1925 yil 22 mayda Qarshida “Qashqadaryo” nomi bilan viloyat gazetasi chop etilgan. Unga viloyat partiya qo‘mitasi tashviqot bo‘limining mudiri, shoir va adabiyotshunos Abdulla Rahmonov (Gulshaniy) muharrirlik qilgan.
“Новости Кашкадарьи” gazetasi “Кашкадарьинская правда” nomi bilan 1943 yil 18 iyundan chiqa boshlagan.
1938 yil aprelida Qashqadaryo Buxoro viloyati tarkibiga kiritiladi. Xuddi shu yil iyun oyidan boshlab «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi O‘zbekiston Kompartiyasi Qarshi shahar qo‘mitasi, Qarshi shahar va tuman kengashlari organi sifatida chiqa boshlaydi. 1943 yilga kelib Qashqadaryo yana alohida viloyat bo‘lgach, xuddi shu yil aprel-may oylarida O‘zbekiston Kompartiyasi Qashqadaryo viloyat tashkilot byurosi va O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosati viloyat qo‘mitasi organi sifatida ikki betlik “Большевик” gazetasi nashr etiladi. 1943 yil iyun oyidan esa gazeta yana «Qashqadaryo haqiqati» nomi bilan O‘zbekiston Kompartiyasi viloyat qo‘mitasi va viloyat kengashi organi sifatida nashr etila boshlaydi.
1960 yil fevralida Qashqadaryo viloyati tugatilib, Surxondaryo viloyati tarkibiga qo‘shib yuborildi. Shundan so‘ng «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi ham o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 1964 yilda viloyat qayta tashkil etilgach, «Qashqadaryo haqiqati» yana nashr etila boshlandi.
1996 yil martda Qashqadaryo viloyati hokimining qaroriga asosan viloyat hokimligi muassisligida chop etilayotgan “Qashqadaryo haqiqati” va “Кашкадарьинская правда” gazetalari tahririyatlari negizida yagona “Qashqadaryo” va “Кашкадарья” gazetalari tahririyati tashkil etildi.
Viloyat hokimining 2004 yil 25 oktyabrdagi qaroriga asosan “Qashqadaryo” va “Кашкадарья” gazetalari yagona tahririyati faoliyati tugatilib, alohida-alohida “Qashqadaryo” va “Novosti Kashkadari” gazetalari tahririyatlari tashkil etildi.
Viloyat hokimining 2012 yil 24 oktyabrdagi X-324/10-sonli qaroriga asosan tugatilgan “Qashqadaryo” va “Novosti Kashkadari” gazetalari tahririyatlari negizida yagona tahririyat sifatida “Qashqadaryo” va “Новости Кашкадарьи” gazetalari tahririyati 2013 yil fevraldan o‘z faoliyatini boshlagan.
Bugungi kunda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi va viloyat hokimligi muassisligidagi “Qashqadaryo” va “Новости Кашкадарьи” gazetalari tahririyatida 30 ga yaqin ijodiy va texnik xodim mehnat qilmoqda. Tahririyat jurnalistlari “Oltin qalam”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Eʼtirof”, “Jamiyat va men”, “Inson huquqlari – jurnalist nigohida”, “Ekojurnalistika”, “Atirgul” singari qator nufuzli ijodiy ko‘rik-tanlovlarning mamlakat bosqichida faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin egallagan.