Qashqadaryo gazetasi Jamiyat 1 IYULDAN AMALDA
Jamiyat

1 IYULDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–iyuldan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada  davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash «bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari» tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi;

yangi obyektlar bo‘yicha loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda amalga oshirish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi hamda tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

*  *  *

Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinadi;

har yili 1000 nafar uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakillariga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun alohida imtiyozlar asosida ipoteka kreditlari ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida: har yili 1 ming nafargacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lmagan, biroq o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish xarajatlarini;

har yili 2 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga sug‘urta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini;

har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish xarajatlarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri va viloyatlar markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbiri tashkil etilgan va bir tadbir doirasida 1000 tadan ortiq bilet sotilgan taqdirda, konsert-tomosha tashkilotchilariga sotilgan biletlar qiymatining 20 foiziga teng bo‘lgan miqdorda;

davlat va nodavlat teatrlarga o‘zi faoliyat yuritayotgan joyda sahnalashtirilgan spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga qo‘shimcha 10 ming so‘m,    boshqa hududga chiqqan holda namoyish etilgan taqdirda, 20 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

*  *  *

Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda, aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;

yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga ko‘ra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati «Soliq-servis» AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi;

tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari amaldagi moliyalashtirish tartibi va moddiy-texnika bazasini saqlab qolgan holda «Soliq-servis» AJ tasarrufiga o‘tkaziladi.

Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan dehqon bozorlari va savdo komplekslari balansidagi noturar joy obyektlarini ijaraga berish faqat «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.

*  *  *

Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi;

bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi;

tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

2026 yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida:

 elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.

*  *  *

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida:

davlat organlari va tashkilotlarida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi.

*  *  *

Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

avtomobil yo‘llari qurilish jarayonlari doirasida kosmik tasvirlar va dronlar yordamida qurilish hamda moliyalashtirish hajmlarini solishtirish asosida monitoring qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida:

 pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7 foizga oshiriladi. Bunda: yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 so‘m;  nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 so‘m;

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori: 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun – 386 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun – 295 000 so‘m; oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha – 177 000 so‘m; oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 118 000 so‘m;

 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 450 000 so‘m; pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 504 000 so‘m etib belgilanadi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:

«Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi doirasida avval mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.

«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan: kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit (lizing) miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha qismi uchun belgilangan tartibda foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya;

har yili Dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan, o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va yashil texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlari uchun 300 million so‘mgacha grant taqdim etiladi.

*  *  *

Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan 2030-yil 1-yanvarga qadar aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan sun’iy urug‘lantirish orqali olingan har bir bosh nasldor buzoq (identifikatsiya qilingan) uchun Davlat budjeti hisobidan 500 ming so‘mdan;

embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) orqali olinganda 700 ming so‘mdan subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:

muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlarini «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlarni, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha;

malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

*  *  *

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

«Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni bodi-kameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

*  *  *

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida:

davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;

Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;

voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan  shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’zolari tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan

2026-2027-yillarda hududlardagi ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligi loyihalari ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

davlat tashkilotlari, shu jumladan, ijtimoiy soha muassasalari obyektlari loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish, ularni qurish, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilish hamda mukammal ta’mirlash jarayonida energiya samaradorligini oshirish bilan bog‘liq tadbirlar va ish hajmlarining maqbullashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

budjet tashkilotlari tomonidan energiya samarador uskunalar va materiallar, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq raqobatli shakllarda xarid qilinadi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Exit mobile version