Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat BINOIYNING QABRI QAYERDA?
Ma’naviyat

BINOIYNING QABRI QAYERDA?

Qashqadaryoga oid

Alisher Navoiy bilan ijodiy raqobatlashishga uringan, goh Bobur, goh Shayboniyxon huzurida panoh topgan shoir, musiqashunos va tarixchi Kamoliddin Binoiyning Qashqadaryoga qanday bog‘liqligi bor? Bu haqda birozdan keyin bilib olasiz.

Tan olish kerak, xalq orasida Navoiy va Binoiy bilan bog‘liq latifanamo gaplar ko‘proq mashhur. «El desa Navoiyni» kitobida ulardan bir nechtasi keltirilgan. Avval shularga to‘xtalsak.

Kunlardan bir kuni Binoiy Alisher Navoiyning bog‘iga kelibdi. Qarasa, u bir qancha shoirlaru mashshoqlar, sozandalaru xonandalar bilan shirin suhbatlar qurib o‘ltirgan ekan. Binoiyning g‘ayirligi tutibdi. Shu payt oldiga vovullaganicha kelgan itga qarab ovozining boricha:

– Ho, janoblarining itlari ham nav (ohang qiladi demoqchi) qiladilar-ku, biz bundan bexabar qolibmiz-da, – debdi. Shu bilan Alisher Navoiyni boplab «chaqib» olmoqchi ekan-da. Binoiyning niyatini darrov anglagan Alisher Navoiy unga shunday javob qilibdi:

– Ha, endi ancha-muncha boqib parvarish qilgan edik, mavlononing o‘zlari ko‘rib turganlaridek, binoyidek bo‘ldi-qoldi.

Keyingi voqealarda esa Binoiyning o‘ziga baho berishda shoshishi, Navoiy esa tanbeh berishni kechiktirmasligi ko‘rinadi:

Alisher Navoiy bilan Binoiy bir kuni katta bino oldidan o‘tib qolishibdi. Binoning ichkarisida gulga qo‘nib sayrayotgan bulbulning yoqimli navosi eshitilardi. Shunda Binoiy Alisher Navoiyni chaqib olmoqchi bo‘lib:

– Hazrati oliylari, qarang, yo‘lovchilar o‘tganda anavi binoning chiroyiga, ko‘rkamligiga zavq bilan tikiladi. Fikrimcha, anavi sayrayotgan bulbul ham ushbu binoning go‘zalligiga tahsin o‘qiyotgandek, – debdi.

Binoiy bu gaplari bilan nima demoqchi bo‘lganini anglagan Alisher Navoiy unga javoban shunday debdi:

– Gapingiz to‘g‘ri janobi oliylari, lekin shuni bilingki, kunlar o‘tib bu bino ham qulaydi, lekin bulbulning navosi, uning yoqimli ovozi aslo yo‘qolmaydi. Darvoqe, haqiqiy didli, farosatli kishiga bu yerda binoning serhashamligi emas, bulbulning navosi huzur bag‘ishlaydi. Bunga uncha-muncha kishining fahmi yetmaydi.

Alisher Navoiy bilan Binoiy bir kuni ko‘chada ketishayotgan ekan, yo‘ldagi bog‘dan g‘azal eshitilib qolibdi. G‘azal Binoiyniki ekan. U g‘azal o‘ziga qarashli ekanligini bildirmoqchi bo‘lib, Alisher Navoiyga:

– Boqqa kiraylik, juda yaxshi g‘azal o‘qishyapti, – debdi.

Alisher Navoiy «Boqqa kirib, g‘azal tinglasak-tinglabmiz-da», deb rozi bo‘libdi.  Ikkovlashib boqqa kirishibdi. G‘azalxon g‘azalni o‘qib bo‘lgach, Binoiy maqtanib:

 – Hoy, inim, she’rni binoyidek bitibsan, o‘qishing ham binoyidek, rahmat, ofarinlar bo‘lsin senga! – debdi.

 Bu so‘zni eshitgan Alisher Navoiy:

 – Ammo lekin bu do‘stimiz she’rning navosini joyiga qo‘yolmabdi, ozgina fahmu farosatni ishga solib, peshona teri to‘kkanlarida g‘azalning navosi joyiga kelarmidi… – debdi.

 Bu lutfdan Binoiy xijolat chekib, yerga qarab qolibdi.

Bu voqealar aslida bo‘lganmi-yo‘qmi, noma’lum, ehtimol ikki ijodkor orasidagi raqobat shu kabi naqlu latifalarga sabab bo‘lgandir. Ammo o‘z davrining muhim qomusi sanalgan «Boburnoma»da ko‘plab shaxslar qatori Kamoliddin Binoiy haqida ham aniq tarixiy dalillar keltiriladi. Asar tabdilida quyidagilarni o‘qiymiz:

«Shayboqxon Samarqandni olganda, Mullo Binoiyni mulozim qilib edi. Shayboqxon bilan birga edi. Samarqand fathidan bir necha kun o‘tib u Samarqandga keldi. Qosimbek undan gumonsirab, unga Shahrisabz sari «ruxsat» berdi. Bir necha kundan so‘ng, fazilatli kishi bo‘lgani va hech qanday gunoh sodir qilmagani uchun uni Samarqandga keltirdik. Doim qasida va g‘azal manzur qilar edi. Navoda bir kuyni menga atab manzur etdi. O‘sha paytda bir ruboiy ham aytib manzur qildi.

Mazmuni:

Yeb-ichgani menda na non, g‘allam bordir,

Pulsizlikdan na kiyim, na sallam bordir.

Yeb-ichgani va kiygani narsam yo‘g‘-u,

Qanday deyman: ilhom to‘la kallam bordir?

U fursatlarda bitta-ikkita bayt aytar edim. Lekin butun g‘azal yozmagan edim. Birgina turkiy ruboiy aytib yubordim:

Ishlar bori ko‘nglungdagidek bo‘lg‘usidur,

In’omu vazifa bori buyrulg‘usidur.

Ul g‘allau muhmalki deb erding, berdim,

Muhmalga bo‘yu g‘alladin uy to‘lg‘usidur.

Mullo Binoiy bu ruboiyning birinchi misrasining qofiyasini radif qilib, boshqa qofiya bilan bir ruboiy yozib manzur etdi:

Mirzomki, shohi bahru bar bo‘lg‘usidur,

Olamda hunar birla sar bo‘lg‘usidur.

Bir muhmal uchun muncha inoyat bo‘ldi,

Musta’mal agar desam, iyelar bo‘lg‘usidur».

Asarning keyingi sahifalarida Binoiyning ijodiy salohiyatiga baho berilarkan, Alisher Navoiy bilan munosabatlari ham qayd etib o‘tiladi:

«Yana, Binoiy edi. Hirotlikdir. Otasi Ustod Muhammad Sabz (binokor) banno bo‘lgani uchun shunday taxallus olgan. G‘azallarida rang va kayfiyat bordir. Devon tartib bergan. Dostonlari ham bor. Mevalar haqida bir dostoni bor, mutaqorib bahrida, samarasiz bir narsa yozgan, bekor qilgan. Yana bir qisqa dostoni bor, xafif bahrida. Bu masnaviyni keyinroq tugatgandi. Burunlari musiqadan bexabar bo‘lgan ekan. Bu jihatdan Alisherbek unga ta’na qilar ekan. Bir yili Sulton Husayn mirzo Marvga qishlash uchun borganida Alisherbek ham birga ketadi. Binoiy Hirotda qoladi. O‘sha qish musiqani mashq qiladi. Yozgacha shunchalik harakat qiladiki, ohanglar ham ixtiro etadi. Yozda Sulton Husayn mirzo Hirotga kelganida unga o‘zi ijod qilgan kuy va naqshini ijro etadi. Alisherbek taajjublanib, tahsinlar qiladi. Binoiy musiqada yaxshi ishlar ijod qilgan. Jumladan, uning «Nuhrang» deb atalgan bir  naqshi bor. Bu to‘qqiz rangning yakuni va    naqshning yali-yalisi «Rost» ohangidadir.

Binoiyning Alisherbek bilan sozi kelmas ekan. Shu sababdan xiyla jafolar tortdi. Oxiri tura olmay Iroq va Ozarbayjonga – YA’qubbek qoshiga bordi. YA’qubbek qoshida hayoti yomon emas edi. Majlislarida ulfat edi. YA’qubbek o‘lganidan so‘ng u viloyatlarda tura olmay, Hirotga keldi. Hanuz Alisherbekka nisbatan qaltis hazil va kelishmaslik holatlari bo‘lardi. U jumladan biri buki, bir kun shatranj majlisida Alisherbek oyog‘ini uzatadi. Binoiyning orqasiga tegadi. Alisherbek mutoyiba bilan: «Hirotda ajoyib bir balo bordirki, oyog‘ingni uzatsang shoirning ketiga tegadi», deydi. Binoiy: «Agar yig‘sang ham shoirning orqasiga tegadi», deb javob qaytaradi. Oxiri bu zarofatlar tufayli yana Hirotdan Samarqandga jo‘nadi.

Alisherbek ko‘p va yaxshi narsalar ixtiro qilgan edi. Mabodo biror kishi qaysidir ishda bir yangilik yaratsa, u narsaning rivoji va ravnaqi uchun uni «Alisheriy» deb atardilar. Ba’zilar hazil bilan Alisherbekka nisbat berar edi. Chunonchi, Alisherbek quloq og‘rig‘ida ro‘mol bog‘lagani uchun xotinlar ko‘k ro‘molni qiyshaytirib «nozi Alisheriy» deb atadilar. Binoiy ham Hirotdan jo‘nash vaqtida eshagi uchun to‘qim tikuvchiga hech kimda mutlaqo uchramagan o‘zgacha bir to‘qim buyurtiradi va otini «Alisheriy» deb ataydi. U «poloni Alisheriy» (Alisheriy to‘qimi) nomi bilan mashhur bo‘ldi».

Ko‘rinib turibdiki, ikki shoir orasidagi munosabat ancha jiddiy va qaltis kechgan. Ammo Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» asarida Binoiyning bag‘oyat qobiliyati borligi, xatga ishq paydo qilgani, musiqaga mayl ko‘rgazganini e’tirof etgan.

Nima bo‘lganda ham Binoiyning hayoti ziddiyatlarga to‘la holda kechgan. U Shohruh Mirzo vafotidan keyin mamlakatda kuchayib ketgan toju taxt uchun kurash va o‘zaro urushlar sharoitida ulg‘aygan. 1458-yilda Qora quyunlilar sulolasidan bo‘lgan Jahonshoh Xurosonga bostirib kirib, Hirotni egallab oladi. Ko‘p vaqt o‘tmay temuriyzoda Sulton Abu Said qo‘shinlarining tazyiqi ostida mamlakatni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi. O‘sha vaqtda Jahonshoh o‘zi bilan birga shahardan 100 nafar hunarmand oilasini olib ketadi. Bular orasida me’mor Muhammad Sabz va uning oilasi ham bor edi. Binoiyning oilasi qariyb uch yil Sherozda istiqomat qilib, 1461-yilda yana Hirotga qaytib keladi.

1487-yilgacha Hirotda adabiyot, she’r ilmi, insho, musiqa va tarix fanlarini o‘rganadi. Bundan tashqari, u me’morchilik san’atida ham zamonasining peshqadamlaridan hisoblangan. Muhammad Sabz va uning o‘g‘li ishtirokida qurilgan binolar Hirotda va mamlakatning  boshqa shaharlarida juda ko‘p bo‘lgan.

Kamoliddin Binoiy 1487-yilda Tabrizga ketib, to‘rt yildan so‘ng Hirotga qaytgan. So‘ng Samarqandga kelgan. Bu yerda 2 qismdan iborat  «Behruz va Bahrom» masnaviysini yozib tugatgan. Samarqand hokimi Sulton Ali Mirzoga bag‘ishlab «Majma’ ul-g‘aroyib» qasidasini yozgan.

Binoiy dastlab Xoja Ubaydulla Ahrorning to‘ng‘ich o‘g‘li Xoja Qutbiddin Yahyo, so‘ng Bobur, 1501-yildan to umrining oxirigacha Shayboniyxon huzurida saroy shoiri va tarixchisi bo‘lib xizmat qiladi. 1507-yili Binoiy Shayboniyxon bilan birga Hirotga keladi va 1510-yilgacha ona shahrida istiqomat qiladi. 1511-yili shaharga Ismoil Safaviy qo‘shinlari yaqinlashishi bilan, u yana Movarounnahrga ketadi. Shayboniyxon vafotidan so‘ng Kamoliddin Binoiy hozirgi Qarshiga kelgan va shaharni mudofaa qilish ishlarida qatnashgan. Safaviylar uyushtirgan ommaviy qirg‘inda halok bo‘lgan.

Zayniddin Vosifiyning «Badoye’ ul-vaqoye’» asarida Binoiy Qarshini olish paytidagi voqealarda shahid bo‘lgani yozilgan, lekin uning jasadi qayerga dafn etilgani ko‘rsatilmagan. Asrlar o‘tib ketgani va manbalarda aniq manzil qayd etilmagani sababli, shoirning qabri bizning davrimizgacha yetib kelmagan yoki noma’lumligicha qolgan.

BEKZOD tayyorladi.

Exit mobile version