16.11.2026
Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasi 22-uy
Jarayon

Xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar bo‘yida “Service area” va “Service point” majmualari barpo etiladi

Tez orada viloyatimizda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida xalqaro standartlarga javob beradigan 10 ta zamonaviy servis obyekti – «Service area» va «Service point» majmualari tashkil etiladi.

Infratuzilma

Bu boradagi maqsadli ko‘rsatkichlar mamlakat Prezidentining joriy yil 27-yanvardagi qarori bilan tasdiqlanib, ularga asosan vohamizda barpo etilajak bunday obyektlarning 8 tasi master-reja asosida auksion savdolariga chiqariladigan yer   uchastkalarida quriladi, yana 2 tasi esa qurib bitkazilgan holda tayyor biznes shaklida kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.

Yo‘lbo‘yi infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish hududlarini aniqlash va yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish bilan bog‘liq chora-tadbirlar 2025-yil davomida amalga oshiriladi. Buning uchun Davlat mulkini boshqarish agentligi, viloyat hokimliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ul hisoblanadi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mutaxassislarining tushuntirishicha,  «Service point» (inglizchadan tarjimasi – xizmat ko‘rsatish nuqtasi) obyekti odatda avtomobillarga yoqilg‘i quyish hamda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, do‘konlar, texnik servis punktlari va sanitariya-gigiyena shoxobchalaridan iborat bo‘ladi. «Service area» (xizmat ko‘rsatish hududi) majmuasi esa «Service point» obyektlari hamda TIR-park (xalqaro tashishlarda foydalaniladigan transport vositalari avtoturargohi), motellar, avtomobillarni yuvish shoxobchalari va Wi-Fi nuqtalarini o‘z ichiga oladi.

Qarorning tegishli ilovasida qayd etilganidek, viloyatimizda xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar uzunligi 425 kilometr, davlat ahamiyatidagi yo‘llar uzunligi esa 902 kilometrni tashkil etadi.

O‘z muxbirimiz