An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-maydan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.
Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan:
«O‘zini o‘zi band qilgan shaxs – yakka tartibdagi tadbirkor – kichik biznes – o‘rta biznes – yirik korxona» zanjiri asosida tadbirkorlik subyektlarining yiriklashuvini rag‘batlantirish bo‘yicha joriy qilinadigan mexanizmlarga muvofiq:
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
o‘z faoliyatini tegishincha yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 150 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi;
o‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga – bir yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
* * *
«Yangi O‘zbekiston» massivlarini barpo etish doirasida:
yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi;
auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi;
«Yangi O‘zbekiston» massivlarida tijorat binolarini qurishga mo‘ljallangan yer uchastkalari umumiy maydonining kamida 10 foiz qismi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalari bilan birga yagona lot sifatida auksion savdolariga chiqariladi.
* * *
Alohida mahsulot turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, mahsulot brendini yaratish va qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan namunali aholi tomorqasi, namunali mahalla, namunali issiqxonalar reytingini tuzish hamda har yili ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
* * *
«Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali quyidagi shartlar asosida moliyalashtiriladi:
«Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalaridan tegishli mablag‘larni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga ko‘chirish, ushbu jamg‘arma tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilangan tibbiyot tashkilotida davolash yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng amalga oshiriladi;
«Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari hisobidan jarrohlik amaliyoti uchun o‘tkaziladigan mablag‘lar miqdori qonunchilikka muvofiq Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadigan bazaviy narxlar doirasida belgilanadi;
davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari 14-30 yoshdagi shaxslar uchun «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari, 30 yoshdan katta bo‘lgan xotin-qizlar uchun «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari, boshqa ehtiyojmand shaxslar uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli uni tayinlashning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.
* * *
Aholi, ayniqsa yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida «Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi va aholi orasida keng targ‘ib qilinadi. Unga asosan, barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida:
qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash;
sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilash, yangi qurilayotgan muassasalarda ularni binoning ichki qismida joylashtirish;
yil davomida birinchi navbatda qo‘l yuvish va antiseptik vositalarni xarid qilish;
barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash majburiyatini kiritish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida: asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar; teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari; samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish; qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash; xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq:
2027-yil 1-aprelga qadar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga: elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy meyordan 150 kVt soatgacha;
tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meyor doirasidagi hamda bazaviy meyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
* * *
«HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida:
xotin-qizlarga «yashil loyihalar» va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar «ustoz» tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yiladi;
ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;
ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi quyidagilarni nazarda tutuvchi «Hamkor tadbirkor» dasturini yo‘lga qo‘yadi: o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish; kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish; mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.
* * *
«Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlariga tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qilish talabi tatbiq etilmaydi.
* * *
Tadbirkorlik subyekti tomonidan tan olingan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha soliq organi tomonidan ushbu tadbirkorlik subyektining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish tartibi joriy etiladi.
* * *
Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan, kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotishga ruxsat etiladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan:
Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
konsert-tomosha tadbirlari reklamalarida tegishlicha «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» deb aniq ko‘rsatilishi lozim;
Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» va «O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi» davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.
* * *
Lider tadbirkor va qishloq xo‘jaligi korxonalarida limon yetishtirish, saqlash va qayta ishlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan tijorat banklari orqali 14 foiz stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) sug‘urta polisi va 30 foizlik garov ta’minoti asosida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
* * *
Oilaviy mediatsiya ishlari bo‘yicha fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bepul o‘qitiladi. Keyin ular otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshiradi.
* * *
Mahallalardagi kambag‘al oilalarga ko‘mak respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy shartnoma asosida ko‘rsatila boshlanadi.
Bunda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ushbu oilalarga to‘lanadigan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam miqdorini «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori bilan 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi.
* * *
Hukumatning «Mahsulot va xizmatlarni «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori hamda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni «Halol» belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat etiladi.
* * *
Elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari (TIF TN kodi 8703 80) nisbatan utilizatsiya yig‘imi miqdorlari:
ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari;
ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lgan elektromobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 210 baravari etib belgilanadi.
* * *
Tabiiy va sun’iy suv havzalarida: faqat tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan (harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soatdan oshmaydigan motorli qayiqlar bundan mustasno), GPS uskunasi o‘rnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan motorli (ichki yonuv dvigatelli) va elektromotorli suv transporti vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi;
suv transporti vositalarining ruxsat etilgan harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soat, kemalar to‘xtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida 20 kilometr/soat, shuningdek, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida 5 kilometr/soat etib belgilanadi.
* * *
Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonlar; ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan; davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan; turar joy insofli egallovchidan qonunchilikda belgilangan tartibda talab qilib olinishiga yo‘l qo‘yilmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarining onlayn ro‘yxat shaklida yuritiladigan Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash reyestri tizimi joriy etiladi.
lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
