An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–apreldan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan
O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida:
davlat organlari va tashkilotlari (harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bundan mustasno) tomonidan budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda budjet parametrlari doirasida zarur mablag‘larni kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga yo‘naltiriladi.
* * *
Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida:
himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi («SOS» chaqiruv) «my.ihma.uz» mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.
* * *
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida budjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromad oladigan fuqarolar, shuningdek, joriy yilda oxirgi bir yillik, 2027 yilda oxirgi ikki yillik va 2028 yildan boshlab oxirgi uch yillik davr ichida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ajratiladi.
* * *
Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlari uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining (ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar bundan mustasno) bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda quyidagi qo‘shimcha imtiyoz va shartlar amal qiladi:
ijara to‘lovlari 30 yil muddat davomida undirilmaydi va ushbu muddat tugagandan so‘ng mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti davlat balansiga topshiriladi;
har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.
Ushbu tuman (shahar)lardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlaridan boshqa joylarda quvvati 150 o‘rindan kam bo‘lmagan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlariga 7 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 5 milliard so‘mgacha kredit mablag‘lari maktabgacha ta’lim tashkilotini 18 oygacha bo‘lgan muddat ichida qurish sharti bilan beriladi.
* * *
Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:
budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan – uchta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda o‘n besh foiz; ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda o‘n ikki foiz; bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda sakkiz foiz miqdorida narx preferensiyasi beriladi.
* * *
Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar; elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar (bundan bank kassalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar mustasno); alkogol va tamaki mahsulotlari; transport vositalariga yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transport vositalarini zaryadlash bo‘yicha xizmatlar; qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar (bundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mustasno); ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
* * *
Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
yuridik shaxslarga nisbatan daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish, suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzish; daraxtlar va butalarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, yo‘q qilish va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaslik; ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarib tashlash yoki atmosfera havosidan belgilangan talablarni buzgan holda foydalanish; qurilish maydonlarida, yoqilg‘i, moddalar, material va chiqindilarni yoqishda, chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik holatlari uchun moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq
Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (bitta oilaning bir nafar a’zosiga faqat bir marta) 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi;
ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
* * *
Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi;
qo‘shilgan qiymat solig‘ini chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi;
chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda minimal xarid qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘ini inobatga olgan holda uch yuz ming so‘m etib belgilanadi;
«tax free» tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.
* * *
Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
«Raqamli startaplar» dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Startap ekotizimining yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startap ekotizimi ishtirokchilariga mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli sohalarga oid startap loyihalar bo‘yicha quyidagi xarajatlar qoplab beriladi: tegishli yo‘nalishlardagi o‘quv kurslarida o‘qish va sertifikat olish hamda nufuzli akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan yoshlar startap loyihalari bo‘yicha: startap studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun yiliga 20 tagacha loyihaga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz qarz (ssuda);
mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan va umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan grant ajratiladi.
* * *
Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va davlat budjetidan subsidiya ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi va foydalanilgan har ming kub metr suv uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashga asos bo‘ladi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.
* * *
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida:
davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
* * *
Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:
ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuborilib, ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va ma’lumotlar bazalarida yangilanadi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan
Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
o‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.
* * *
Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi;
jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda (ishonchnoma, sug‘urta polisi, yo‘l varaqasi) foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.