Qashqadaryoga oid
Qashqadaryo zaminida tug‘ilib, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan olimlar silsilasiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda bepoyon ummon gavdalanadi. Ulardan biri Hofizuddin Abulbarokat Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (1232-1310) sanaladi.
Eshitgan chiqarsiz, filologiya fanlari doktori Nafas Shodmonov ayni paytda Nasafiylar va Keshiylar tazkirasi ustida ishlamoqda. Albatta, ushbu to‘plam vohamizning ko‘plab ma’lumu mashhur allomalarini keng jamoatchilikka tanitishi barobarida avval ko‘plar eshitmagan, bilmagan ulamo-yu ijodkorlar haqida ma’lumotlar beradi.
Tazkiradan o‘rin olgan ulkan siymolardan biri Abulbarokat Nasafiy 1232-yilda tavallud topgan. Allomaning ijodi sermahsul bo‘lsa ham, hayoti haqidagi ma’lumotlar kam uchraydi. Uning yetuk olim bo‘lib yetishishida ustozlarining mehnati katta bo‘lgan. Ana shunday ustozlardan biri taniqli olim Abulvajd shamsu-l-aimma Muhammad Kardariydir. U Abulbarokat Nasafiyga tafsir, fiqh, kalom kabi shariat ilmlarini puxta o‘rgatadi. Kardariy ham o‘z vaqtida «Al-Hidoya» sohibi Burhoniddin Marg‘inoniy va «Fatoboin Qozixon» asarining muallifi Faxriddin Qozixon kabi buyuk ustozlardan ta’lim olgan.
Bundan tashqari, Abulbarokat Nasafiyning Hamiduddin Zarir Ali ibn Ali Romishiy va Badruddin Xavohirzoda Muhammad ibn Mahmud ibn Abdulkarim singari ustozlari ham bo‘lgan.
Shunday mashhur ustozlar ilmidan bahramand bo‘lgan Abulbarokat Nasafiy «Hofizu-d-din», ya’ni «dinni himoya qiluvchi» degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan. Bundan e’tirofga allomalardan ikki kishigina sazovor bo‘lgan bo‘lib, bulardan ikkinchisi Hofiziddin Abdulfazl Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr Kabir Buxoriydir. Bu ikki olim ham yetuk ustoz Kadariydan ta’lim olganlar.
Abulbarokat Nasafiyning islom huquqshunosligiga oid mo‘tabar asari – «Al-vofiy» («To‘liq»)dir. Bu asar Burhoniddin Marg‘inoniyning «Al-Hidoya»si qatorida turadi. Mazkur fikrni Kotib Chalabiyning «Kashfu-z-zunun» («Gumonlarni yechish») asarida o‘qish mumkin.
Abulbarokat Nasafiy «Al-Hidoya»ga sharh yozmoqchi bo‘ladi, lekin o‘sha zamonning buyuk olimlaridan Toju-sh-shari’a uni bu fikridan qaytaradi. So‘ngra, Abulbarokat Nasafiy fiqhga oid «Al-vofiy» va uning sharhi «Al-Kofiy» asarini yozadi. Bu bilan u go‘yo «Al-Hidoya» asarini tasnif etib, unga sharh bitganday bo‘ladi. Mazkur asar boshqa mashhur kitoblar qatori katta e’tibor qozonadi.
Abulbarokat Nasafiy «Umdatu-l-aqoid fi-l-kalom» («Kalom ilmidagi aqidalar asosi») asariga sharh ham yozib, uni «Al-e’timod» («Tayanch») deb atagan. Alloma asarlari: «Madoriku-t-tanzil va haqoiqu-t-ta’vil fi-t-tafsir» («Tafsirdagi nozil bo‘lish va ta’vil haqiqatlarini anglash kitobi»), «Manor-ul anvor fi usulul fiqh» («Usulul fiqhda yorug‘lik mayoq»), «Al-kofiy fi sharhi-l vofiy» («Vofiy asariga kifoya qiluvchi sharh»), «Kanzu-d daqoiq» («Nozik masalalar xazinasi») – so‘nggi ikki asar hanafiy mazhabining furu’ al-fiqhiga oid manbalardir.
Abulbarokat Nasafiyning «Manoru-l-anvor fi usulul fiqh» («Usulul fiqhda yorug‘lik mayoq») nomli asari islom huquqshunosligi asoslari va uning qonun-qoidalari haqida yozilgan bo‘lib, unda Qur’on va hadis asosida hukm olish, ijmo va qiyosni qo‘llash uslublari kabi masalalar bayon etilgan. U olimlar tomonidan usulul fiqh sohasidagi qisqa, lekin juda foydali asarlardan deb tan olingan, shu sabab, bu asarga yozilgan sharhlar asosida yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalarida dars beriladi.
Abulbarokat Nasafiy «Manor» asarini hamdu sano bilan boshlab, shariat asoslari (usulu-sh-shari’a)ni to‘rtga – Qur’on, sunna, ijmo va qiyosga bo‘ladi, qolgan masalalar esa shu to‘rt manba asosida ijtihod qilinishini ta’kidlaydi.
Manbalarda aytilishicha, usulul fiqhni birinchi bo‘lib, yozma shaklda kitob holiga keltirgan zot Shofe’iy mazhabining asoschisi Imom Shofe’iydir. So‘ngra boshqa mazhablarda ham mazkur sohada bir qator asarlar yaratilgan. Abulbarokat Nasafiyning «Manor»i ham shu sohadagi katta asarlardan hisoblangani bois, unga ko‘plab sharhlar bitilgan. Abulbarokat Nasafiyning o‘zi ham ushbu asarini sharhlagan va unga «Kashfu-l-asror» («Sirlarni ochish») deb nom qo‘ygan. Abulbarokat Nasafiyning izdoshlaridan Kofi Aqhisoriy uni tahrir qilib, mo‘jaz bir kitob shakliga keltirgan. Bunday sharhlar qatoriga Ahmad ibn Abu Said Hanafiyning «Huru-l-anvor fi sharhi-l-manor» («Manorning sharhiga yorug‘ mayoq»), Saduddin Abulfazoil Dehlaviyning (vafoti 1486-1487-yil) «Ifodatu-l-anvor fi izoi usul-l-manor» («Manor uslublarini tarqatishda nurlar foydasi»), Shayx Shijoaddin Hibatulloh ibn Ahmad Turkistoniyning (vafoti 1332-1333-yil) «Tabassurotu-l-asror fi sharhi-l-manor» («Manorning sharhida sirlarni ko‘ra olish»), Qiyomiddin Muhammad ibn Muhammad Turkistoniyning (vafoti 1348-1349-yil) «Jomiu’-l-asror» («Sirlarni to‘plovchi») kabi asarlarini qo‘shish mumkin.
Abulbarokat Nasafiyning juda ko‘p asarlari va unga yozilgan sharhlar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanmoqda.
Abulbarokat Nasafiyning «Umdatu-l-aqoid fi-l-kalom» asari muxtasar holda yozilgan bo‘lib, ilmi kalomga oid muhim masalalarni o‘zida qamragan. Uning sharhi – «Al-e’tiqod» ham olim tomonidan yozilgan. O‘z davrida unga boshqa olimlar tomonidan o‘nlab sharhlar bitilgan. Bular qatorida Jamoliddin ibn Mahmud ibn Ahmad Kavnaviyning (vafoti 770/1368-1369-yil) «Az-zubda» («Qaymoq») va XIV asrda yashagan olim Ahmad Aqshahariy Hanafiyning «Al-inqoz» («Xalos etish») kabilarni aytib o‘tish mumkin.
Abulbarokat Nasafiyning ahli ilm orasida «Tafsiru-n-Nasafiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan «Madoriku-t-tanzil va haqoiqu-t-ta’vil fi-t-tafsir» («Tafsirdagi nozil bo‘lish va ta’vil haqiqatlarini anglash kitobi») kitobi boshqa asarlari orasida eng qimmatlilaridan biri, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki «Tafsiru-n-Nasafiy» dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgani, undagi oyatlar aynan moturidiya ta’limotiga binoan bayon etilib, o‘sha davrning ilm markazlari – Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir. Tafsirda Imom Moturidiy so‘zlari va «Ta’vilotu ahli-s-sunna» tafsiridan foydalaniladi. Shu bilan birga, fiqhiy oyatlar sharhida «indana» – «bizning nazdimizda» yoki «bizning mazhabimizda» kabi iboralar ko‘p uchraydi.
Tafsirning yana bir muhim jihati, oyatlarning filologik tahlili ustalik bilan amalga oshirilgani, Qur’onning balog‘at va fasohati mohirona ochib berilganidir. Bu uchun Abulbarokat Nasafiy nahv ilmining yetuk olimlari Imom Sibavayh, Imom Farro fikrlaridan keng foydalangan va bir necha joylarida dalil sifatida keltirgan. Bundan tashqari, o‘quvchi oyatlarni har tomonlama tushunishi uchun 7 xil qiroatdan istifoda qilingan. Yuqoridagilar sabab bo‘lsa kerak, u ilm ahli orasida ko‘p mutolaa qilinadi. Xususan, Qur’on ma’nolarini o‘zbek tiliga o‘girib, «Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri» kitobini yozgan Abdulaziz Mansur ham ushbu asardan unumli foydalangan.
«Madoriku-t-tanzil va haqoiqu-t-ta’vil» asari bir necha asrlardan beri madrasalarda tafsir fanidan «Tafsiru-l-Bayzoviy», «Tafsiru-l-Jalolayn», «Tafsir ibn Kasir» kitoblari qatorida darslik sifatida o‘qitib kelinadi. Bu darsliklar orasida aynan hanafiy mazhabiga oidi «Tafsiru-n-Nasafiy» bo‘lib, qolganlari shofe’iy mazhabidagi tafsirlar sanaladi. Shu sabab Qur’oni karimni hanafiy mazhabi asosida o‘rganmoqchi bo‘lganlar ko‘plab ma’lumotlarni mazkur tafsirdan olishlari mumkin. Ushbu asar oxirgi bor 1999-yilda Bayrutning «Dor Ibn Kasir» matbaasida nashr etilgan.
Abulbarokat Nasafiy o‘z tafsirining yozilish sababi haqida kitobning muqaddima qismida shunday deydi: «Mendan yaqinlarim Qur’onni ta’vil qiluvchi, turli xil qiroatlar va harakat uslublari ko‘rsatilgan, ahli sunna val jamoa aqidasiga muvofiq, adashganlar va bid’at ahli e’tiqodidan xoli, malol keltiradigan darajada uzun hamda tushunarsiz darajada qisqa bo‘lmagan tafsir yozishimni so‘rar edilar. Dastlab ikkilandim. Nihoyat, Allohning tavfiq va inoyati ila tafsir yozishga kirishdim hamda oz fursat ichida uni yozib tamomladim. Kitobimni «Madoriku-t-tanzil va haqoiqu-t-ta’vil» deb nomladim. Alloh barcha ishlarni yengillashtiruvchi, xohlagan narsani qilishga qodir va duoni tez ijobat qiluvchi Zotdir».
Muhammad Zahabiy o‘zining «At-tafsir va-l-mufassirun» kitobida ta’kidlaganidek, «Tafsiru-n Nasafiy»ning yozilish uslubi mufassir olim Qozi Bayzoviyning «Anvoru-t-tanzil va asroru-t-ta’vil» («Qur’on nurlari va ta’vil sirlari») va xorazmlik buyuk vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariyning «Al-Kashshof» («Kashf qiluvchi») tafsirlariga o‘xshashdir. Lekin Bayzoviy shofe’iy mazhabida va Zamaxshariy mo‘taziliy oqimida bo‘lgani bois aqidaviy va fiqhiy oyatlar sharhida uchala tafsir orasida katta farq borligini ta’kidlaydi.
Abulbarokat Nasafiy tafsirining ko‘p joylarida mashhur mufassir sahoba Ibn Abbos rivoyatlariga tayanadi. Keyingi o‘rinlarda esa, o‘z navbatida, mashhur mufassir sahobalar va tobe’inlardan Ibn Mas’ud, Anas ibn Molik, Hasan, Ubay ibn Ka’b Mujohid kabilarning rivoyatlaridan foydalanadi.
Abulbarokat Nasafiy o‘z davrining yetuk olimlari ichida katta shuhrat qozonadi. Abdulhay Laknaviy ta’biri bilan aytganda: «Abulbarokat Nasafiy o‘z davrining benazir allomasi sifatida fiqh va usul ilmlarida g‘oyatda sarbaland, hadis va uning ma’nolarini tushunishda barchadan ustun bo‘lgan». Ibn Hajar Asqaloniy esa uni «Allomai dunyo» degan g‘oyatda sharafli nom bilan tilga olgan.
Abulbarokat Nasafiy hijriy 710, milodiy 1310-yilda Bag‘dodga keladi va shu yili rabi’ul avval oyining juma kuni kechasi vafot etadi. Alloma Isfahon yaqinidagi Izaj (Xuziston va Isfahon oralig‘idagi shahar)da dafn qilingan.
BEKZOD tayyorladi.