Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning viloyat bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda vohamizdagi 7 ta nodavlat notijorat tashkiloti va 3 ta fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi g‘olib chiqib, umumiy miqdori 1 milliard 240 million so‘mga teng davlat grantlariga sazovor bo‘ldi.
Fuqarolik jamiyati institutlari
Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda ushbu jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda respublika hududlarida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni bartaraf etish maqsadida e’lon qilingan davlat granti tanlovlarining g‘oliblari aniqlandi.
Qayd etilganidek, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan bu grant tanlovlariga fuqarolik jamiyati institutlaridan ngo.gov.uz platformasi orqali 850 ta loyiha taqdim etilgan. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan 14 ta grant tanloviga 521 ta, Jamoat fondining hududiy bo‘linmalari tomonidan e’lon qilingan 14 ta grant tanloviga 329 ta ariza kelib tushgan.
Parlament komissiyasi tomonidan 172 ta loyiha g‘olib deb topilgan ekan, ular orasida Qashqadaryoda faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolik jamiyati intitututlari ham borligi quvonarli holdir. Misol uchun, Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi viloyat bo‘limining «Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, turmush sharoitini yanada yaxshilash – asosiy vazifamiz» loyihasini amalga oshirishga 200 million so‘m miqdorida davlat granti ajratilib, uning doirasida Ko‘kdala tumanidagi Torjilg‘a, Shahrisabz tumanidagi G‘yelon, Muborak tumanidagi Paxtakor va Chiroqchi tumanidagi Quruqsoy mahallalarida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga yordam beriladi. Xuddi shunday miqdordagi davlat granti G‘uzor tumanidagi Chaqar fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organiga ham taqdim etilib, shuning hisobidan mazkur hududda yashovchi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘maklashish reja qilingan.
Jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi viloyat hududiy bo‘linmasiga berilgan davlat granti (180 million so‘m) «Tadbirkorlik sari ilk qadam» loyihasini amalga oshirib, G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi va Yangikent, Shahrisabz tumanidagi Qumqishloq va Ko‘l, Koson tumanidagi Gulbog‘ va Ravot, Muborak tumanidagi Geolog va Beshariq hamda Kasbi tumanidagi Mustaqilobod mahallalarida ehtiyojmand aholi vakillarining bandligini ta’minlash imkonini beradi. 160 million so‘mlik davlat granti Respublika shifokorlar uyushmasi viloyat bo‘limiga «Kam ta’minlangan nogironligi bo‘lgan fuqarolar sog‘lig‘ini tiklash» loyihasini ro‘yobga chiqarib, Kasbi tumanidagi Pandiron, Yakkabog‘ tumanidagi Qayrag‘och va Shahrisabz shahridagi Zargarlik mahallalari aholisini sog‘lomlashtirish va davolashga, yana 150 million so‘m esa Muborak tumanidagi Quruvchilar mahallasi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organiga yoshlar uchun vorkaut va stritbol maydonchasini tashkil etishga ajratilgan.
Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi viloyat bo‘limining loyihasi (grant miqdori – 60 million so‘m) ham aholi salomatligi bilan bog‘liq bo‘lib, uning doirasida Yakkabog‘ tumanidagi O‘rta, Kitob tumanidagi Beshariq va Dehqonobod tumanidagi Bozortepa mahallalarida yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish maqsad qilingan. O‘z navbatida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining Yakkabog‘ tumani bo‘linmasi 50 million so‘mlik grantga sazovor bo‘lib, «Korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazorati orqali adolat sari» loyihasini hayotga tatbiq etadi va «Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotining kushandasidir» shiori ostida targ‘ibot ishlarini olib boradi.
Jamoat fondi viloyat bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda esa uchta fuqarolik jamiyati institutining loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Ulardan bittasi «Zamonaviy tibbiyot – xavfsiz hayot kafolati» deb nomlangan va 90 million so‘m miqdoridagi davlat granti hisobidan «Ekosan» ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamoat fondining viloyat hududiy filiali tomonidan bajariladi. Uning ijrochilari G‘uzor tumanidagi Xo‘jaguzar mahallasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilanishiga ko‘maklashadi. Yana bitta loyiha doirasida esa Kitob tumanidagi Ulug‘bek mahallasida istiqomat qilayotgan fuqarolarning turmush sharoitlari yaxshilanadi. O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Chiroqchi tumani bo‘linmasiga berilgan 120 million so‘m miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan Dursun mahallasida «Yoshlar – sog‘lom turmush tarzi tarafdori» loyihasi amalga oshiriladi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining majlisida, shuningdek, davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
O‘z muxbirimiz