16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Ilm-fan

Yana 16 nafar talaba Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi stipendiyasiga sazovor bo‘ldi

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonada malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Stipendiya dasturi»ning navbatdagi tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi.

Yoshlar va davr

Jamiyat matbuot xizmatining xabar berishicha, 2025-2026-o‘quv yili uchun tashkil etilgan mazkur tanlov doirasida viloyatimizdagi ikkita oliy ta’lim tashkiloti – Qarshi davlat texnika universiteti va Qarshi davlat universitetida «Elektr energetikasi», «Energetika muhandisligi», «Texnologik mashinalar va jihozlar», «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish», «Yuqori molekulyar birikmalar», «Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi» hamda «Kimyo» yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan to‘rtinchi bosqich va magistratura talabalari orasidan eng munosiblar saralab olindi.

Tafsilotlarga ko‘ra, tanlov ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Birinchi bosqichda talabalarning nazariy bilimlari darajasini aniqlash uchun yozma test sinovlari tashkil etildi, ikkinchi bosqichda esa nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasi baholandi. Ikkala bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 16 nafar talaba «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJning 2025-2026-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan «Stipendiya dasturi» g‘olibi deb topildi. Ayni   paytda sinovlarda faol qatnashgan 26 nafar talaba bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishga bo‘lgan ishtiyoqi uchun dasturning «Faol ishtirokchisi» sifatida e’tirof etildi.

– Bu kabi stipendiya dasturlarining muntazam tashkil etib borilishi, – deyiladi xabarda, – neft-gaz sohasida tahsil olayotgan bilimga chanqoq, istiqbolli va maqsad sari intilayotgan yoshlarga o‘z bilim va salohiyatini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyat yaratib bormoqda.

Qarshi davlat texnika universitetining rasmiy saytida ko‘rsatib o‘tilganidek, tanlov g‘oliblarining 11 nafari va «Faol ishtirok»chilarning 17 nafari ushbu oliygoh talabalaridir.