Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Atom energetikasi: ASOS VA TARAQQIYOT STRATEGIYASI
Jamiyat

Atom energetikasi: ASOS VA TARAQQIYOT STRATEGIYASI

Munosabat

XXI asrda energiya xavfsizligi har qanday davlatning barqaror taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy omillardan biriga aylandi. Aholi sonining ortishi, sanoat ishlab chiqarishining kengayishi va raqamli iqtisodiyotning jadal o‘sishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni yil sayin oshirmoqda. Bunday sharoitda energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning barqaror va ekologik jihatdan maqbul turlarini rivojlantirish davlat siyosatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish masalasi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

*  *  *

Mamlakatimizda atom energetikasi sohasining huquqiy asoslarini shakllantirishda asosiy qadam tashlandi. «Atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish to‘Іrisida»gi Qonun bunga tasdiq. 2019-yil 10-sentabrda kuchga kirgan ushbu hujjat bilan atom energiyasidan foydalanish borasidagi siyosatning asosiy tamoyillari, davlat organlarining vakolatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning huquq hamda majburiyatlari belgilab berildi. Shuningdek, qonunda yadroviy va radiatsion xavfsizlikni ta’minlash, inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish, radioaktiv materiallardan foydalanish va ularni nazorat qilish bo‘yicha muhim normalar mustahkamlangan.

*  *  *

2026-yil 21-aprelda esa «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘Іrisida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonun kuchga kirdi. Mazkur qonunning asosiy maqsadi atom energetikasi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, vakolatli organlar o‘rtasidagi vazifalarni aniq taqsimlash va sohani yanada samarali muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ldi. Xususan, Atom energiyasi agentligining vakolatli davlat organi sifatidagi maqomi aniq belgilab qo‘yildi. Energetika vazirligining atom energetikasi sohasidagi vazifalari qonunchilik darajasida mustahkamlandi. Davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlari takomillashtirildi.

– Bu o‘zgartishlarning ahamiyati shundaki, ular sohada boshqaruv tizimini yanada aniq va samarali tashkil etishga xizmat qiladi, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti «Energetika muhandisligi» kafedrasi dotsenti Shoira Samatova. – Avval ayrim vazifalar turli davlat idoralari o‘rtasida taqsimlangan bo‘lsa, endilikda mas’uliyat va vakolatlar yanada aniqlashtirildi. Bu esa sohada qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini oshirish va xavfsizlik ustidan davlat nazoratini kuchaytirish imkonini yaratadi.

*  *  *

Atom energetikasi sohasidagi islohotlar O‘zbekistonning uzoq muddatli energetika strategiyasi bilan uzviy boІliq. Sir emas, mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yildan-yilga oshib bormoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 120-125 milliard kVt/soatga   yetishi mumkin. Bu esa mavjud energetika quvvatlarini kengaytirishni talab etadi.

Shu o‘rinda atom energetikasining asosiy afzalliklari nimalardan iborat, degan savol tuІiladi. Bu – katta hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarish va energiya ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, qolaversa, tabiiy gazga bo‘lgan ichki ehtiyojni qisqartirish hamda yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatidir.

Shu sababli mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha aniq qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda atom energiyasi sohasida milliy infratuzilmani shakllantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish O‘zbekiston atom energetikasi sohasidagi eng muhim loyihalardan biri hisoblanadi. Mazkur tashabbus mamlakatning energetika tizimini diversifikatsiya qilish, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish va tabiiy gaz sarfini qisqartirish imkonini beradi. Ayniqsa, kichik modulli reaktorlar texnologiyasi xavfsizlik darajasi yuqoriligi, qurilish muddatining nisbatan qisqaligi va iqtisodiy  samaradorligi bilan e’tiborga molik.

Atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish faqat energetika sohasi bilan cheklanib qolmaydi. Bugungi kunda yadroviy texnologiyalar tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilmiy tadqiqotlarda ham keng qo‘llanilmoqda. Masalan, onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashda radiatsion texnologiyalar muhim ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatimizda yadroviy tibbiyot markazlarini tashkil etish va ushbu sohadagi  infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

*  *  *

Yaqin yillarda mamlakatimizda atom energetikasi sohasida turli yo‘nalishlarda rivojlanish kuzatilishi mumkin. Xususan, kichik modulli atom reaktorlari texnologiyalari joriy etiladi. Atom elektr stansiyalari infratuzilmasi bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Natijada milliy mutaxassislar tayyorlash tizimini kuchaytirishga bo‘lgan talab ham ortadi. Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion texnologiyalar rivojlantiriladi. Eng muhimi, yadroviy xavfsizlik tizimi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi.

– O‘zbekistonda atom energetikasi sohasining bosqichma-bosqich  rivojlanishi kutilmoqda, – deydi Shoira Samatova, – Bu jarayon, birinchi navbatda, mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmini qisqartirish, yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Albatta, atom energetikasi yuqori mas’uliyat va xavfsizlik talab etadigan sohadir. Shuning uchun davlat tomonidan xavfsizlik standartlariga qat’iy amal qilish, ekologik monitoringni kuchaytirish va jamoatchilikni xolis axborot bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa sohaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va atom energiyasidan oqilona foydalanish uchun muhim shart hisoblanadi.

*  *  *

Xulosa qilib aytganda, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish O‘zbekistonning energetik xavfsizligi, iqtisodiy taraqqiyoti va texnologik rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar esa sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlab, atom energetikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version