Qashqadaryo gazetasi Jamiyat 1 AVGUSTDAN AMALDA
Jamiyat

1 AVGUSTDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025–yil 1–avgustdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining proaktiv siyosat yuritishini ta’minlash uchun quyidagilar amalga kiritiladi:

vazirlik va idoralarning o‘zlariga tegishli sohani tartibga solish vakolati doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qayta ishlash (tahrirlash) imkoniyatini yaratish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan idoraviy hujjatlarni avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish amaliyotini joriy etish;

idoraviy hujjatlarni, shu jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, fitosanitariya talablari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya hamda veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini (texnik hujjatlar) xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida ularga huquqiy normalarni kiritishga ruxsat etish.

*  *  *

Davlat xizmati lavozimlarini egallash bo‘yicha tanlov o‘tkazishda quyidagilar belgilanadi:

respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning  boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o‘tkaziladi;

qonunchilikda lavozimga tayinlashda tegishli organlar bilan kelishilishi lozim bo‘lgan lavozimlar bo‘yicha kelishuv ushbu organlarning vakillarini tanlov komissiyasi tarkibiga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi;

test sinovlari Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkaziladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga quyidagi huquqlar beriladi:

tanlovning suhbat bosqichiga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar yoki davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillaridan ekspertlarni jalb qilish;

tanlov yakunlariga ta’sir ko‘rsatgan va bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tegishli davlat organiga tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish.

Davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.

*  *  *

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi;

mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 271 000 so‘m;

bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘m etib belgilanadi.

*  *  *

 «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralashning elektron tizimi joriy etiladi.

*  *  *

O‘zbekiston Respublikasining AQSH (Vashington shahri) hamda Buyuk Britaniyadagi (London shahri) diplomatik vakolatxonalari boshqaruv tuzilmasidagi mavjud shtat birliklari doirasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul hisoblanadigan birinchi kotib shtat birligi joriy etiladi.

*  *  *

Oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi.

*  *  *

Pishgan g‘isht ishlab chiqarishdan muqobil texnologiyalardan keng foydalanishga o‘tish maqsadida devorbop materiallardan (penoblok, gazoblok) keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga «Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik beriladi.

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga o‘tishdagi harakatlarini rag‘batlantirish maqsadida quyidagi tartib joriy etiladi:

birinchi bosqichda – atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini o‘rnatgan korxonalarga:

tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;

tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini ikki yil davomida qaytarish;

ikkinchi bosqichda – monitoring stansiyalarini o‘rnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini o‘rnatganda, tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismini ikki yil davomida qaytarish.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

2027-yil 31-dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik subyektlariga:

havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi;

qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

*  *  *

Mahalliy mebel texnologlari uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi nufuzli tashkilotlarning sohaga tegishli bo‘lgan malaka sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

*  *  *

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari:

yuridik shaxslarning o‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilish;

o‘lchami besh yuz kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;

yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash holatlari aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng yigirma to‘rt soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etish tartibida amalga oshiradi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat budjetidan qoplab berish (kompensatsiya ajratish) tartibi joriy qilinadi. Bunda: kompensatsiya bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining  40 foizi miqdorida ajratiladi;

kompensatsiya haqiqatda qatnayotgan ayrim toifadagi oilalar farzandlari sonidan kelib chiqib, biroq Maktabgacha va maktab vazirligi bilan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuzilgan bitimda belgilangan o‘rinlarning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismiga ajratiladi;

kompensatsiya oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining hisobvarag‘iga ularga ajratiladigan subsidiyalar bilan birga to‘lab boriladi.

*  *  *

Portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qo‘llagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek, portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya berishda:

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish tartibi joriy etiladi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Exit mobile version