Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Azim sayyod madrasasi haqida eshitganmisiz?
Jamiyat

Azim sayyod madrasasi haqida eshitganmisiz?

Sho‘rolar asoratiga tushguniga qadar birgina vohada yuzlab masjidu madrasalar, ilm dargohlari faoliyat ko‘rsatgan. O‘tgan asr 20-30-yillaridagi sovetlashtirish siyosati, qatag‘onlar bois ularning aksar qismi butkul yo‘qolib ketgan.

Xuddi shunday ilm maskanlaridan biri bo‘lmish Azim sayyod madrasasi  to‘g‘risida faqat arznomalarda ma’lumotlar saqlanib qolgani haqida Abdusattor Jumanazar «Nasaf» hamda Poyon Ravshanov «Qarshi tarixi» kitoblarida yozadi.

Unga ko‘ra, qozi mulla Riyosiddin sudur shunday yozadi: «Janobi oliy hukmdorimizning aziz va muborak boshiga bandayi ojiz tasadduq bo‘lsin. Rahbarimiz va hazrat sayyidimizning xusravona marhamatidan Qarshi viloyatidagi Azim sayyod madrasasi mudarrisi mulla Tohir xoja Hotamboy madrasasi mudarrisi marhum mulla Komil o‘rniga dars o‘tishga lozim ko‘rilib, sarafroz etildi. Duolar bo‘lg‘aykim, binobarin zikr etilgan ushbu Azim sayyod madrasasida uning joyi bo‘sh qoldi. Shu sababdan zoti oliyning duogo‘yi Eshon shahid masjidi hujralari mudarrisi mulla Mo‘min xoja humoyun zot oliy hukmdorimizni duo qilib, mazkur Azim sayyod madrasasi ilm tolibi mudarris mulla Tohir xojaning o‘rniga o‘tishdan umidvor bo‘lib, arz etgay. Tasadduqingiz bo‘lay, ushbu Mo‘min xoja kamsuqum va dars berishga munosib kishi. Bandaparvar oliy sohibim, bu nodon  duogo‘yingizning fahmi ojizicha, kamtarin duoguyingiz mazkur Azim sayyod madrasasiga mudarris etib tayinlansa, xushnudlikdan boshi osmonga yetib, duo qilgay. Buni janob olampanoh, hazrat qiblagohimiz yaxshiroq bilgay. Tasadduqingiz bo‘lay, Azim sayyod madrasasi mudarrisi yiliga 140 tanga maosh oladi».

Qozi sal o‘tmay, oliy hukmdorga yana bir marta rasmiy arz qiladi. Unda Mo‘min xojaning Azim sayyod madrasasiga mudarris bo‘lib o‘tgani tufayli, uning oldingi o‘rniga boshqa kishini mudarris etib tayinlash so‘raladi.

1923-yilda Azim sayyod madrasasi xarobaga aylanadi. Uning vaqf mulklari daromad bermay qo‘ygan edi. Ushbu madrasa ham Sharshara darvoza atrofida bo‘lgani aytiladi. Ushbu darvoza shahar markaziy qo‘rg‘onining sharqiy eshigi sanalgan.

Exit mobile version