Hindistonda Nipax virusi bilan zararlanishdan dastlabki o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Mash telegram kanali post qo‘ygan.
Ta’kidlanishicha, hamon kasallikka qarshi vaksina mavjud emas, uning yuqish yo‘llari ko‘p jihatdan koronavirusga o‘xshaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Nipax virusi infeksiyasidan o‘lim darajasi epidemiologik nazorat samaradorligi va tibbiy xizmat sifati ko‘rsatkichlariga bog‘liq holda 40 foizdan 75 foizgacha yetishi mumkin.
Virus odamlarga asosan qo‘lqanotlilar oilasiga mansub ko‘rshapalaklar, shuningdek, cho‘chqalardan yuqadi. U zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari va bevosita kontakt orqali ham odamdan odamga o‘tishi mumkin. Nipaxdan maxsus davolanish usullari ayni vaqtda ishlab chiqilmagan.
Qator hind nashrlarining yozishicha, Kalkuttada kasallik tasdiqlangan bemorlardan biri og‘ir behushlik holati (koma)ga tushib, vafot etgan. Shaharda karantin joriy etilib, yuzlab kishilar nazoratga olingan.

