16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Olam

Xodimlarni ish vaqtidan tashqari tadbirlarga jalb etishning oqibati

Xitoyda erkak undan ish vaqtidan tashqari onlayn o‘quvlar va videokonferensiyalarda ishtirok etishni talab qilgani uchun o‘zining sobiq ishxonasiga qarshi da’vo kiritib, sud orqali kompensatsiya undirdi. Bu haqda South China Morning Post manbasi xabar tarqatgan.

Ish hujjatlarida nomi Van deb keltirilgan jabrlanuvchi 2020-yil iyuldan 2023-yil iyungacha Pekindagi kompaniyada muhandis bo‘lib ishlagan. Vazifasidan bo‘shatilganidan so‘ng u arbitraj organiga murojaat qilib, ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha topshiriqlarni bajargani uchun 11 ming dollar to‘lov talab qilgan. Biroq rad javobini olgach, sudga da’vo arizasi kiritgan.  

Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, kompaniya rahbariyati muntazam ravishda xodimlar zimmasiga ish vaqtidan tashqari onlayn o‘quvlar va videokonferensiyalarda ishtirok etish majburiyatini yuklab kelgan. Ularda qatnashmagan ishchilardan 28 dollar miqdorida «ixtiyoriy xayriya» qilish so‘ralgan.

Van o‘z so‘zlarining isboti sifatida sudga skrinshot va hamkasblari bilan yozishmalari nusxasini taqdim etgan. O‘z navbatida, kompaniya tomoni bunday tadbirlarda ishtirok etish majburiy bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Yakunda sud da’vogarning da’vosini qisman qanoatlantirib, ish beruvchidan sobiq xodimi foydasiga kompensatsiya sifatida 2600 dollar undirish qaroriga kelgan.