Xitoylik olimlar go‘yoki odamga bir yarim asr umr ko‘rish imkonini beradigan preparat yaratishning uddasidan chiqishgani haqida ma’lum qildilar, deb yozadi Oddity Central manbasi.
Shenchjendagi biotexnologiyalar va uzoq umr ko‘rishni tadqiq qilish sohasida ish olib boruvchi Lonvi Biosciences startapi «zombi hujayralar» – bo‘linishdan to‘xtagan, biroq yallig‘lanishni keltirib chiqarishda davom etayotgan qari hujayralarni nishonga oluvchi preparat ishlab chiqilgani haqida e’lon qilgan. Ta’kidlanishicha, yangi dori vositasi nazariy jihatdan inson umrini 150 yilgacha uzaytirishga qodir.
Lonvi Biosciences bosh direktori Ip Chju ishlanmani yuqori baholab, tabletkaning asosiy komponenti nafaqat umr ko‘rish davomiyligini oshiradi, balki organizmga hujayralar darajasida ta’sir ko‘rsatib, yoshga doir kasalliklar xavfini ham kamaytiradi, deya qayd etdi.
Kompaniya texnik direktori Lyu Sinxua so‘zlariga ko‘ra, «150 yilgacha yashash, albatta, mumkin» va ehtimol, yaqin yillarda bunday texnologiyalar kundalik hayotning bir qismiga aylanadi.