Britaniyalik o‘smir uni aldov yo‘li bilan Ganaga ko‘chib o‘tishga majbur qilgan ota-onasini sudga berdi, deya xabar tarqatgan Oddity Central manbasi.
Ommaviy axborot vositasining yozishicha, bir necha yil avval bolaning ota-onasi farzandini avrab, kasal qarindoshinikiga borish bahonasida Ganaga olib ketgan. Biroq mamlakatga kelgach, uni mahalliy maktab-internatga joylashtirishgan va o‘smir o‘z xohishiga qarshi o‘sha yerda qolgan. Buyuk Britaniyaga qaytishga bir necha bor uringaniga qaramay, u to advokatga murojaat etmaguniga qadar zarur yordam ololmagan.
Dastlab London oliy sudi o‘g‘lining manfaatlarini ko‘zlab shunday yo‘l tutganini da’vo qilgan ota-ona foydasiga qaror chiqargan. Biroq yaqinda London apellyatsiya sudi o‘smirning tanlov erkinligi huquqi buzilgani iddaosi bilan ushbu hujjatni bekor qilgan.
Ota-onaning advokati bolasini Ganaga yuborish juftlik uchun qiyin qaror bo‘lganini aytgan. Ular so‘zlariga ko‘ra, ushbu mamlakat bola potensial xavf ta’siridan himoyalangan «tinch boshpana» hisoblanadi.
Biroq sud jarayonida bola o‘zini «do‘zax»da yashayotganday his qilayotganini, maktabda nimalar bo‘layotganini mutlaqo tushunmay, tengdoshlarining kulgi obyektiga aylanib qolganini bildirgan.
«U madaniy jihatdan ushbu muhitga begona, o‘zini yolg‘iz va oilasi tashlab ketgandek his qilayapti. U o‘zini britaniyalik, londonlik bola deb hisoblaydi», degan o‘smirning advokati.