Ispaniyaning Grupo Enhol kompaniyasi bosh direktori Roberto Sabals ushbu mamlakatdagi O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov bilan bo‘lgan uchrashuvda Qashqadaryo, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi nasos stansiyalarini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha yangi loyihalarni taqdimot qildi hamda ularni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda.
Qashqadaryo va dunyo
Bu haqda xabar bergan «Daryo» axborot agentligining yozishicha, taqdim qilingan loyihalar nasos stansiyalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining kamida 50 foizini qoplay oladi.
Uchrashuv davomida Ispaniya tomoni mamlakatimizning shamol va quyosh energetikasi sohasidagi yuksak salohiyatini qayd etib, iqlim sharoiti va hukumatning qulay sarmoyaviy muhit yaratish borasidagi sa’y-harakatlari O‘zbekistonni uzoq muddatli hamkorlik uchun jozibador sherik mamlakatga aylantirayotganini alohida ta’kidlagan.
O‘z navbatida, elchi kompaniya vakillariga mamlakatimizning «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha strategiyasi va energetika sohasiga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Muzokaralar chog‘ida Grupo Enhol kompaniyasi ishtirokida Qoraqalpog‘istonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini bunyod etish investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilingan.
Roberto Sabals kompaniya O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, Grupo Enhol kompaniyasi bilan hamkorlik O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish, Ispaniyaning ushbu sohadagi ilg‘or texnologiyalarini mamlakatimizda joriy etishni jadallashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishishga katta hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, ushbu subyekt qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida o‘zining keng turdagi xizmatlarini taklif etadi, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni ishlab chiqadi, quradi va ularga xizmat ko‘rsatadi.
O‘z muxbirimiz

