Qashqadaryo gazetasi Faoliyat BAHODIR QOYALAR SALTANATI
Faoliyat

BAHODIR QOYALAR SALTANATI

Kun yarmidan og‘ganida hamkasb do‘stimiz Shahrisabz tumanidagi G‘elon qishlog‘iga borish istagi bilan kelganini aytib qoldi. Birgalikda o‘sha nomdor tog‘li manzilga qarab otlandik…

Quyosh zarrin nurlarini sochib to‘ymaydi. Ayniqsa, u purviqor cho‘qqiga tirsagini tirab turganida bizga juda yaqin ekanini his etamiz. Ruhimiz tabiatning ulug‘vor mo‘jizalaridan quvvat oladi.

Darhaqiqat, Hisor tog‘lari bag‘rida yastangan G‘elon qishlog‘i dengiz sathidan 2 ming 223 metr balandlikda joylashgan. Yil-o‘n ikki oy erimaydigan qorli cho‘qqilar, yam-yashil adirlar poyidagi so‘lim manzil o‘zining go‘zal tabiati, zilol suvlari, tilni yorar meva-sabzavotlari, ayniqsa, mehmondo‘st, ahil va samimiy odamlari bilan yanada ulug‘vor tuyuladi.

Bahoriy nasim etni junjiktiradi. Qizg‘ish tusga kirgan olchalar oftob nurida tovlanadi. Ollana boshlagan giloslardan tatishga chog‘lanamiz. Tishimiz qamashadi. Shaharda allaqachon hazm bo‘lib ulgurgan mevalarning bu yerda endi shira bog‘layotganidan hayratlanasan, kishi. Sarguzashtlarga ishtiyoqmand, tabiatga havasmand inson borki, G‘yelonning ta’rifini eshitib, qalbida ushbu manzilda bo‘lish istagini tugadi.

Shu yerlik Haqnazar aka bizga hamroh bo‘ldi:

– Sayohat avvalida Abduhalim boboning xonadoniga bir kirib o‘tamiz, – deydi u. – Nuroniy kishi, ma’rifatli, piru badavlat otaxon.

Yam-yashil bog‘ oralab orasta uyga kirib bordik. Odmigina xonalarning birida qimtinibgina qo‘nim topdik. Ko‘p hayallamay, boshida iroqi do‘ppisi nuroniy chehrasiga yarashgan, iliq tabassumi, nigohidagi mayinlik samimiy suhbatga chorlab turgan bobo eshik hatlab kirdi va salom-alikdan so‘ng poygakda cho‘kkaladi.

– Men bir tog‘lik qo‘shchi odamman, hol so‘rab kelibsiz, boshim ko‘kka yetdi, – kamtarinlik va sokinlik bilan so‘z ochadi otaxon. – Tinch va osoyishta kunlardan bahramand bo‘lib shu ulug‘ yoshda el-yurtning, sizlarning duoyingizni qilib o‘tiribmiz. Shu kunlarga yetkazganiga shukr…

Mamlakatimizning olis qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan keksa otaxonning ilmu ziyosi, dunyoqarashi, tafakkuri qalbimizdagi hayratni alangalatdi. Bobo G‘elon qishlog‘ining kelib chiqishi, uning nomi qanday ma’no kasb etishi borasida ham to‘xtaldi:

– Qishloqning ming yildan ziyodroq tarixi bor. G‘elon so‘zi ikki xil ma’no kasb etadi, arab alifbosida «G‘yelon» va «g‘aylon» so‘zi bir xil shaklda yoziladi, shu bois g‘aylon – jamlash ma’nosida, bu qishloq ahlining qadimdan olimi ham, hunarmandlari ham o‘zidan chiqqaniga urg‘u beradi. G‘elon so‘zi esa forschada ko‘chki, bo‘shliq ma’nolarini anglatadi.

Abduhalim ota mumtoz adabiyot bilimdoni ham ekan, u kishining ko‘plab ruboiylarni yod aytishi va so‘zma-so‘z sharh keltirishi bir hayratimizga o‘n hayrat qo‘shdi. Otaxonga bundan bir necha yillar avval «Mehnat shuhrati» ordeni shunchaki olis bir tog‘li qishloqning nuroniysi, bir kayvonisi sifatida berilmaganiga amin bo‘ldik.

G‘elon Surxi tepaligidan kaftdek ko‘rinadi. Bir-biriga yelka tutgan hovlisiz qalama uylar, bir bosh uzumdek ko‘zga tashlanadigan eski qishloq ajib manzara kasb etadi.

Aholi ko‘proq chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloq ko‘chalarini aylanar ekanmiz, zamonaviy ko‘rinishdagi uy-joylar barpo etilayotganiga ko‘zimiz tushadi. Eng asosiysi g‘yelonliklarning barchasi mehnatsevar, kasbu korni yaxshi egallagan – temirchisi ham, ta’mirchisi ham, duradgoru quruvchisi ham o‘zlaridan. Hamma bir-biriga tayanch, el ishi – hasharda hamisha faol.

G‘elon ko‘chalarini sayr etarkanmiz, odamlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi, mehr-oqibati bizni hayratlantirdi. Qo‘shnilar o‘rtasida devor yo‘qligi, biror xonadonda darvoza o‘rnatilmagani diqqatimizni tortdi.

– Shunday ko‘rkam koshonalarni qurgan aholi nega hovlisini devor bilan o‘ramagan?

Haqnazar aka esa miyig‘ida kulib qo‘yadi: – Ajablanmang, qishloqdoshlarning bir-biriga ishonchi mustahkam. Molimiz ham, jonimiz ham bir. Shunday ekan, devor qurib, o‘rtaga shubha oralatishga hojat yo‘q. Axir, ahillik ishonch ustida qurilmaydimi?!

Yana atrofga, tabiat go‘zalligiga mahliyo bo‘lamiz. Mashina oynasidan kirayotgan salqin shabada tanimizga tetiklik bag‘ishlaydi. Yo‘l bo‘yidagi buloqlarning biriga to‘xtab, chanqog‘imizni qondirishga chog‘lanamiz. Toshlar orasidan sizib chiqayotgan zilol suvga hovuchimizni botiramiz. Uning muzday harorati to‘yib sipqorishga yo‘l qo‘ymaydi. Uch-to‘rt ho‘plamning o‘zida obi-hayotning o‘zgacha ta’mi og‘zimizda qoladi.

Yo‘l-yo‘lakay hamrohim bilan zilol suvning mazasini ta’rifladik. Haqnazar aka esa bunday buloqlar G‘yelonda yuzlab topilishi, aholi birdamlik bilan quvurlar orqali o‘z xonadonigacha suv olib kirganini aytadi: – Huv, anovi cho‘qqining har tarafidan suv sizib chiqadi, – deydi u ko‘rinishidan bosh kiyim – bo‘rkka o‘xshash ulkan cho‘qqiga diqqatimizni qaratarkan. – Nomi «Umoxona». «Umo» eski fors tilidan olingan, suv degan ma’noni beradi.

Sharqirab oqayotgan ulkan soydagi zilol suvda sakrayotgan tomchilar quyoshda olmos donachalaridek tovlanadi. Atrofidagi dov-daraxtlar, yam-yashil o‘simliklar o‘ziga xos manzara kasb etadi. Ahyon-ahyonda soydan taralgan ariqlar va ular ustida bunyod etilgan kichkina tomlarga ko‘zingiz tushadi. Bu kichik GESlar aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji uchun xizmat qiladi. Ana shu mo‘jaz inshootlarning har biri 20-30 oilaga elektr yetkazib beradi.

G‘yelonda qurilish uchun zarur hisoblangan yog‘och va taxtalar mahalliy mahsulotga aylanib ulgurgan. Darayu qiyaliklarda behisob teraklar viqor bilan osmonga bo‘y cho‘zib turibdi. Tog‘ yonbag‘irlaridagi bog‘larda olmayu noklar shig‘il mevasini ko‘tarolmay bosh eggan.

Ko‘pchilikka ma’lum, g‘yelonliklar kartoshka yetishtirishning hadisini olgan. Qumloq yerlardan ekin uchun joy ochib, yetishtirgan kartoshkaning xaridori ko‘p. Bir paytlar markazdan uzilib qolgan, «aravasini o‘zi tortgan» qishloq odamlari hayotiga ham mustaqillik yillarida taraqqiyot epkini kirib bordi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish jadal rivojlangan, to‘yxona, bozor, zamonaviy qiyofadagi do‘konlar qad rostlagan.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ekoturizmni rivojlantirish loyihalari G‘yelonni ham chetlab o‘tmagan. Bu yerda ayni vaqtda sayyohlar uchun 80 dan ortiq uy mehmonxonalari tashkil etilgan.

– Oldinlari G‘yelonga sayyohlarning oqimi kam edi, – deydi uy mehmonxonasi tashkil etgan mahalliy tadbirkor Kimyo Qurbonova, – Bu yil ayniqsa, sayyohlar ko‘p tashrif buyurdi. Qishlog‘imizning go‘zal tabiatini ko‘rish istagida yurgan odamlar oldin ham ko‘p bo‘lgan, ammo imkon, sharoit bo‘lmagan. Biz ham boshida biroz ikkilanib ish boshlagan edik. Allohga shukr, mehmonxonamizning eshigi yopilgani yo‘q.

G‘elon zamonaviylikka yuz tutmoqda. Bu yerda ekoturizmning eng qiziqarli sport yo‘nalishlaridan biri – rafting yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, 300 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilib, 3 ming gektarlik maydonda tog‘ chang‘i kurorti bunyod etilmoqda. Ta’riflarga ko‘ra, ushbu loyiha Markaziy Osiyoda yagonaligi bilan ajralib turadi.

– Qishloqqa pul keladi-da, – deydi tabassum bilan Haqnazar aka. – Rostini aytishim kerak: uzoq yillar daromadimiz chorva, kartoshka va olmaning orqasidan bo‘lib keldi. Endi sayyohlar uchun bozor yaratmoqchimiz. Birinchi navbatda o‘zimizga xos hunarmandchilik maktabini rivojlantirish niyatidamiz.

Tumanning taniqli va tajribali hunarmand ayoli Yulduz Mamadiyorova yo‘l mashaqqatini ham o‘ylamay G‘yelonga borib, mahalliy xotin-qizlarga kashtachilik va zardo‘zlikni o‘rgatmoqda.

– 100 dan ziyod xotin-qizlarga kashtachilik va zardo‘zlikning sir-sinoatlarini o‘rgatyapmiz, – deydi tadbirkor. – Maqsadimiz bu yerga kelayotgan sayyohlarga o‘zimizning milliy hunarmandchiligimizni ko‘rsatish, qolaversa, xotin-qizlarimizning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashishdan iborat.

G‘yelonga tunning qorong‘usida yo‘l bosib kelgan edik. Qulog‘imiz bilan shovullagan daryoning shovqinini, dimog‘imiz bilan xushbo‘y giyohlarning iforini, orombaxsh shabadani his qilgan bo‘lsak-da, nigohimiz bilan cheksiz tog‘larning manzarasini anglamagan edik. Shu bois qaytish uchun tongotarda yo‘lga tushdik. Oqdaryoning goh o‘ng, goh so‘l qirg‘og‘ida huddi mohir naqqosh tomonidan ishlov berilgandek baland va tik qoyalar bizni kuzatib qo‘yardi. Ortimizda esa purviqor tog‘lar, alp cho‘qqilar mag‘rur qolayotganday ko‘rinadi. Biz pastga enib borar ekanmiz go‘yo ular g‘yelonliklarning iftixori, tog‘ odamlarining irodasi, mehr-oqibatining, insoniy fazilatlarining ramzidek tobora ko‘kka bo‘y cho‘zardi. Bu bahodir qoyalar saltanatida o‘tgan sayohatimiz unutilmas taassurotlarga boy bo‘lganini yo‘l-yo‘lakay his etib qaytdik.

Bahodir HALIMOV,

jurnalist

Exit mobile version