Saralangan satrlar
Ma’lumki, Nobel mukofoti buyuk ilmiy izlanishlar, inqilobiy ixtirolar yoki madaniyat va jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shgan insonlarga beriladigan eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri sanaladi. Mukofot Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra irqi, millati, jinsi va dinidan qat‘i nazar, fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot sohasidagi kashfiyotlar, badiiy asarlar, xalqlar do‘stligi va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida ko‘rsatilgan faoliyat uchun beriladi. Hozirgi vaqtda Nobel mukofotining qiymati 10 million shved kronasi (1,3 million dollar atrofida)ga teng.
Mazkur mukofotga loyiq ko‘rilgan shaxs borki, o‘z darajasidagi eng yuqori mutaxassis sifatida ko‘riladi, tan olinadi. Jumladan, adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan adiblar ro‘yxatini jamlasangiz, ancha muhtasham saf ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Migel Anxel Asturias, Gabriyel Garsia Markes, Alber Kamyu, Bernard Shou, Elias Kanetti, Ernest Xeminguey, Xuan Ramon Ximenes, Yasunari Kavabata, Redyard Kipling, Moris Meterlink, Patrik Modiano, Pablo Neruda… Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin va ularning yozganlari mumtoz asarlar qatoridan allaqachon joy olib ulgurgan.
Xo‘sh, keyingi yillarda qaysi adiblar Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilmoqda va ular ko‘targan mavzular nimalardan iborat? Odamlarni hayratga solish mushkul, kitobdan chalg‘ituvchi vositalar to‘lib-toshib yotgan bir sharoitda nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan bitiklarda nima borki, xalqaro miqyosda nom qozonmoqda?
Keyingi 5 yilni olsak, 2020-yilda amerikalik shoira Luiza Glyuk “o‘zining ashaddiy go‘zalligi bilan individual mavjudlikni umumbashariy qiladigan, bexato taniladigan she’riy ovozi uchun”, 2021-yilda esa Tanzaniyada tavallud topgan britaniyalik yozuvchi Abdurazzoq Gurna “madaniyatlar va qit’alar o‘rtasidagi jarlikda mustamlakachilik oqibatlari va qochqinlar taqdiriga murosasiz va rahmdillik bilan kirishgani uchun” Nobel mukofotiga munosib deb topilgan.
2022-yilda fransuz yozuvchisi Anni Erno, 2023-yilda norveg adibi Yun Fosse, o‘tgan yili koreys adibasi Xan Kang adabiyot sohasidagi nufuzli mukofot sohibi deya e’lon qilindi.
Quyida Nobel qo‘mitasi bayonotida “romanlari stereotipik ta’riflardan xoli va ular bizga dunyoning boshqa joylaridagi ko‘plab insonlarga tanish bo‘lmagan Sharqiy Afrikani ochib beradi”, deya ta’riflangan Abdurazzoq Gurna haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Gurna 1993-yilda mukofotni qo‘lga kiritgan Toni Morrisondan keyingi birinchi qora tanli va 2007-yilda laureat bo‘lgan Doris Lessingdan keyingi afrikalik yozuvchi hisoblanadi.
U 1948-yilda Sharqiy Afrika qirg‘og‘idagi Zanzibarda tug‘ilgan. Otasi va amakisi Yamandan ko‘chib kelgan tadbirkorlar bo‘lgan. Boshlang‘ich ta’limni ingliz maktablarida olib, Qur’on kursida o‘qiydi va arab tilini o‘rganadi (o‘z ona tili suaxili bo‘lgan). 1960-yillarda Zanzibar inqilobi paytida qochqin sifatida Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgan va oliy ma’lumotni Kent universitetida oladi. Doktorlik dissertatsiyasida Sharqiy Afrika, Karib dengizi va Hindiston adabiyotidagi mustamlakachilik mavzusini tahlil qilgan.
Gurna 1980-1983 yillarda Nigeriyadagi Kano Bayero universitetida ma’ruza o‘qigan. Kent universitetida ingliz va postkolonial adabiyot professori unvonini olgach, nafaqaga chiqquniga qadar shu yerda dars beradi. Gurna bugungi kunda Angliyaning Kenterberi shahrida yashaydi, Britaniya fuqaroligiga ega. Tanzaniyani nazarda tutib, “Qalban u yerda yashayman”, deydi.
Abdurazzoq Gurna romanlari tanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan bo‘lsa-da, tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lmagan va ba’zi hollarda Buyuk Britaniyadan tashqarida chop etilmagan. Nobel mukofoti bilan taqdirlangandan so‘nggina uning asarlariga bo‘lgan talab oshdi. Xususan, o‘tgan yili “Jannat” romani o‘zbek tilida ham nashr etildi. Romanda Qur’oni karimda keltirilgan Yusuf alayhissalom haqidagi hikoya 1900-1914-yillar orasidagi Sharqiy Afrikada yuz bergan voqealarga moslashtiriladi. Asarda Afrikadagi qullik, tarixni buzish va islomofobiya kabi masalalar muhokama qilinadi.
Abdurazzoq Gurna romanlardan tashqari, Salmon Rushdiy, Entoni Byordjess, Jozef Konrad, Vidiadhar Surajprasad Naipaul, Zoye Vikomb kabi mualliflar haqida yozilgan bir qancha adabiy-tanqidiy asarlarning ham muallifi sanaladi.
Oddiy kitobxon sifatida shuni aytish mumkinki, Abdurazzoq Gurna yozgan darajadagi, balki undan ancha baland asarlar o‘zimizda ham ko‘plab topiladi. Birgina farqi, o‘zimizning adiblar yozgan asarlarni dunyoda bilishmaydi. Gurna esa Britaniyada yashaydi va dunyoning istalgan qismida yashovchi kishilar tushunadigan ingliz tilida yozadi. Vaholanki, u yozgan mustamlakachilikning og‘ir oqibatlari haqida o‘zbek adabiyotida ancha ta’sirli asarlar yozilgan.
Shunday ekan, asarlarimiz dunyoga chiqishi, buning uchun professional tarjimonlar xizmatidan foydalanish, bu faoliyatni keng rag‘batlantirish kerak. Hozircha turkiy dunyoda 2006-yilda O‘rxon Pomuq adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlangan yagona adib sanaladi. Aniqki, nufuzli xalqaro mukofotga loyiq yozuvchilarimiz ko‘p. Faqat rag‘bat va targ‘ibot kerak, xolos…
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan lavhalar Abdurazzoq Gurnaning “Jannat” romani sahifalaridan joy olganki, o‘zga muhit, o‘zga davr voqeligi bilan tanishish foydadan xoli bo‘lmaydi.
* * *
Agar hamma narsani ayollarga tashlab qo‘yganimizda nima bo‘lardi deb o‘ylaysan? Menimcha, haliyam g‘orda yashab yurgan bo‘lardik.
* * *
O‘tirvolib nolishning nima keragi bor? Hammamiz bir go‘rmiz. Ular bizning dushmanimiz. Aynan shu narsa bizni birlashtirishi kerak. Ularning ko‘ziga hammamiz hayvondek ko‘rinamiz va buni yaqin o‘rtada o‘zgartirolmaymiz. Nega ular buncha kuchliligini bilasanmi? Chunki ular asrlardan beri dunyoni kemirib kelishyapti. Sening nolishing ularni to‘xtatolmaydi.
* * *
Manavi yosh yigitlar bizdan ham ko‘prog‘ini yo‘qotadi. Kun kelib, ularni biz bilgan hamma narsaga tupurishga majbur qilishadi. O‘zlarining qonunlarini yoddan ayttirib, o‘zlari yozgan tarixni muqaddas so‘zdek e’zozlatishadi. Biz haqimizda nima yozishadi? Qul bo‘lganimizni yozishadimi?
* * *
Amakisining aytishicha, rus odamlari nemislardek madaniyatli emasmish. O‘lkani kezib yurib, sayohatlari davomida bitta shaharchada to‘xtashganda u yerdagi inson zoti borki mastlikdan o‘zida emasmish. Erkaklar tugul, ayollar va bolalar ham mastmish. Ularning yovvoyiligini ko‘rib, amakisi u yerni islom diyori chegarasini belgilaydigan ya’juj-majujlar yurti deb o‘ylabdi. Lekin boshqa hayron qoladigan joyi Rus o‘lkasida yashaydigan ko‘p odamlar musulmon ekan. Hamma shaharda shunaqamish. Tatarlar, qirg‘izlar, o‘zbeklar!
* * *
Amakisi Buxoro, Toshkent, Hirot degan shaharlarda ham bo‘libdi. Bu yerdagi odamlar aqlga sig‘mas darajada go‘zal masjidlar va jannatmonand bog‘lar qurishgan emish. Amakisi Hirotdagi eng chiroyli bog‘da tunab qolibdi va tunda shunaqa mukammal kuy eshitibdiki, naq hushi boshidan uchay debdi.
Biz agar gunohkor aybiga iqror bo‘lib, tavba-tazarru qilsa, jazolamaymiz, ayniqsa, jazo og‘ir bo‘lsa. Odamlarga yalinib-yolvoramiz, ortimizda aza tutib qoladiganlarimiz borligini aytamiz. Nemislarda buning teskarisi. Jazo qancha og‘ir bo‘lsa, ular ham shuncha qattiqqo‘l va shafqatsiz bo‘lib oladi. Menimcha, ularga jazo berish yoqsa kerak. Hukming o‘qildimi, tiling uzilguncha yalinsang ham, nemis qarshingda hissiz va uyalishsiz turgan bo‘ladi. Agar joniga tegib ketsang, oxirgi chorang jazoga ko‘nish bo‘ladi. Biz ko‘radigan shuncha ishni mana qanday uddalashadi. Ular hech narsaga chalg‘ishmaydi.
* * *
Xarsanglar va tikanlar orasidan so‘qirlarcha yo‘l qidirayotgan yovuz va yoqimsiz maxluqday edi. Uningcha, safardagilarning hammasi shu ahvolda edi – kimsasizlikning o‘rtasida yo‘lni yo‘qotgan ko‘rlardek. Aytishicha, u his qilgan dahshat oddiy qo‘rquvga o‘xshamasdi. Xuddi voqelikda mavjud emasdek, tushda yashayotgandek, yo‘qolib ketish arafasida turgandek edi. Uni hayron qilgan narsa nima odamlarni shunchalik dahshatni yengib, o‘sha yoqlargacha savdo ilinjida yetaklab borgani edi. Safar faqat qo‘rquvdan iborat emasdi, albatta, lekin hamma narsaga sabab bo‘lib turgan omil ham o‘sha qo‘rquv hissi edi.
* * *
Qur’onni bilishing senga doim yordam beradi. Hatto eng chuqur g‘orda yoki o‘rmonda yo‘qolib qolsang ham, hatto kitobning so‘zlariga tushunmasang ham…
* * *
Odamlar senga egalik qilaman, mening qulimsan degani xuddi bir yomg‘ir yog‘ib o‘tganiga yoki kun oxirida quyosh botishiga o‘xshaydi. Ularga yoqadimi yoki yo‘qmi, ertasi kuni yana quyosh chiqadi. Erkinlik ham xuddi shunday. Seni qamab qo‘yishlari, zanjirband qilishlari, har qanday istaklaringni haqorat qilishlari mumkin, lekin ozodligingni tortib olish qo‘llaridan kelmaydi. Sen bilan ishlari bitganda tug‘ilganingda ozodligingni tortib olishdan qancha uzoq bo‘lsalar, hali ham shunday qolgan bo‘lishadi.
* * *
Ular yashashga majbur qilayotgan va hammalari yashayotgan hayotning o‘zi aslida sharmandali edi. Ularning fitnalari, nafratlari, adovat to‘la tamagirligi, hatto eng ezgu xislatlarni ham ayirboshlanadigan matohga aylantirib ulgurgandi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.
