Qashqadaryo gazetasi Jamiyat 1 FEVRALDAN AMALDA
Jamiyat

1 FEVRALDAN AMALDA

Odatdagidek, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-fevraldan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi

Prezidentning «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan:

og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida «Onalar maskani» xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, farmonda belgilanganidek:

ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy holati va turmush sharoitlari «Inson» markazlari tomonidan kompleks baholanadi hamda baholash natijalari asosida ularning ijtimoiy maqomi belgilanadi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalarning ijtimoiy maqomi va muqobil joylashtirish shakli belgilanguniga qadar ularni olti oygacha bo‘lgan muddatga oilaviy bolalar uyiga qisqa muddatli joylashtirish tartibi joriy etiladi;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, bolalarni hamda ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri bo‘yicha olish istagini bildirgan shaxslarni hisobga olish «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida amalga oshiriladi;

oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi hamda 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi.

Eksportchi IT-park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi

Davlat rahbarining «Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan:

2030-yil 1-yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti to‘lanadigan) ko‘rsatgan, O‘zbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda solig‘idan ozod etiladi;

2040-yil 1-yanvarga qadar jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan IT-park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) – O‘zbekiston Respublikasi  norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda foyda solig‘ining  5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.

Manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi

Ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Bu haqda Prezidentning «2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida so‘z borgan. 

Bundan tashqari, qaror bilan o‘rnatilgan tartibga muvofiq:

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati uch oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

Malaka sertifikatiga ega trenerlarga adaptiv sport turlari bo‘yicha qo‘shimcha guruhlar tashkil etishga ruxsat beriladi

Prezidentning «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilganidek:

Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida paralimpiya, karlar, ko‘zi ojizlar hamda maxsus olimpiya va nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi va kurs yakuni bo‘yicha 4 yil muddatga amal qiladigan malaka sertifikati beriladi;

davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablarida tegishli moliya yili uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida malaka sertifikatiga ega trenerlarga adaptiv sport turlari bo‘yicha qo‘shimcha guruhlar tashkil etishga hamda nogironligi bo‘lgan bolalar, o‘smirlar va yoshlarni qabul qilishga ruxsat etiladi;

sport maktablarida adaptiv sport turlari bo‘yicha guruhlarni tashkil qilgan trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz miqdorda ustama hisoblanadi.

Ijtimoiy karta masalalari bo‘yicha «Ishonch telefoni» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda «ijtimoiy karta» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra:

ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot-ma’lumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi «1070» qisqa raqamli va tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmati («Ishonch telefoni») faoliyati test rejimida yo‘lga qo‘yiladi;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha «Ishonch telefoni» orqali bepul SMS-xabarnoma yuborish tartibi joriy etiladi;

belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq miqdori bazaviy hisoblash miqdorining  o‘ttiz foizidan oshmaydigan reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar ushbu vositalarga muhtojlik belgilangan shaxslarning ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi.

Yangi loyihalashtiriladigan obyektlarda quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish ko‘zda tutiladi

Hukumatning «Respublikada 2024-2025-yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida:

yangi loyihalashtiriladigan davlat organlari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obyektlarida avtoturargohlarning kamida 5 foizi (lekin, bitta joydan kam bo‘lmagan holda) elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun ajratiladi;

aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini, yuqori va past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturlarini ishlab chiqishda stansiyalar hamda ularning yagona elektr energetikasi tizimiga yuklamasi inobatga olinadi;

yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida eng yuqori quvvati 22 kVt bo‘lgan stansiyalar o‘rnatiladi.

Shuningdek, joriy yil 1 fevraldan boshlab:

Prezidentning «Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga binoan, boshlang‘ich narxi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravarigacha bo‘lgan davlat aktivlarini, yer uchastkalarini (shu jumladan, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini va ko‘chma savdo joylarini) hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning mulklarini sotish va ijaraga berish bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolari jarayonida ishtirokchilar tomonidan uchinchi qadamdan boshlab shaxsiy hisobvarag‘ida kamida ularning narx taklifiga nisbatan amaldagi zakalat miqdoridagi summaga ega bo‘lish tartibi kiritiladi.

*  *  *

Vazirlar Mahkamasining «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish shakllari bo‘yicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq:

ichki ishlar organlari, sog‘liqni saqlash organlari, notariuslar, sud organlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari hamda ta’lim muassasalari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga taqdim etadi; tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar masalalari bo‘yicha vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiyalar faoliyati tugatiladi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Exit mobile version