Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat BA’ZI BIR ISHLARNI KO‘RIB, ODAMNING UMUMAN UYQUDAN UYG‘ONGISI KELMAYDI
Ma’naviyat

BA’ZI BIR ISHLARNI KO‘RIB, ODAMNING UMUMAN UYQUDAN UYG‘ONGISI KELMAYDI

Ancha yil muqaddam yozuvchi Shoyim Bo‘tayevning “Haykal” nomli hikoyasini o‘qigandim. Ramziy ma’nolarni o‘zida jamlagan ushbu bitikda mustabidning haykalini qayerga o‘rnatish haqida bahs ketadi. Bir tarafga qarab o‘rnatilsa, mustabidning qo‘li ayollar qamoqxonasiga, teskariga qaratsa, erkaklar qamoqxonasiga ishora qilib turadi. Xullas, haykal qayerga qarab joylashtirilmasin, o‘sha tomonda qamoqxonalar qurilgan bo‘ladi. Hikoya butun boshli mamlakatni “xalqlar turmasi”ga aylantirgan sobiq sovet tuzumiga achchiq istehzo ekani bilan yodda qolardi.

Adibning “Sho‘rodan qolgan odamlar” qissasida ham bosh qahramon qamoqxona nazoratchisi. Ota-onasi umid bilan qo‘ygan ismini, Marks, Engels, Lenin, Stalin kabi “dohiy”larga azbaroyi ehtirom yuzasidan Mels deya o‘zgartirgan, tuzumga chinakam sodiqlik bilan xizmat qilgan shaxs. Ko‘r-ko‘rona e’tiqodi shu darajadaki, xotini bir parcha non, un so‘rab qo‘shnilardan tilanib yurgan chog‘da, hatto ochlik, g‘am-tashvishdan vafot etganda ham darhol ko‘zi ochilmaydi. O‘g‘li yoshlik qilib, sheriklari bilan o‘g‘rilikka aralashib qolganda, jazoni yengillashtirish haqida emas, nomini sharmanda qilgani uchun o‘g‘lidan qutulishga urinadi. Xotinining janozasiga o‘g‘lini o‘zi qorovullik qilib, qurol o‘qtalib olib keladi.

Qamoqxona nazoratchisi – sobiq tuzumga qulday itoat qilganlarning umumlashma obrazi. Bundaylar uchun oriyat, g‘urur, oila, nomus degan tushunchalar yot, zimmasiga yuklangan vazifasini sidqidildan bajarsa bo‘ldi – undan baxtli odam yo‘q.

“SHo‘rodan qolgan odamlar” qissasi sovet tuzumi qulashi arafasidagi voqeliklar haqida hikoya qiladi. Odamlar och, ishsiz, tayinli maqsadi yo‘q, bir-biriga mehr-oqibat yo‘qolgan, o‘g‘ri bilan to‘g‘rining haq-nohaqligini ajratish qiyin…

Muallif asarida “sobiq tuzum yomon edi, qiynaldik, ezildik” degan navbatchi gaplarni yozib o‘tirmaydi, mustabidlikning naqadar shafqatsizligini bir oila misolida mahorat bilan ko‘rsatib beradi.

Sovet tuzumi haqida so‘z borsa, “gugurt bir tiyin edi, non falon tiyin edi” deya og‘zining suvi qochib, hamon tamshanayotgan kimsalar har zamonda oldidagi yalog‘iga suyak tashlab turiladigan zanjirband itga  o‘xshashadi – shundan baxtiyor, har holda yaloqda suyak bor! Bo‘ynidagi zanjir, boy berilgan ozodlik va irodasi o‘zgalarga bog‘liq ekani haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Bundaylarga “SHo‘rodan qolgan odamlar”ni tutqazish kerak.

Saralangan satrlar

*  *  *

Kampiri tushmagur shunaqa kampir ediki, bunaqasini yetti iqlimda sahro kezib, suv kechib ham qidirib topib bo‘lmasdi. O‘zi ko‘rib-bilib tursayam, o‘zining ko‘rib-bilganiga emas, birovning aytganiga ishonib ketaverardi. Uning ko‘zi, ko‘ngli bilan tilining orasida unchalik tuzuk munosabat o‘rnatilmagan edi-yu, lekin qulog‘i bilan tili juda-juda topishgan, apoq-chapoq bo‘lib ketishgan, g‘ov bo‘la olgulik barcha unsurlarni o‘rtadan ko‘tarib tashlashgan edi.

*  *  *

Ishqilib, yetmish yilmi, yetmish besh yilmi faqat ichidagi illatlarni boqib-parvarishlab, semirtirib yuborganidan ular ajriq tomiriday botinini o‘rab-chirmab olishgan, bechora endi qutulolmay halak edi. Tomir sug‘urilganda o‘zi bilan ancha-muncha tuproq ilashtirib chiqqan kabi bunda ham kichkinagina bir illatni o‘z-o‘zicha o‘ldirish mushkul; ancha-muncha qon yo‘qotishga, yo‘qotilganining o‘rnini tozasi bilan almashtirib turishga to‘g‘ri kelar edi.

*  *  *

Yog‘ yeganda yot yaxshi, qon ichganda qarindosh – odamning odamligi shunda bilinadi.

*  *  *

Inson hayoti haqida tom-tom kitoblar bitgan navisanda janoblari; siz buncha ko‘p kuyunasiz, bani bashariyat taqdiridan bunchalar oh urasiz, kurrai arzni kichik kallangizga joylamoqqa nechuk urinasiz, xayolingizni bunchalik yuksakliklarga parvoz ettirasiz, buncha ko‘p yozasiz, bir jag‘ingiz ochilsa nimalarni gapirib tashlamaysiz, almoyi-aljoyi uslublaringiz haqida buncha ko‘p safsata sotasiz, qachon anavi yumuq ko‘z-yopiq derazani jindakkina bo‘lsa-da ochib bir qatim nur endirasiz; bu yumuq ko‘z-yopiq deraza ortini bosib ketgan mog‘orlarni qanday ko‘ra oldingizki, aytib berasiz?

*  *  *

Birovlarning dard-g‘amlari haqida so‘zlayotganda eng ahmoq-ovsarlarni ham donishmand qiyofasida ko‘rib, pand-u nasihatlarining oqilonaligini eshitib qoyil qolmay ilojingiz yo‘q.

*  *  *

Mayli, uyquyam yomon narsa emas, ayniqsa, ba’zi bir ishlarni ko‘rib, odamning umuman uyqudan uyg‘ongisi kelmaydi.

*  *  *

Mana, bu yigitchalar ko‘zlaridan chaqmoq chaqnab o‘tirishipti, qorinlari och bo‘lsayam kuchlari to‘lib-toshib yotipti – hayotning nima ekanligini, uning mashaqqatlarini hozirdan bilishadi. Faqat, o‘g‘rilik qilishgani chatoq. Bularga imkon yaratib berish kerak, bularga sharoit yaratib berish kerak – lekin, qani o‘sha imkon-u sharoit?!

*  *  *

Bolalarimiz maktabni bitirib nima ish qilishlarini, qayoqqa borishlarini bilmay qolyaptilar. Ikki-uch yil avval maktabni tugatganlar ham behuda ko‘cha changitib, aroq ichib yurishipti, o‘zlari bilmagan holda turli-tuman jinoyatlarga qo‘l urishyapti. Jamiyat bunga yo‘l qo‘yib bermoqda. Katta bir qishloqda birorta ishlab chiqarish korxonasi, madaniy maskan yo‘q; aroq, sigaret sotadigan katta-kichik do‘konchalar son-sanoqsiz.

*  *  *

Bu o‘sha – avvaldan qaysar, yakkafe’l odam! Dunyo evrilib, sho‘ro hukumati umrini yashab bo‘lgani hammaga ayon ko‘rinib qolgani bilan ishi yo‘q, hamon maslag-u e’tiqodi mustahkam, til tuguni yechilib, ko‘pirib-toshishlari avjida.

*  *  *

Nafsilamrini aytganda, bu yerdagilar o‘zlarini dunyoga tengdosh-tengqur hisoblashar, shu tariqa abadiyatga yetib dunyoni ham qaritib-yo‘qotib yuborishga ahd qilganday ko‘rinishardi. Endi bo‘lsa, qarib-qartayayotgan dunyoga mayus-loqayd boqqancha uning o‘zgarib qolayotganiga, o‘rtada nimadir yo‘qolayotganiga lol-u hayron edilar; tillarida aniq-tiniq ifodalab berisholmasa-da, ular dunyo bizni aldadi, degan xayolga borishgan, hammalari qandaydir asabiylikka, jizzakilikka, umidsizlikka berilishgandi.

*  *  *

Yaxshi oilalar taomilidan kunday ravshanki, er-u xotin qo‘sh ho‘kiz. Katta ho‘kizning g‘azabi qo‘ziganda kichigining pildirpis bo‘lgancha o‘choq boshigami, ko‘chagami yo‘rg‘alab qolishi qanchalik samara bersa, kichik ho‘kizning bidillashi barobarida kattasining nimadir qilishi ham foydalidir.

*  *  *

– Biz urmaymiz, so‘kmaymiz, – deyishardi qamoqxona xodimlari mahbuslarni ko‘rgani kelganlarga. – Hukumat ularga oylik bermasayam ovqat beradi, payogini kechiktirmaydi – bo‘ldi-da, yana nima kerak? Ha-a, balli! Ana-a, anavi odam dehqon. E, kim bilsin, dehqon ham tusharkan-da, ekinzoridan bir to‘p ko‘knori topib olishipti, shuni bo‘yniga qo‘yib yuborishgan. Azbaroyi xudo, o‘zim ekkanim yo‘q, shamol urug‘ini qayerdandir opkelib tashlagandir-da, deydi. Kim bilsin. O‘sha odamdan, qayer yaxshi ekan, deb so‘rab ko‘ring-chi? Indamaydi, indamaydi-yu, lekin ichida bu yerning yaxshiligini tasdiqlab turadi. Yeyishga noni bor, payogi bor eng muhimi. Dalani ko‘rmaydi, xolos, kerak bo‘lsa, ba’zi-ba’zida dalagayam opchiqib turamiz – yana nima kerak?

*  *  *

Yomonning tirigiyam bir balo, o‘ligiyam bir balo, deb to‘g‘ri aytishgan.

*  *  *

Bir tuzum tugab, ikkinchisiga o‘tadigan mana shunaqa burilish  pallalariga eng baxtsiz odamlarning hayoti to‘g‘ri kelib qoladi.

*  *  *

Yig‘i insonni holsiz qilib qo‘yar ekanmi? Uning ichidagi yovuz va qahri qattiq kuchlarni vaqtinchalik haydab yuborarmikan yoki yig‘i? Yoki insonning o‘zi juda holsiz va kuchsiz, ichidagi o‘sha yovuz va qahri qattiq kuchlar tufayli hayotning barcha ko‘rgiliklarini yengib o‘ta olarmikan?

*  *  *

Allaqachonlar tarqab hamma yoqni bosib olgan vabo yoxud qandaydir tuzalmas kasallik asoratlarining uzundan-uzoq iztiroblarini yengish bilan ovoradek taassurot uyg‘otishardi. Jon talvasasida alangayi otashga aylanganlarning quruqshagan lablariga tomchi suv tomizish o‘rniga, ularga metin iroda va chidamlilikdan saboq beruvchi eskirib ketgan so‘nggi plakatlarning ko‘zga yaqin joylarga ilib qo‘yilgani ham shundan darak berardi.

*  *  *

Endi ular cho‘chqaboqarning qush tumoviga uchragan tovuqlari uchun katak bo‘lishdan boshqasiga yaramasligi yuzaga keltirgan tabiiy manzara endilikda bunday qamoqxona-turmalar to‘zib-yo‘qolishi gumonlarini tasdiqlayotgandek esa-da, ochiq yoz kunlari mahbuslar qamoqxona boshlig‘i urug‘-qayoshlari va tanish-bilishlarining yovvoyi alaf qoplagan tomorqalarida sabzi o‘tash va sholg‘om yaganalashdan tashqari boshqa og‘ir ishlarga ham jalb etilishi bunaqa joylarning mangu zarurligini isbotlardi.

*  *  *

Keyingi ikki-uch yilda, ayniqsa, qish-qirovli kunlarda odamlar sal narsagayam tarnovdagi sumalakday “chirt” etib uzilib, jo‘navorishmoqda. Ularning bunday mo‘rt bo‘lib qolganliklari go‘rkovni bir jihatdan quvontirsa, ikkinchi jihatdan tashvishga soladi. Quvontiradigan joyi shundaki, go‘rkov boshqalar qatori ishsiz qolmaydi, bir burda non ilinjida o‘zini uryon har tomonga urmaydi, bemalol ishlab, yeb yotadi. Tashvishga soladigan jihatiga kelsak, hozirgiga o‘xshab sullohlar ko‘payishib bormoqda. Bundaylarni ham teppa-tekinga ko‘masan, ham yerni egallab yotishadi, turgan-bitgani zarar. Ekin-tikin qilinadigan joylar borgan sari kamayaveradi.

*  *  *

Ko‘zlaridan tomchi-tomchi yosh dumalayotganini u payqamadi – hech kim hech qachon hech kimdan domangir bo‘lolmaydi; vujudni qoplagan chang-to‘zonlaru zanglar bir tomizg‘i bilan yuvilib ketadi; yaratgan insonning xatti-harakatlari, yegan-ichgani, jismi uchun javob bermaydi; qachon zarurati tug‘ilsa, uni yana o‘ziniki qilib oladi, yana o‘ziga qaytaradi, buning uchun bir tomizg‘i kifoyadir – u xoh tomchi shabnam shaklida bo‘lsin, xoh tomchi ko‘zyosh – qachon lozim bo‘lsa, qachon lozim ko‘rsa, shunda mo‘jiza yuz berib, barcha behudaliklar va bexudliklarga chek qo‘yadi. Shu mo‘jiza tufayli yorishgan yo‘l, oydinlashgan manzil insonga hech kim hech qachon hech qanday shaytoniy hiyla-nayranglar bilan tortib olishi mumkin bo‘lmagan azaliy taxt-u baxti qayda ekanligini ko‘rsatib beradi – buni qachon lozim ko‘radi, biz bilmaymiz, bila olmaymiz, da’vo qilishga ham haqqimiz yo‘q – bu yolg‘iz O‘zigagina ayondir.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version