Qashqadaryo gazetasi Faoliyat Ayozda paykaldan yangi uzilgani baribir boshqacha-da…
Faoliyat

Ayozda paykaldan yangi uzilgani baribir boshqacha-da…

Pishiqchilik mavsumida ko‘rganda ko‘pam havas uyg‘otmaydigan meva va sabzavotlar ayni qish qahratoni hukm surayotgan damlarda dasturxonga tortilsa, og‘izdan suvi oqadi kishining. To‘g‘ri, hozir ularni yilning istalgan vaqtida topish mumkin. Biroq ayozda paykaldan yangi uzilgani baribir boshqacha-da…

Bilamiz, kitoblik dehqonlar o‘zlari yetishtirgan uzum va anor mevalari bilan mashhur. Endi bu hududda issiqxona sharoitida hosil yetishtirish ko‘rsatkichlari ham ortib borayapti. Issiqxonada pomidor, bodring, qalampir kabi ekinlarni ekayotganlarni ko‘p eshitganmiz. Mana, ular safida qulupnaychilar ham ko‘payib qolibdi.

Fiyosiddin Zayniyev 8 ming 700 nafardan ortiq aholi yashaydigan Palandara  mahallasida qulupnay yetishtirishni birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘ydi.

– U o‘rtada bir muddat ishsiz qoldi, – deydi shu mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nasim Rahmatov. – Mamlakatimizda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlar doirasida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, dastlab tomorqasida 4 sotixlik issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit oldi. U tajriba sifatida qulupnay ekib ko‘rdi. Mehnatini qilsa, yer ham yayraydi, birinchi yildayoq daromadga kirib, bank kreditini muddatidan oldin to‘ladi. Keyinchalik esa 80 sotixlik bo‘sh turgan issiqxonani ijaraga olib, faoliyatini kengaytirdi.

Ayni vaqtda yirik issiqxonada oila a’zolari bilan qulupnay yetishtirib kelayotgan Fiyosiddin Zayniyevning kayfiyati yaxshi. Daromadi zo‘r. «Faqat ko‘p maqtab yozmang, ko‘z tegmasin», deydi biz bilan suhbatda u hazilomuz ohangda.

– Ishsizlik haqiqatda inson ruhiyatiga ta’sir qiladi, – deydi u. – Buni men boshimdan o‘tkazganman. Pulsiz bo‘lsangiz orzularingiz ushalishi ham qiyin. Ro‘zg‘or tashvishi, bolalar kelajagi haqida o‘ylab o‘yingizning oxirini topolmaysiz. Shunday paytlarni eslasam hozirgi kunimga shukur qilaman. Birgina sal turtki sabab men o‘zimni  tiklab oldim. Tashvishlarim aridi. Shu yerda oilaviy mehnat qilib kam bo‘layotganimiz yo‘q. Qolaversa, mavsumiy ishchilarimiz ham bor. Daromadimiz yaxshi.

Fiyosiddin Zayniyev qulupnay yetishtirish ilmini o‘zlashtirarkan, barchasini obdan o‘rgandi. Ehtimol, shuning uchun xaridorlari ham tayyor va ular dekabr oyining so‘nggi kunlaridan to may oyining oxirigacha issiqxonaning o‘zidan tayyor mahsulotni sotib olishadi.

– Bu qulupnay «Koreya» navi, – deydi dehqon. – Eng muhimi parvarishida kimyoviy vositalardan foydalanmaymiz. Mahalliy o‘g‘it bilan yetishtirilgan qulupnaylarni  samarqandliklar joyidan sotib olishadi. Ta’mi shirin. Biz esa el  dasturxoni to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shayotganimizdan xursandmiz.

Darhaqiqat, mehnat qilgan elda aziz. Yaxshi niyat bilan yerga ketmon urgan kishi borki, rizqsiz qolmaydi. Bugun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar mohiyatida ham xalqimiz uchun farovon turmush tarzini ta’minlash maqsadi  mujassam. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotganlar esa kam bo‘lmayapti. 

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.

Exit mobile version