Qashqadaryo gazetasi Jamiyat 1-MAYDAN AMALDA
Jamiyat

1-MAYDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar haqida xabardor qilib borishda davom etamiz. Bu gal 2026–yil 1–maydan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida:

olimlar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarning bir qismini Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun olti oylik imtiyozli davr bilan uch yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda berish tartibi 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

* * *

Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular «shoshilinch», «odatiy», «maslahat talab qiluvchi» toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar uch ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;

aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatida, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga oid e’tirozlarni o‘rganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlarida aks ettiriladi.

* * *

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.

* * *

Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

har oyning 10-va 25-sanalarida «Avtomobilsiz kun», «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:

mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;

ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

* * *

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

standart va texnik reglament ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini xalqaro talablar asosida tashkil etish maqsadida har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlarning rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi.

* * *

Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:

taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ular o‘rnatilishidan kamida uch oy oldin «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;

vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yig‘imlar (to‘lovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimida e’lon qilinadi;

mazkur talablarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlar, yig‘imlar ijroga qaratilmaydi.

* * *

Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda – talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;

mavzuli so‘rovlar to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda so‘ralayotgan hujjatning nusxasi;

davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;

tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma talab qilish bekor qilinadi.

* * *

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat «Litsenziya» axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli bo‘lgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida ularning to‘lov qobiliyatini baholash uchun xarajatlar (soliq, kommunal to‘lovlar, tranzaksion operatsiyalar va boshqa ijobiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar)ni, tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat organlari va xususiy sektor vakillarining ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar orqali muqobil skoring qilish tizimi joriy qilinadi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida:

askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi;

askarlarni ular tanlagan kasblar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

* * *

«Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida:

«10 ming qadam piyoda» tajribasi qayta tiklanadi hamda «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tabiatni muhofaza qilish sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan yoshlar hamda ekoa’lochi maktab o‘quvchilarini rag‘batlantirish maqsadida quyidagi darajalarda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:

maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali «Yosh ekolog»;

texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim tashkilotlari talaba-yoshlari o‘rtasida  II darajali «Yosh ekolog»;

xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida  I darajali «Yosh ekolog».

* * *

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida:

yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir podyezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari o‘rnatish nazarda tutiladi.

* * *

O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida:

xalqaro dasturlar («Stent for Life» va «Action Plan for Stroke») asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi tegishli ilovaga muvofiq hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

* * *

Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalari amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasining «2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida:

ta’lim kreditini olish uchun arizalar Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Ta’lim krediti» axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali taqdim etiladi.

* * *

Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi bo‘lgan,  I va II guruh nogironlari) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida kelgusi besh yil davomida xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi.

* * *

«Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida:

«Umra» tadbiriga olib borish «Haj» va «Umra» yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Portalga kiritmasdan ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Exit mobile version