Qashqadaryoda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida sohani raqamlashtirish va umumfoydalanishdagi joylarni kuzatuv kameralari orqali nazorat tizimi bilan qamrab olish masalalariga alohida e’tibor qaratilayapti. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida hududdagi turli nuqtalarda 3 ming 671 ta kamera, 300 ta «domofon» majmuasi va 135 ta «tashvish tugmasi» o‘rnatilib, 4 ming 7 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olingan.
Viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi Bektosh Rahimovich Sayipov mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish yuzasidan voha ahliga qilgan murojaatida ana shular haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar samaradorligi kafolati sifatida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – deydi viloyat prokurori. – Zero, kriminogen vaziyat barqarorligi hamda odamlarning xavfsiz va osoyishta turmush tarzi kafolatlangani iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, pirovardida, aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil sifatida bo‘y ko‘rsatadi.
Shunday ekan, ta’kidlanishicha, endilikda hududda turli jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki ijtimoiy soha va jamoat tashkilotlari, «mahalla yettiligi»ning ham alohida mas’uliyati belgilandi. Shu asosda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan omillarni vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rmagan 44 nafar mas’ulning intizomiy javobgarlik masalasi hal etildi. Mahallalarda sodir etilgan 385 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sabablari birma-bir tahlil qilinib, tegishli prokuror ta’sir choralari qo‘llanildi.
Bugun viloyatda 828 ta mahalla bo‘lsa, shundan 137 tasi kriminogen vaziyati og‘ir deya tasniflangan va ularga tegishli rahbarlar nomma-nom mas’ul sifatida biriktirilgan. Umuman, mahallalarda 293 ta «namunaviy xavfsiz ko‘cha» va 612 ta «namunaviy xavfsiz yo‘lak» tashkil etilib, 672 ta ko‘chaga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.
Qayd etilishicha, ana shu kabi ko‘rilgan choralar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i 25,3 foizga kamayishiga erishildi. «Qizil» toifada bo‘lgan 137 ta mahallaning 129 tasida kriminogen vaziyat barqarorligi saqlanmoqda.
– Shunga qaramay, ayrim hududlarimizda jinoyatchilik sur’atining o‘sishi, muayyan toifadagi jinoyatlar sodir etilishi ortgani kuzatilmoqda, – deydi Bektosh Sayipov. – Xususan, o‘tgan davrda hisobga qo‘yilgan jinoyatlarning 42 foizi zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan g‘arazli maqsadda foydalanib amalga oshirilgan. Ular tahlili shuni ko‘rsatdiki, kiberxavfsizlikka tahdidlarning qariyb 80 foizi zararli mobil ilovalar va dasturlar orqali sodir etilgan.
Bundan tashqari, viloyat prokurori ayrim fuqarolar beparvolik qilib, o‘zlariga tegishli mol-mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirayotgani o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotganini ta’kidlaydi. Natijada yil boshidan buyon 23 ta xonadonga o‘g‘ri tushishi va 11 ta avtotransport vositasidan o‘g‘irlik qilish jinoyati sodir etilgan.
Oilalardagi muhitni yaxshilash, ayniqsa, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganib, ularni hal etishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir vaqtda oilaviy-maishiy muammolar negizida 27 ta jinoyat sodir etilgani bu yo‘nalishda keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga undaydi. O‘tgan davrda ta’lim tashkilotlari va jamoat joylarida mas’ullar tomonidan olib borilgan profilaktik (davomat, tig‘ va reyd) tadbirlarda uzoq muddatga yashash joyini o‘zgartirgan 273 nafar bola, muntazam dars qoldiruvchi 1 ming 97 nafar, tarbiyasi og‘ir 2 ming 633 nafar o‘quvchi aniqlangani ham jiddiy masala. Nazoratsizlik hamda ta’lim-tarbiya ishidagi kamchiliklar oqibatida 7 nafar o‘quvchi, 82 nafar yosh tomonidan jinoyat sodir etilgani buni yana bir bor anglatib turibdi.
O‘z murojaatida viloyat prokurori bundan keyin, voyaga yetmaganlarga ta’lim va tarbiya berishda majburiyatlarini to‘la bajarmagan ota-onalar hamda ularning yashash va o‘qish joylaridagi («mahalla yettiligi») mutasaddilarning javobgarligi yanada kuchaytirilishini uqtirgan. Shuningdek, barchani mamlakatimizda tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, mahallalarimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yagona kuch bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishga chaqirgan.
* * *
Xuddi shu masalada qashqadaryoliklarga murojaat qilgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abduvoxid Salomovich Ismoilov ham hududdagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan qator muhim ishlar haqida gapirdi.
Jumladan, «102» qisqa raqami orqali viloyat ichki ishlar boshqarmasi tuzilmalariga kelib tushgan oila va turmush doirasidagi 1 ming 232 ta xabar asosida xonadonlarda «mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda o‘rganishlar o‘tkazilgan. Uzoq muddat xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan 32 ming 966 nafar shaxs profilaktik suhbatlarga jalb etilib, 21 ming 777 nafarining oilaviy ahvoli tahlil qilingan. Spirtli ichimliklar va giyohvandlik vositalariga qaram bo‘lib qolgan 1 ming 475 nafar shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Probatsiya nazoratidagi shaxslarning sud tomonidan belgilangan taqiqlar (cheklovlar)ga rioya etishi ustidan 4 ming 129 marotaba tekshirish ishlari olib borilib, aniqlangan cheklovlarni buzish holatlari yuzasidan 49 kishining o‘tayotgan jazo chorasi og‘irrog‘iga almashtirilgan. Odamlar firibgarlik jinoyati qurboniga aylanishining oldini olish maqsadida mahallalarda adliya organlari bilan hamkorlikda 3 ming 253 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan. Xotin-qizlarga tazyiq qilgan va ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan 1 ming 771 nafar shaxs bilan profilaktik ishlar olib borilib, ulardan jabrlangan 1 ming 701 nafar ayolga himoya orderlari berilgan. Uyushmagan yoshlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida kafe, bar, karaoke va tungi kompyuter klublari, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa joylarda 196 marotaba tungi reyd tadbirlari amalga oshirilgan. Huquqbuzarlik sodir etgan yoki sodir etishga moyilligi bor voyaga yetmaganlarning 2 ming 180 nafari ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida 302 marotaba ko‘chama-ko‘cha tadbir va loyihalar, tanlovlar, musobaqalar tashkil etilgan. Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli nuqtalarga aqlli svetoforlar va qoidabuzarliklarni qayd etishga mo‘ljallangan 19 ta zamonaviy texnik vositalar va yo‘l yoqasida joylashgan maktablar oldida 25 ta qavariq piyodalar o‘tish joylari hamda sun’iy notekisliklar tashkil qilingan. 5 ta piyodalar o‘tish joyi tugmachali svetoforlar bilan jihozlangan.
- Ta’kidlanishicha, ana shu kabi sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning birinchi choragida 793 ta mahallada (95,8 foiz) kriminogen vaziyat barqarorligi ta’minlandi. Shundan 671 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, 122 tasida jinoyatlar soni kamayishiga erishildi. Sodir etilgan jinoyatlar soni oshgan (35 ta) «qizil» toifadagi mahallalar salmog‘i o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 40 foizga kamaydi.
– Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida sodir etilgan jami yo‘l-transport hodisalarining 52 foizi odamlar o‘limi bilan yakun topgan, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i. – Bu faqatgina statistik raqamlar emas, balki inson taqdiri, oila fojiasi, jabrlanganlarning yaqinlari umr bo‘yi unutmaydigan baxtsiz hodisadir. Shunday ekan, har birimiz yo‘l qoidalariga amal qilsak, avtomobilni ehtiyotkorlik bilan boshqarsak, belgilangan cheklashlarga rioya etsak, piyoda sifatida ham yo‘l harakati madaniyatini unutmasak, nafaqat o‘z hayotimizga, balki atrofdagilarga ham xavf tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz.
Abduvoxid Ismoilov barchani o‘zaro iliq munosabatda bo‘lishga, bir-birlarini o‘zbek millatining qadim qadriyatlariga monand e’zozlashga, farzandlar tarbiyasiga mas’uliyat bilan qarab, ularning kelajakda yangi O‘zbekistonning haqiqiy vatanga sadoqatli farzandlari qilib tarbiyalash uchun davlatimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirgan.
Shuningdek, aytilgan faktlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hamjihatlikda jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, vohamizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantira olishimizga ishonch bildirgan hamda buning uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat borligini uqtirgan.