg‘ur nihoyatda og‘ir. Har kun deyarli hammaning qozonida yovg‘on xo‘rda, qora sho‘rva, ahyon-ahyonda yarim qadoq go‘sht bilan palov damlansa – uyda to‘y his qilasiz… Hammaning ahvoli tang, ojizlik, g‘ariblik, qashshoqlik har bir xonadon, har bir oilaga og‘ir cho‘kkan…
* * *
Maktabda shovqin zo‘r. Shogirdlarning hammasi birvarakay qichqirib o‘qiganlaridan kuchli chuvvos maktab xonasidan toshib, tashqariga yangraydi. Kattalar baland, ohangli ovoz bilan Qur’ondan, Hofizdan, Fuzuliydan, Navoiydan o‘qiydilar. Men bo‘lsam kichkinalarga ergashib, shavq bilan alifbeni takror-takror o‘qiyman. Uzoq o‘qiyman. Horib holdan ketaman. Tomog‘im qurib, meni ter bosadi.
Goho domlam qator-qator o‘tirgan bolalar orasidan asta yurib, qamchi bilan qars-qars bolalarni urib o‘tadi. Bolalar shunda yana balandroq ovoz bilan baqirib o‘qiydilar. Men qo‘rqqanimdan qaltirab, taxtani yuzimga yanada yaqinroq tutib, berilib o‘qiyman. Nihoyat, charchayman.
* * *
– Borakallo, lekin ozgina bor. Kattalarning oldiga o‘tir, o‘qitib qo‘yadi, – deydi domlam, burnini tortib, qattiq aksirib yuboradi.
Myen mo‘ylovi chiqqan, novcha bir shogird oldiga boraman.
– E-e, senlarning saboqlaringdan o‘ldik-ku!.. – deydi u ensasi qotib. – Yo‘qol, domlam o‘lgur o‘zi o‘qitsin. Pul olishni biladi! – deydi yuzini ters burib.
Men yalinaman:
– Ozgina o‘qita qoling.
– Zerikdim juda, hali o‘qi, hali o‘qit… O‘tir qani, jinday o‘qitaman, – deydi shogird horg‘in tovush bilan.
* * *
– Bolalar, qilichini surgab qish keldi. Havo buzuq, ehtimol qor yog‘ar. Hammanglar bir so‘lkavoydan ko‘mir puli keltiringlar!
Shuv etib, bolalar shivirlasha boshlaydi. Domlam tovushini yumshatib, davom etadi:
– Xo‘sh… Bolalar, chiroqlarim, yana bo‘yra puli olib kelinglar… Tuproq bo‘ldi-ku, bo‘yralar, uyat-ku axir! Bo‘yra puli – uch tanga! Ota-onalaringga aytib, jadallab yig‘ib kelinglar! Muhlat – bir hafta… Qani, o‘qishga! – deydi domlam choponining etaklari bilan tizzasini o‘rab.
Yetim, kambag‘al bolalar “Nima qilamiz endi?” deb shivirlashadi. Dillarimiz g‘ash.
* * *
Domlam bolalarning boshimi, yelkasimi, yuzimi, ko‘zimi pisand qilmay, qamchi bilan bir-ikki daf’a qarsillatib savab o‘tadi. Qamchining zarbidan birovlar piq-piq yig‘laydi, birovlar pinagini buzmay bo‘zrayib qotib turadi, birovlar esa qo‘rqqanidan ikki qo‘li bilan yuz-ko‘zini yashiradi.
Qamchi shartta uziladi.
– Mana, qamchi ham eskiripti, – deydi domlam qamchini chetga uloqtirib. – Ertaga hammang bir tangadan olib kelasanlar. Yangi qamchi olamiz! – jahl aralash baqiradi domlam.
* * *
Saharlab mardikorlar, yalang oyoq, yelkalarida yaraqlatib peshlangan katta ketmonlar, bozorga, ishga chopadilar…
Bizlar paxtalik choponlarni, to‘nlarni, yirtiq-yamoq kalish-kovushlarni otganmiz. Yengil kiyinganmiz, hamisha oyoqlar yalang…
Hamma yoqda bahor! Bahor nash’asi ko‘ngillarga ham kirib olgan… Oyoqlar tosh bog‘langandek, maktab tomon bazo‘r yuradi, lekin maktabdan “Ozod!” deganda, qushday yengil uchamiz.
* * *
G‘azal nihoyat ta’sirli. Ayniqsa, uch-to‘rt bolaning ovozi juda yoqimli, ohangdor. Hammamiz jim tinglaymiz. Men sel bo‘lib, erib ketaman. Fuzuliyning she’rlarini sevaman. She’rlari nafis. O‘zim gul va mahbub haqida go‘zal she’rlarini bilaman. Opam o‘rgatgan. Kichkinalar bilan men ham sekin-sekin kattalarga ergashaman. Muzika yo‘q, childirma, dutor, tanbur yo‘q, ammo she’r bor, qo‘shiq bor! Faqat yosh, tiniq tovush bilan, ohang bilan she’rlarga ko‘ngilga yetib boradigan muzika beramiz, jon beramiz!.. Domlam cholg‘uni sira yoqtirmaydi: “Gunoh, turgan-bitgani gunohi azim. Zinhor-zinhor qo‘lingizga cholg‘u ushlamang!” deb uqtirardi, tanbehlardi.
* * *
Bir lahzagina domlam bizni yolg‘iz qoldirguday bo‘lsa, duv etib, o‘zimizni ko‘chaga uramiz, mahkama oldini, undagi shovqin-to‘polonni tomosha qilamiz. Yo‘rg‘a otlarda, yaraqlagan izvoshlarda kekkayib o‘tgan boy, boyvachchalarga mirshablar ikki bukilib ta’zim qiladilar. Kambag‘allar, mardikorlar, g‘ariblar mirshablarning zug‘umidan, qahridan dir-dir qaltiraydi. Men o‘ylayman: nega mirshablar bunday yomon, badbaxt bo‘lar ekan? Nega mirshablar orasida birortagina faqirga mehribon, rahmdili topilmas ekan?..
* * *
Vaqt, zamon, voqealar buyuk sur’at bilan ketmoqda. Boylar, yer egalari, savdogarlar avvalgidan badtar quturmoqda. Dabdabali, hashamatli to‘ylar, bazmlar, ziyofatlar, ayshu ishratlar tinmaydi. Lekin xalq yupun-yalang‘och, kambag‘allar, yetim-bechoralar bir burda nonga zor. Ulamolar bo‘lsa vaqfdan katta-katta daromad oladi. Muvaqqat hukumat, boylar va yer egalari dehqonlarni, ishchilarni aldaydi. “Urushdan keyin, buyuk g‘alabalarga yetishgandan keyin yer-suv masalasi hal bo‘ladi”, deb yolg‘on va’dalar bilan bularning qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldiradilar.
Ulamolar va jadidlar nizo chiqarib, janjal, ur-sur to‘polon ko‘tardilar. Arabcha, forscha gaplar, haybatli diniy iboralar bilan jar soladilar. Ulamolarning murakkab tiliga xalq tushunmaydi.
* * *
Maktablar masalasi g‘oyat mushkul masala. Eski maktablarimiz g‘oyat faje voqeadir. Ulamo hazratlarning bu yana eng zarur vazifasidir. Toshkent aholisi yangi maktab, eski maktabning ma’nosini tushunmaydi, lekin zamon o‘zgarib, ilm-fan sohasida ko‘p yangiliklar, tilsimotlar mavjud bo‘lmoqda. Avvalo, maktab masalasi boylarning ishidir. Lekin boylarimiz g‘oyat beparvodirlar, ko‘zlari hamyonlaridan boshqa narsani ko‘rmaydi. Bu ularning omiyliklaridan, fikrlari torligidan kelib chiqadi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.

