Qashqadaryo gazetasi Jamiyat 1 SENTABRDAN AMALDA
Jamiyat

1 SENTABRDAN AMALDA

An’anaga ko‘ra, har yangi oy arafasida mushtariylarni tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida joriy etilayotgan yoki o‘zgartirilayotgan muhim tartib va normalar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bu gal 2025-yil 1-sentabrdan amalga kiritiladigan bir qator yangiliklar xususida to‘xtalamiz.

Davlat rahbarining tegishli farmonlariga asosan

Ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:

bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik;

bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.

Xodimlari soni 50 nafargacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga YAMMTda biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

Davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi;

«Xavfni tahlil etish» tizimining tahlil natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qilish tartibi davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga tatbiq etilmaydi.

*  *  *

Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalar alohida tuzilma sifatida bevosita birinchi rahbarlar bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

*  *  *

Davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushiriladi.

*  *  *

2028 yil 1 yanvarga qadar har yil ajratiladigan 50 milliard so‘m mablag‘ doirasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan:

mehmonxona, umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlarning o‘z faoliyatini targ‘ib qilishga qaratilgan audiovizual mahsulotlar (videofilm, videorolik, klip va anime roliklar) yaratish va targ‘ib qilish xarajatlarining 50 foizi, lekin 50 million so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi;

Turizm qo‘mitasi tomonidan belgilangan yetakchi xorijiy davlatlarda mahalliy tadbirkorlar tomonidan har yili 50 ta o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashtirilgan umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlar tashkil etilganda –  faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki ruxsatnoma olish, ijara, dizayn, zarur uskuna va anjomlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi, biroq 25 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda bir martalik;

taomlar tayyorlash uchun bir yilda 300 kilogramm mahsulotni O‘zbekistondan yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizi, biroq bitta tadbirkorlik subyekti uchun 100 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalanadi;

joylashtirish vositalari, yirik savdo majmualari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan o‘zlarining hududlarida zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 million so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi (dastlabki 100 ta basseyn uchun).

*  *  *

Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.

*  *  *

Har bir qurilayotgan obyektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. Bunda QR-kodli pasport orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari (eskiz loyihalari) va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

*  *  *

O‘tkazish punktlarida undiriladigan barcha turdagi yig‘im va to‘lovlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali undiriladi va hisobi yuritiladi.

«G‘ishtko‘prik», «Zangiota» va «Dovut ota» o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun ikki yo‘lakli xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan davlat nazorat tartibotini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

*  *  *

Quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes subyektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:

oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;

budjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;

«Xavfni tahlil qilish» elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.

*  *  *

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga;

umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga;

I va II guruhga kiruvchi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari tegishlicha III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.

*  *  *

«Ayollar daftari» jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi. Bunda tegishli nafaqalarni tayinlash va to‘lash uchun 6 oy muddat davomida Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolarining bandligi ta’minlanganligi holati inobatga olinmaydi.

*  *  *

Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish  tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarini «yashil tadbirkor» sifatida e’tirof etish yuzasidan platforma ishga tushiriladi. «Yashil tadbirkor» maqomini olgan tadbirkorlik subyektlariga «Shaffof qurilish» platformasida ustuvorlik berish; muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etish; xalqaro bozorlarga chiqishga ko‘maklashish; tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball berish ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llanadi.

Tuman (shahar) darajasida ekologik pasportlar va ekologik master rejalar hamda hududlarning ekologik reytingini ishlab chiqish va keng jamoatchilikka taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.

*  *  *

Davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi.

*  *  *

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha respublika hududiga olib kiriladigan polietilen granulalari uchun aksiz solig‘i 2028 yil 1 yanvarga qadar nol stavkada qo‘llanadi.

*  *  *

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasiga xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarining, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash man etiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi;

 qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida «Soliq» mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.

Bojxona chegarasi orqali olib kirilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlarini amalga oshirish va bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish orqali deklaratsiya qilishga ruxsat beriladi.

*  *  *

Da’vo arizasi bo‘yicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqish uchun da’voning maksimal bahosi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan yuz baravarigacha, jismoniy shaxslarga nisbatan ellik baravarigacha oshiriladi.

*  *  *

Sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi;

ushbu reyestrga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalari o‘tkazilmaydi;

hududlarda Sport vazirligi tizimidagi sport inshootlarida jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid bo‘lmagan tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

*  *  *

Bolalar musiqa va san’at maktablarining belgilangan o‘quv dasturlarini to‘liq yakunlagan, 11-sinfni tugatgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga «Barkamol avlod» bolalar maktablarida to‘garak rahbari sifatida ishlash huquqi beriladi;

madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarning o‘quv dasturi doirasida psixologiya va pedagogika fanlarini o‘rgangan musiqa yo‘nalishi bitiruvchilariga maktablarda musiqa madaniyati fanini o‘qitishga ruxsat beriladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yolg‘iz ona (ota)larga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam olish bo‘yicha «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

*  *  *

Harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda «Radar» yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

*  *  *

Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.

*  *  *

Sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash;

respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish;

yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish;

avtobus, avia va temir yo‘l chiptalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish;

xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;

turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini beruvchi platforma sinov tariqasida ishga tushiriladi.

*  *  *

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Exit mobile version