Bu haqda Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Matbuot anjumani
– Ushbu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslarga 1494 ta yozma ko‘rsatmalar yuborildi hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida yer qonunbuzilish holatlarining 709 tasi (211 gektar) joyning o‘zida bartaraf etildi, – deydi Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jasur Usmonov. – Shuningdek, 43,4 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish va yerni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 660 ta da’vo arizaci kiritildi. 131 ta holatda 39,1 gektar yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va boshqa qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 2291-moddasi tartibida “Erlardan maqsadli foydalanish va davlat kadastrlarini yuritish sohasida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida”gi tartibga muvofiq ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.
Xabaringiz bor, Prezident tomonidan 2024-yilning 5-avgust sanasida “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Bu ko‘pchilik aholi kutayotgan, millionlab oilalar hayotiga daxldor yangilik hisoblanadi. Qonunga asosan viloyatda ham kadastr xodimlari tomonidan yalpi xatlov ishlari o‘tkazilmoqda. Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan reja-jadval asosida har bir mahallada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni 2028-yilga qadar bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish belgilangan.
Shunga ko‘ra, xatlov jarayonlariga 200 nafarga yaqin kadastr xodimlari safarbar qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar 35 ming 886 ta ko‘chmas mulk obekti xatlovdan o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Shundan, Qonun doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan 17 ming 577 ta ko‘chmas mulk obektining elektron yig‘majildlari ko‘rib chiqish uchun “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan. Natijada Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarida 202 nafar fuqaroga uy-joyga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etilgan.
– Qonun ijrosi doirasidagi ishlarni adolatli va samarali ijro etilishi barchamizga bog‘liq ekanini unutmaylik, – dedi Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Ubaydulla Ahmedov. – Yana shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, fuqarolarimiz har qanday holatda ham ishingizni tezlashtirib beraman, yordam beraman yoki tanishim bor degan firibgar yoki ta’magirlarga aldanib qolmasinlar. Shunday shaxslarga duch kelganda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishlarini so‘raymiz.
Mutasaddilar tomonidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Shohista BOZOROVA