Kobalt oktabr oyida narxi eng ko‘p ko‘tarilgan tovar bo‘ldi. ICE Futures qit’alararo birjasi, Chikago va Nyu-York birjalarini birlashtirgan CME Group va Shanxay metallar birjasi ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda.
Po‘lat ishlab chiqarishda foydalaniladigan ushbu kimyoviy element bahosi o‘tgan oyda 28,5 foizga qimmatlagan. Shuningdek, palladiy (+15,8 foiz) va litiy (+9,5 foiz) ham narxi sezilarli darajada oshgan metallar ro‘yxatiga kirgan.
AQShda energiya tovarlari o‘rtasida gaz (+19,4 foiz), dizel yonilg‘isi (+7,6 foiz) va mazut yoqilg‘isi (+6,9 foiz) bahosining o‘sishi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasida soya (+8,2 foiz), robusta (+7,3 foiz) va arabika (+3,8 foiz) navli kofe eng ko‘p qimmatlagan tovarlarga aylangan.
Apelsin sharbati oktabrda qiymati eng ko‘p (-23,3 foiz) pasaygan mahsulot bo‘lgan.

