Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat AGAR KAM SONLI XALQ BO‘LSANGIZ HAM FIKR AYTISHDA MAYDALASHMANG
Ma’naviyat

AGAR KAM SONLI XALQ BO‘LSANGIZ HAM FIKR AYTISHDA MAYDALASHMANG

Ziyolilar o‘qib chiqishi kerak kitoblar orasida “Mening Dog‘istonim” asari albatta bo‘lishi kerak. Xoh yuztalik, xoh o‘ntalik ro‘yxat tuzing, ular orasida avar adibi asari o‘rin olishga to‘la haqli. Til, millat, xalq, qadriyat, Vatan mehri, davr ruhi, sevgi sehri, haqiqat va yolg‘on, yaxshilik va yomonlik, tinchlik va urush mavzularini Rasul Hamzatovchalik yoritgan mualliflar barmoq bilan sanarli. Binobarin, “Mening Dog‘istonim” kabi asarlar ham dunyo adabiyotida ko‘p emas.

1971-yilda dunyo yuzini ko‘rgan bu asar yuzdan ortiq tillarga tarjima qilinib, millionlab nusxada chop etilgan. Mamlakatimizda ham turli yillarda turli nashriyotlar tomonidan minglab nusxada chiqarilayotgan ushbu kitob savdo rastalarida chang bosib qolayotgani yo‘q.

Ehtimol kim uchundir Dog‘iston tog‘lar orasidagi kichik bir makondir. Ammo Rasul Hamzatov Vatanini shunday ta’riflaydiki, beixtiyor tug‘ilib-o‘sgan joyimni men qanchalik bilaman va qanchalik yaxshi ko‘raman, degan savolga ro‘baro‘ kelasiz.

Aslida Vatan haqida soatlab ma’ruza o‘qib boshqalarning boshini og‘ritish, quruq shiorbozlik qilish emas, “Mening Dog‘istonim”day kitoblarni o‘qish, yoshlar orasida keng targ‘ib etish zarur. Bu kitobni o‘qib chiqqan kishi borki, Vatanini yaxshi ko‘radi – boricha, butunicha.

Saralangan satrlar

Qoyalar etagida joylashgan yetmishta xonadonni ko‘rishim bilan yuragim o‘ynab ketdi, hatto ko‘krak qafasimga sig‘may qovurg‘alarimga botayapti. Xuddi kasal yoki mast bo‘lgan odamday ko‘z oldim qorong‘ilashayapti, boshim aylanayapti! Nahotki shu kichkinagina ovulim Venetsiyadan, Qohiradan yoki Kalkuttadan go‘zal bo‘lsa? Nahotki, bir bog‘ o‘tin quchoqlab ketayotgan avar ayoli baland bo‘yli, skandinaviyalik oppoq qizlardan go‘zal bo‘lsa?!

*  *  *

Tog‘lik ikki narsani asrashi kerak: o‘z bo‘rkini va o‘z nomini. Bo‘rk tagida boshi borlar, shubhasiz bo‘rkini asraydi. Yuragida olovi borlar esa o‘z nomini pok saqlab qoladi.

*  *  *

Sara fikrlaringni uyur qil, undagi otlar chopqirlikda biri-biridan qolishmasin. Keyin bu uyurni oppoq qog‘oz yayloviga erkin qo‘yib yubor. Mayli, fikrlaring oppoq qog‘oz uzra yayrab uchsinlar, xuddi bir narsadan hurkkan otlar yoki tog‘ takalari kabi.

Fikrlaringni yashirma. Agar yashirsang, keyin qayerga qo‘yganingni unutib qo‘yasan. Ba’zan xasislar pulini qayerga bekitganini unutib qo‘yishadi va xasisliklari tufayli bor-budidan ayrilishadi.

Ammo fikringni o‘zgalarga ham berma, og‘zingdagi gapingni oldirib qo‘yma. Qimmatbaho sozni bolaga qo‘g‘irchoq o‘rniga berishmaydi. Bola sozni yo sindiradi, yo biron joyini shikastlaydi, yo uni yo‘qotadi.

*  *  *

Lev Tolstoy shlyapasiga o‘xshash shlyapa sotib olibsan, lekin uning boshiga o‘xshash boshni qayerdan olasan?

*  *  *

Ezmani to‘xtatish uchun so‘z navbatini hurmatli nuroniy yoki mehmon olishi kerak. Shundan keyin ham u safsatasini to‘xtatmasa, qo‘shiq boshlanglar. Agar qo‘shiq ham unga ta’sir qilmasa, istihola qilmasdan yoqasidan olib ko‘chaga chiqarib tashlashingiz mumkin. Umuman olganda, qo‘shiq kuylashga xalaqit beradigan ezmaga musht tushirsa ham bo‘ladi.

*  *  *

Agar yigirma yoshgacha kuchga to‘lmagan bo‘lsang, endi bilaging kuchga to‘lishini kutma. Agar o‘ttiz yoshgacha aqling kirmagan bo‘lsa, endi aqling quyulishini kutma. Agar qirq yoshgacha cho‘ntagingda pul turmagan bo‘lsa, endi cho‘ntagingni pul teshishini kutma. Tog‘liklarda esa shunday naql bor: agar odam qirq yoshgacha lochin bo‘lmasa, endi u ucha olmaydi.

*  *  *

Men shunday odamlarni ko‘p ko‘rganman, ular uyida, oilasi, xotini, do‘stlari davrasida odamga o‘xshaydi, odamga o‘xshab gapiradi. Borib amaldorlik kursisiga o‘tirdimi bas, quruq savlat, dag‘al, jahldor, go‘yo ularni kimdir almashtirib qo‘yganday. Ular har bir amal kursisiga qarab, qiyofasini, so‘zlash ohangini, yurish-turishini o‘zgartiradi.

*  *  *

Qanday baxtli shoir bo‘lardim, agar she’rlarimda, kitoblarimda ikki fazilatni: soddadil xalqimning muloyim fe’l-atvorini va zamonlar sinovidan o‘tgan bag‘rikengligini mahorat bilan birlashtira olsam.

*  *  *

Ba’zi bir tuyg‘ular, fikrlar, uchrashuv taassurotlari borki, ularni vaqtning yengilgina shamoli ham uchirib ketadi, ba’zi birlarini esa hayotning kuchli bo‘ronlari ham joyidan qo‘zg‘ata olmaydi.

*  *  *

Har kim o‘ziga nima kerakligini yaxshi biladi, lekin hammada istagiga erishishi uchun imkoniyati yo‘q. Har kim borar manzilini biladi, lekin hamma ham manziliga yeta olmaydi. Shunday odamlar bor. Kitob yozishni bilaman deb o‘ylaydi, lekin ularning qo‘lidan kitob yozish kelmaydi.

*  *  *

Bitta qaychi to‘y ko‘ylagi ham, kafanlik ham bichishi mumkin.

*  *  *

Yopa olmaydigan eshigingni ochma.

*  *  *

Iste’dod yo bor bo‘ladi, yoki yo‘q. Iste’dodni hech kim bera olmaganday uni hech kim ololmaydi ham. Iste’dodli bo‘lib tug‘ilish kerak.

*  *  *

Iste’dod – yuk ortilgan arava emas, uni tepaga chiqarish uchun kimdir oldidan tortishiga, kimdir orqasidan itarishiga hojat yo‘q. Iste’dod – yengil mashina ham emas, uni yuk mashinasida ham trosda sudrab bo‘lmaydi. Iste’dod – yuk mashinasini quvib o‘tolmaydigan yengil mashina ham emas, uning yo‘lini hech kim to‘sa olmaydi.

Ha, iste’dodning orqasidan itarish va qo‘lidan tortish shart emas, u o‘ziga-o‘zi yo‘l topadi va hammadan ilgarilab ketadi.

*  *  *

Dunyoda o‘z o‘g‘lidan judo bo‘lgan ona qayg‘usidan ortiqroq qayg‘u bormi? O‘g‘lini dafn etish uchun odamlar to‘plangan. Ona unsiz ko‘z yosh to‘kayapti. Ona o‘z qayg‘usini so‘zda ifodalashga ojiz. Agar ovoz chiqarib yig‘lagan taqdirda ham aytgan so‘zlari dafnga to‘planganlarni uning qayg‘usiga sherik kilib, o‘ziday yig‘lata olmaydi.

Shunday paytda o‘rtaga yig‘ichi chiqadi. Uning ko‘zlarida yosh yo‘q, chunki unga ona qayg‘usi begona. Ammo u o‘zining yovuz san’atini ishga solib yolg‘ondakam uvvos tortadi, to‘planganlarning bari yig‘lashga tushadi.

Men bu san’atni yovuz deb atayman. Chindan ham bunday qilish yovuzlik, qahri qattiqlikdir. Bekorga islom dinining muqaddas kitobida yig‘ichilarga narigi dunyoda munofiqlar, tovlamachilar, g‘iybatchilar kabi abadiy jazo beriladi, deb yozilmagan. Afsuski, odamlarni yig‘lashga majbur etadigan bu san’atga qarshi chora ko‘rib bo‘lmaydi.

*  *  *

Avvallari tog‘liklar o‘zaro qiziqarli bahs-aytishuvlar o‘tkazib turishgan. Bir tomondan avar tilida o‘qish va yozishni biladigan savodli kishilar, ikkinchi tomonda o‘z ishi bilan band bo‘lgan hunarmandlar, cho‘ponlar, ya’ni “savodsiz” kishilar. Ular she’riy bahsga, aytishuvga kirishgan. Bu aytishuvlarda ko‘proq cho‘ponlar g‘olib chiqishgan. Chunki savodli kishilarning hamma jihati hisobga olinib, aql tarozisida o‘lchangan qo‘shiqlarini, cho‘ponlarning tog‘dagi shamolday emin-erkin esadigan qo‘shiqlari bosib ketgan.

*  *  *

Aytadilar-ku, aravani tortib kelayotgan emas, aravaning ustida o‘tirgan qo‘shiq aytadi.

Qudratli Allohim, yerda biz tushunmaydigan narsalar buncha ko‘p. Agar qo‘shiq aravada maza qilib ketayotgan odam rohatining mevasi bo‘lsa, ehtimol, san’at moddiy jihatdan ta’minlangan va hech qanday tashvishi yo‘q kishilar ko‘ngil ochishining mahsulidir?

Axir, g‘arib kulbalarda yaratilgan qo‘shiqlarni qasrlarda yashayotganlar ham aytishadilar-ku. Xonlar va badavlat kishilar haqidagi ertaklarni kambag‘allar to‘qishgan-ku.

*  *  *

Agar kam sonli xalq bo‘lsangiz ham fikr aytishda maydalashmang.

*  *  *

Tog‘liklar kimnidir uyiga taklif etsa, shunday deyishadi: “Mehmon bo‘lib keling. Bizning tog‘imiz, bizning dengizimiz, bizning yuragimiz sizga muntazir. Bizning yerimiz – yer, uyimiz – uy, otimiz – ot, odamimiz – odam. Ular o‘rtasida uchinchisi yo‘q”.

*  *  *

Tog‘liklar qasami: “Odam bo‘lib keldim, odam bo‘lib o‘laman!”

Tog‘liklar qoidasi: “Uyingni sot, dalangni sot, mol-mulkingdan ayril, lekin kimligingni unutma, odamgarchilikdan chiqma”.

Tog‘liklarning duoyi badi: “Seni xudoga soldim, avlodingda odam ham, ot ham bo‘lmasin”.

Agar ig‘vogar, yaramas yoki qattol kimsa haqida gap boshlasangiz, tog‘lik gapingizni shartta bo‘ladi:

– Unga so‘zingiz xayf. U odam emas.

Agar kimningdir xatosi, kamchiligi yoki kichik shumligi haqida gap boshlasangiz, tog‘lik so‘zingizni bo‘ladi:

– U odam, bu aybini kechirish mumkin.

Tog‘liklar hamma narsa ochilib-sochilib yotgan, tartib yo‘q ovuldan o‘tganda deyishadi:

– Bu yerda odam yo‘q ekan.

Saranjom-sarishta ovuldan o‘tishganda, chehrasi yorishib ta’kidlashadi:

– Bu yerda odamlar yashaydi!

*  *  *

Tog‘liklar aytishadi: “Odamning kimligi:

kulfatda;

shodlikda;

ayolga munosabatda;

qilich tutishda;

boylikda;

o‘zligida bilinadi.

Ha, odam va ozodlik, odam va oriyat, odam va mardlik so‘zlari bitta tushuncha. Tog‘liklar burgutlar ikki qiyofali bo‘lishini tasavvur qila olishmaydi. Ular qarg‘alargina ikki qiyofali bo‘lishi mumkin deb hisoblashadi. Odam – bu faqat atama emas, bu unvon, unvon bo‘lganda ham juda yuksak unvon. Bu yuksak unvonga munosib bo‘lish uchun bir umr intilish kerak.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version