An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025–yil 1–martdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan:
tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi.
* * *
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi.
Bunda agar bolalar egizak bo‘lsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi.
* * *
Sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga davlat bojini quyidagi miqdorlarda qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
birinchi instansiya sudida – to‘langan davlat bojining 70 foizi;
apellyatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlar bo‘yicha sudda – to‘langan davlat bojining 30 foizi.
* * *
Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil «Geomonitoring» axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.
* * *
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklariga, hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini (Toshkent shahri tumanlari va viloyat markazlari bundan mustasno) ikki yil ichida yangi loyihani ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish sharti bilan:
tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara to‘lovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish;
xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga o‘qitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara to‘lovi undirmasdan 5 yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish vakolatlari beriladi.
* * *
«Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalariga yo‘naltiriladigan mablag‘larni taqsimlashning joriy etilgan tartibiga muvofiq:
yo‘naltirilishi belgilangan mablag‘larning 30 foizi tuman (shahar)lardagi aholi soni va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar soniga mutanosib ravishda «Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armalariga o‘tkaziladi;
yo‘naltirilishi belgilangan mablag‘larning 70 foizi tuman (shahar)lardagi aholi soni, nogironligi bo‘lgan shaxslar soni va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar sonidan kelib chiqib, tuman va shaharlardagi «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalariga teng ulushda o‘tkaziladi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq:
ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar yo‘lga qo‘yiladi;
amaliy kasbiy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajriba joriy etiladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslariga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligi uchun kameral nazorat o‘tkazish vakolati beriladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi ma’lumotlaridan foydalangan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilayotgan, ta’mirlanayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan obyektlardagi ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta’minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.
* * *
Aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
* * *
Amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlarni ularga GPS qurilmasini o‘rnatmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
* * *
Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi lavozimi tugatiladi hamda bo‘shayotgan shtat birliklari hisobidan:
viloyatlar markazlari va kriminogen vaziyat og‘ir tuman (shahar)lar mahallalarida xizmat olib boruvchi ichki ishlar organlari profilaktika kichik inspektori lavozimi kiritiladi;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolar, maktab bitiruvchilari hamda talabalar bilan ijtimoiy profilaktika choralari doirasida manzilli ishlarni amalga oshirish tuzilmalari tashkil etiladi.
* * *
Tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali aniqlanadi.
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun belgilangan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi;
kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan joydan 3 kilometr radiusdan ortiq masofada yashaydigan bolalarning kelib-ketishlari uchun xususiy sherik tomonidan transport xizmati yo‘lga qo‘yilganda, unga tarbiyalanuvchining haqiqatda qatnagan kunlari sonidan kelib chiqqan holda bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Shuningdek, 2027-yil 1-iyulga qadar kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bankning asosiy stavkasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
* * *
Fuqarolarga yoshga doir pensiyalarni «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida belgilangan yoshga (erkaklar – 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda; ayollar – 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda) to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan:
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina Yagona platformada yuritiladi. Bunda yangi tashkil etilgan davlat organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda Yagona platformada yo‘lga qo‘yadi.
* * *
Dvigatelining ish hajmi 25 santimetr kub va undan ortiq, lekin 50 santimetr kubdan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, biroq 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuter)ni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etiladi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
