Shavkat MIRZIYOYEV:
Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.
Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.
9 may – Xotira va qadrlash kuni
80 yil. Bir necha avlod ulg‘aydi. O‘sha mash’um janglarda bevosita qatnashgan, qonli voqealar dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan vatandoshlarimiz soni afsuski juda kam qolmoqda. Lekin Ikkinchi jahon urushi va undan qolgan asoratlarni bartaraf etish davri qiyinchiliklarini boshidan kechirgan, og‘riqlarini his qilgan yurtdoshlarimizning achchiq xotiralari hamon uyg‘oq.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 6,5 million aholiga ega respublikamizdan 1 million 951 mingdan ortiq inson Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilib, shundan 538 ming nafardan ortig‘i jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan, 158 ming nafardan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan faxriylar soni 100 nafarga ham yetmaydi. Ulardan eng ulug‘i 114 yoshni qarshilagan.
Qashqadaryo misolida olsak, 1941-yilda viloyat aholisi soni 479,4 ming kishini tashkil etgan. 1941-1945-yillarda vohamizdan 47 ming 3 kishi (shundan 95 nafari – xotin-qiz) frontga yuborilgan. Jang maydonlarida halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar 24 ming 926 nafar, urushdan qaytib kelganlar 22 ming 77 kishi ekanligi hisob-kitob qilingan.
O‘tgan yili Xotira va qadrlash kuni arafasida qashqadaryolik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan atigi sakkiz nafari hayot edi. alabaning 80 yilligi nishonlanayotgan bugungi kunlargacha esa shahrisabzlik Omon Boboyev, qamashilik Ro‘ziboy Sattorov va kasbilik Xayrullo Shermatovgina yetib keldi. Ular hurmat-izzatda, yaqinlari va jamoatchilik e’zozida umrguzaronlik qilmoqda, janggohlarda ko‘rsatgan yuksak mardlik va qahramonliklari bilan barcha avlodlar uchun namuna va ibrat maktabi vazifasini bajarib kelishmoqda.
Bu yil Omon bobo o‘zining 100-bahorini qarshiladi. Qo‘shaloq bayram munosabati bilan bugun uni yo‘qlab kelayotganlarning keti uzilmaydi. Xonadoni farzandlari, nevarayu chevaralari, qarindoshu qishloqdoshlari, rahbarlaru gul ko‘targan o‘quvchilar bilan gavjum. Salom-alik, tabriklar ortidan boshlangan suhbatlarda xotiralar uyg‘onadi.
– Ming to‘qqiz yuz yigirma beshinchi yilda, adashmasam qovun pishiqchiligi davrida tug‘ilganman, – deydi urush faxriysi. – O‘sha kezlari ahvol og‘ir, odamlar bir burda nonga zor bo‘lgan damlar. Mehnatda o‘tgan o‘smirlik davrim oxirlarida urush boshlandi. Vaqti yetib, armiyaga chaqirildim va nemis fashistlariga qarshi qaqshatqich janglarda ishtirok etdim.
Xoh g‘oliblar safida bo‘ling, xoh mag‘lublar – har qanday urushdan iliq xotiralar qolmaydi. Faqat undan xulosa chiqarish kerak. Omon Boboyevda ham shunday, qalbini yaralagan o‘sha mash’um janglarda qatnashib, tinchlik va omonlik ne’mati qadrini teran anglagan. Hamma vaqt bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukrona aytib, Yaratgandan yurtimiz osmoni musaffo, hayotimiz bundan-da farovon bo‘lishini so‘raydi.
– Otamning urushdan keyingi hayoti dalada mehnat bilan o‘tdi, – deydi Omon boboning qizi Malohat Boboyeva. – Mana, endi atrofdagilar ardog‘ida keksalik gashtini surayapti. Shukur, hassaga suyanib bo‘lsada, hali ham oyoqda yuribdi. Urush faxriylariga ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun, biriktirilgan tibbiyot xodimlari hamisha hollaridan xabardor bo‘lib turishibdi.
Shunday, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash burchimizdir. Prezidentning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni ham ana shuning bir ifodasi.
Hujjatga asosan 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1941-1945-yillardagi mehnat fronti qatnashchilari moddiy rag‘batlantirildi. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga o‘n ming AQSH dollari; Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga yigirma besh million so‘m; 1941-1945-yillar urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga uch million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotlari belgilandi va tantanali tarzda o‘z egalariga topshirildi. Binobarin, ular shunday e’zozga, hurmat-e’tiborga munosib!
Shohista BOZOROVA

