Tez orada viloyatimizda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida xalqaro standartlarga javob beradigan 10 ta zamonaviy servis obyekti – «Service area» va «Service point» majmualari tashkil etiladi.
Infratuzilma
Bu boradagi maqsadli ko‘rsatkichlar mamlakat Prezidentining joriy yil 27-yanvardagi qarori bilan tasdiqlanib, ularga asosan vohamizda barpo etilajak bunday obyektlarning 8 tasi master-reja asosida auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarida quriladi, yana 2 tasi esa qurib bitkazilgan holda tayyor biznes shaklida kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.
Yo‘lbo‘yi infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish hududlarini aniqlash va yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish bilan bog‘liq chora-tadbirlar 2025-yil davomida amalga oshiriladi. Buning uchun Davlat mulkini boshqarish agentligi, viloyat hokimliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ul hisoblanadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mutaxassislarining tushuntirishicha, «Service point» (inglizchadan tarjimasi – xizmat ko‘rsatish nuqtasi) obyekti odatda avtomobillarga yoqilg‘i quyish hamda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, do‘konlar, texnik servis punktlari va sanitariya-gigiyena shoxobchalaridan iborat bo‘ladi. «Service area» (xizmat ko‘rsatish hududi) majmuasi esa «Service point» obyektlari hamda TIR-park (xalqaro tashishlarda foydalaniladigan transport vositalari avtoturargohi), motellar, avtomobillarni yuvish shoxobchalari va Wi-Fi nuqtalarini o‘z ichiga oladi.
Qarorning tegishli ilovasida qayd etilganidek, viloyatimizda xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar uzunligi 425 kilometr, davlat ahamiyatidagi yo‘llar uzunligi esa 902 kilometrni tashkil etadi.
O‘z muxbirimiz
