Ta’limdagi o‘zgarishlar
Bugun dunyoda universitetlar o‘rtasidagi raqobat endi baland binolar, katta auditoriyalar yoki talabalar soni bilan o‘lchanmayapti. Asosiy mezon o‘zgardi: universitet qanchalik yangi bilim yaratayapti, bu bilim ishlab chiqarish va iqtisodiyotga qay darajada xizmat qilyapti, bitiruvchisi mehnat bozorida qanchalik raqobatbardosh va, eng muhimi, u jamiyatga qanday naf keltira oladi?
Zero, zamonaviy universitetning vazifasi insonni kasbga tayyorlashi, kasbni esa kelajak ehtiyojlari bilan bog‘lashi kerak. Bugungi kun muhandisi yangi texnologiyalarni tushunishi, sun’iy intellektdan foydalanishi, jamoa bilan ishlay olishi, xorijiy tillarni bilishi, muammoga yechim topishi va bilimini amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Ayni damda ana shu tamoyillar asosida faoliyat yuritayotgan Qarshi davlat texnika universiteti mamlakatimizda oliy ta’lim tizimidagi yangilanishlarning amaldagi ifodasidir.
Viloyatda energetika, neft-gaz, kimyo sanoati, qurilish, transport, irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari kabi sohalarda muhandis kadrlarga katta ehtiyoj mavjud. Ya’ni, korxonalarga zamonaviy texnologiyalarni biladigan, ishlab chiqarish jarayonini tushunadigan, raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan, amaliy ko‘nikmaga ega muhandis kerak. Shu bois yangi kadrlar zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar asosida tayyorlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, universitet Qashqadaryoning bugungi va ertangi taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan inson kapitali, texnologiya va innovatsiyalarni birlashtiruvchi yangi ta’lim maskani sifatida maydonga chiqdi.
Laboratoriyadan ishlab chiqarishga
Zamonaviy universitetning eng katta boyligi – ilmiy salohiyati. Chunki yangi g‘oya bo‘lmasa – innovatsiya bo‘lmaydi, innovatsiya bo‘lmasa – iqtisodiy o‘sishni ta’minlash qiyin. Universitetda bugun ilm-fanga aynan shunday yondashuv shakllanmoqda. Auditoriyalarda faqat dars o‘tilmayapti. Bu yerda ertangi energetika tizimi muhokama qilinmoqda, sun’iy intellektning yangi algoritmlari yaratilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Karbon chiqindilarini kamaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, neft-gazni chuqur qayta ishlash masalalari yosh olimlarning ilmiy izlanishlariga aylangan.
Universitetda faoliyat yuritayotgan 810 nafar professor-o‘qituvchining asosiy qismi ilmiy darajaga ega. Chunki universitetning haqiqiy qudrati uning olimlari salohiyatida namoyon bo‘ladi. Qolaversa, bugun universitetda 274 nafar yosh olim – tayanch doktorant, doktorant va mustaqil izlanuvchi ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Bu raqamning o‘ziyoq kelajakdagi ilmiy maktabning poydevori bugundan yaratilayotganini ko‘rsatadi.
– Ilmning qiymati uning natijasi iqtisodiyotga qanchalik kirib borayotgani bilan ham o‘lchanadi, – deydi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘ulom Uzoqov. – Shu ma’noda universitetda amalga oshirilayotgan 8 ta davlat granti loyihasi muhim ahamiyatga ega. Qariyb 10 milliard so‘mlik ushbu loyihalar geotermal energiya, sun’iy intellekt, energiya tejovchi texnologiyalar, karbonat angidridni qayta ishlash, biogaz qurilmalari kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Ko‘nikma – diplomdan muhim
Mehnat bozorida bitiruvchiga beriladigan eng oddiy savol bor: «Sen nima qila olasan?» Bu savolga diplomning o‘zi javob bermaydi. Javob – amaliy ko‘nikmada. Shuning uchun dunyoda ta’lim dasturlariga bo‘lgan yondashuv o‘zgarmoqda. Bugun universitetlar nafaqat mavjud kasblarga, balki ertaga talab paydo bo‘ladigan mutaxassisliklar uchun ham kadr tayyorlashga harakat qilmoqda.
Qarshi davlat texnika universitetida ham ta’lim dasturlari ish beruvchilar, yirik sanoat korxonalari va xorijiy universitetlar tajribasi asosida qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 14 ta ta’lim dasturi akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Universitetning 3 ta magistratura va 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi Germaniyaning ASIIN kompaniyasi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ham ta’lim sifatini xalqaro mezonlarga yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
– Zamonaviy oliy ta’lim bitiruvchini faqat ish qidiradigan mutaxassis sifatida emas, yangi ish o‘rinlari yarata oladigan tashabbuskor sifatida ham tarbiyalashi kerak, – deydi universitet «Karyera markazi» rahbari Shavkat Suyunov. – «Kelajakka qadam» dasturi – ana shu yondashuvning amaliy ifodasi, deb bilaman. Bir yil avval dasturdan 84 nafar talaba foydalangan bo‘lsa, yakunlangan o‘quv yilida ularning soni 254 nafarga yetdi. Kreditlar hajmi 4,5 milliard so‘mdan 6,8 milliard so‘mgacha oshdi. 338 talabaning biznes loyihasi uchun 11 milliard 428 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Bu raqamlar ortida bir maqsad mujassam: mutaxassis yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirish.
Zavod ham auditoriya
Muhandisni faqat auditoriyada tayyorlab bo‘lmaydi. Chunki uning haqiqiy imtihoni zavodda, laboratoriyada, korxonada, ishlab chiqarish jarayonida bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan dual ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilishi alohida ahamiyatga ega.
– Universitetda 20 dan ortiq yirik sanoat korxonasi bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimi tashkil etildi, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zafar Chorshanbiyev. – Bu borada «TAT COLA», «Indorama Agro», «Uzbekistan GTL», «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MCHJ, Dehqonobod kaliy zavodi, «O‘zbektelekom» singari korxonalar bilan hamkorlik ijobiy samara bermoqda.
Bu tizimning afzalligi shundaki, talaba ishlab chiqarishni kitobdan emas, korxonaning o‘zida o‘rganadi. Muhandislikni chizmada emas, haqiqiy uskuna oldida o‘zlashtiradi. Yana bir e’tiborli jihat – talabalarning mehnati qadrlanayotgani. Ma’lum muddat «Indorama agro»da amaliyot o‘tagan 30 nafar talabaning har biri 3 million so‘mdan ortiq maosh oldi.
Dunyo bilan hamnafas
Xalqaro hamkorlikning qiymati imzolangan memorandumlar soni bilan emas, ularning natijasi bilan belgilanadi. 2025-yil yakuniga qadar 20 ga yaqin xorijiy universitet bilan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 25 taga yetdi. Bu aloqalar talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, akademik mobillik va ilmiy anjumanlar orqali amaliy mazmun kasb etmoqda.
Joriy yilning dastlabki olti oyida Polsha, Vengriya, Belarus, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Malayziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 68 nafardan ortiq professor va mutaxassis universitetda dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Shuningdek, 93 nafar professor-o‘qituvchi va rahbar xodim xorijiy davlatlarda malaka oshirdi.
– Har qanday universitet uchun xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash faqat nufuz masalasi emas, – deydi xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Ibrat Ismoilov. – Bu – ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va boshqaruv tizimining tashqi bahosi. Shu nuqtai nazardan, Qarshi davlat texnika universiteti joriy yilda xalqaro «Times Higher Education» (THE) Impact Rankings reytingida, ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) bo‘yicha 11 ta yo‘nalishda ijobiy natijalarga erishdi. Ayniqsa, Zero Hunger (ochlikka barham berish) bo‘yicha 401-600, Affordable and Clean Energy (arzon va toza energiya), Industry, Innovation and Infrastructure (sanoat, innovatsiya va infratuzilma) yo‘nalishlarida 601-800 hamda No Poverty (qashshoqlikka barham berish)da 801-1000- o‘rinlarda qayd etildi.
2025/2026-o‘quv yilida 11 nafar talaba Erasmus+ KA171, Slovakiya milliy stipendiya dasturi hamda Janubiy Koreya va Xitoy grantlari orqali xorijda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, Erasmus+ HEMUA loyihasi doirasida 32 ming AQSH dollaridan ortiq grant mablag‘lari jalb qilindi. Germaniyaning «Prosica» kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan 100 ming dollarlik zamonaviy Smart panellar universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
«Work and Travel» dasturi orqali 105 nafar talaba Bolgariyada ishlab, xalqaro mehnat muhiti bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bularning barchasi bitiruvchining faqat diplomli emas, tajribali va raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Ma’naviyat – ixtirolar poydevori
Texnika universiteti deganda ko‘z oldimizga laboratoriyalar, chizmalar, formulalar va murakkab hisob-kitoblar kelishi tabiiy. Ammo texnologiyani inson yaratadi. Inson esa faqat bilim bilan emas, dunyoqarash, ma’naviyat, madaniyat va mas’uliyat bilan kamol topadi. Shu bois universitetda kasbiy ta’lim bilan bir qatorda talabalarning ma’naviy-ijodiy salohiyatini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
– Kitobxonlik tanlovlari yoshlarning tafakkur qilish ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi, – deydi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Abror Murtazayev. – Chunki yaxshi muhandis fikrlay olishi, muammoni turli nuqtai nazardan ko‘ra bilishi va eng maqbul yechimni topishi kerak. «Bir oyda bir kitob», «Asardan iqtibos» kabi tashabbuslar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniyat va sportdagi natijalar ham bu jarayonning bir qismi. Universitetning «Nihol» teatr jamoasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni egallagan. 2025/2026-o‘quv yilida talabalar turli sport musobaqalarida 400 million so‘mdan ortiq mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Davr shiddat bilan o‘zgarmoqda. Kecha talab kuchaygan kasb bugun e’tiborsiz qolishi, bugungi texnologiya ertaga yangisi bilan almashishi mumkin. Ammo bir narsa o‘zgarmaydi: bilimga tayangan, tafakkuri keng va amaliy ko‘nikmaga ega inson har qanday davrda o‘z o‘rnini topa oladi.
Shu ma’noda Qarshi davlat texnika universitetining bugungi vazifasi faqat muhandis tayyorlash bilan cheklanmaydi. U ilmni amaliyot bilan, ta’limni ishlab chiqarish bilan, yoshlarni esa kelajak bilan bog‘laydigan yangi muhitni shakllantirmoqda.
Абдураззоқ МУРОДОВ

