Yoxud bu dargohning mehrigiyosi bor, ohanrabosi bor…
27–iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
«Qashqadaryo» (sobiq «Qashqadaryo haqiqati») gazetasi… Bu nashr tashkil etilganiga yuz yildan oshdi.
Bir asrdan ziyod davrda bu otaxon gazetaning shonli tarixi paydo bo‘ldi, o‘ziga xos qadriyatlari, ibrat maktabi shakllandi.
Bejizga mamlakat nashrlari orasida birinchi bo‘lib «Oltin qalam» xalqaro tanlovi Bosh Milliy mukofotiga sazovor bo‘lmagan-da u…
Bayram arafasida eski xotiralarni titkilab, mana shu ulug‘vor maktab mehrigiyosi va ohanrabosidan bahramand bo‘lgan insonlar, tahririyat ichida va atrofida kechgan qiziq voqealar, zahmatkash va dilkash gazetchilarimizning kundalik quvonch va tashvishlari haqida hikoya qilmoqqa jazm qildik…
Mayda tuyg‘ulardan ustun sadoqat
Ayni paytda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritayotgan oqsoqol jurnalist Abdujalol Taypatovning ham zuvalasi «Qashqadaryo»da pishgan.
Abdujalol aka shunday hikoya qiladi:
– Suvon Soqiy degan ustozimiz bo‘lardi. Rahmatli samimiy va dilkash, beg‘araz inson edi. Shoirtabiat, o‘zi ham she’rlar yozardi. Yoshlar u kishini yaxshi ko‘rar, kezi kelsa, suyanardi.
Suvon aka bo‘lim mudiri, men qo‘lida ishlardim. Tahririyatga Kosondan bir yigit shikoyat qilib keldi. Fig‘oni falakka chiqqan, ko‘z yoshlarini to‘xtata olmasdi. Aytishicha, yarim tunda besh yoshli qizchasi isitmalagan. Oldin qishloq, keyin tuman shifoxonasiga olib borishgan. Qilingan muolajalar foyda bermay, qizcha vafot etgan.
Tahririyatning topshirig‘i bilan Kosonda bo‘lib, voqeani o‘rganib keldim. Qizaloqning o‘limida shifokorlarni e’tiborsizlikda, o‘z kasbiga sovuqqonlikda ayblab, maqola yozdim.
Suvon aka menga «mullo» deb murojaat qilardi.
– Mullo,- deya so‘radi safardan qaytgan kunim. – Xo‘sh, nima bo‘lgan ekan?
– Vrachlar aybdor, – dedim. – O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. Maqola yozayapman.
– To‘g‘ri qilasiz. Boplab uring! – dalda berdi ustoz.
Maqolani tayyorlab, ustozga o‘qish uchun berdim. Shu payt uning shahar telefoni jiringlab qoldi. Xonadan chiqib turdim. Keyin u kishini bosh muharrir chaqirdi. Birozdan so‘ng Suvon aka men o‘tirgan xonaning eshigini ochib:
– Mullo, yuring-chi, «oblzdrav»ning boshlig‘i so‘rayapti ekan. Boraylik-chi? – dedi.
Yo‘l-yo‘lakay ustoz viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshlig‘ini yaxshi mutaxassis sifatida hurmat qilishi, tanishligini aytdi.
Boshqarma boshlig‘i bizni qabulxonaga chiqib kutib oldi.
Suvon aka meni tanishtirdi. «Yosh, kelajagi bor, qalami o‘tkir yigitlarimizdan», deb qo‘shib qo‘ydi.
Boshliq yaxshi ish bo‘lmagani, zarur choralar ko‘rilayotgani, aybdorlar albatta jazolanishini aytib, iloji bo‘lsa, voqeani matbuotga olib chiqmaslikni iltimos qildi. Bundan keyin hamkorlikda ishlashini bildirib, gap orasida biron xizmat-pizmat bo‘lsa, bemalol kelishim mumkinligini ham qistirib o‘tdi.
Suvon akani yaxshi tanishini, juda hurmat qilishini alohida uqtirdi.
Ustoz biron narsa deng, degandek menga burildi, men yerga qaradim.
Tahririyatga qadar ikkalamiz ham jim keldik. Xonaga kirgach:
– Xo‘sh, mullo, endi nima qildik? – deya so‘radi.
– Maqolani o‘qib ko‘ring-chi? Menimcha, berganimiz ma’qul. Marhum qizchaning ota-onasi biroz taskin toparmidi? – dedim mujmallanib.
Suvon aka indamay stol chetida turgan qo‘lyozmani oldi…
Ertasi kuni bosh muharrir huzuridagi «planirovka»da Suvon aka qattiq turib mening maqolamni «nomer»ga berishni talab qildi. O‘sha paytlarda viloyat gazetalari haftada besh marta chop etilardi. «Xolis va haqqoniy yozilgan», dedi u.
Tanqidiy maqola «Men sizni kechirmayman, do‘xtir!» sarlavhasi bilan e’lon qilindi va viloyatda ancha-muncha shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Keyinroq tushundim. O‘sha paytda ustoz yosh, boshlovchi jurnalistning ko‘ngliga qaramasdan, maqolaning bir-ikkita kamchiligini topib, qaytarib bersa ham bo‘lardi. Ammo Suvon aka yosh hamkasbining ko‘nglidagi adolatga bo‘lgan ishonchni, kasbga bo‘lgan ixlosni so‘ndirgisi kelmadi. Kasbga sadoqati mayda tuyg‘ulardan ustun keldi…
Korrektordan chiqqan hokim
Ne-ne taniqli kishilar bu maktabdan uchirma bo‘lmadi, deysiz…
Masalan, Normurod Narzullayev, Samar Nur, Xosiyat Lutfullayeva, Sirojiddin Rauf, Chori Latipov, Hakim Sattoriy, Amir Xudoyberdi singari taniqli shoir va yozuvchilar, jurnalistlar o‘z faoliyatlarini mana shu nashrdan boshlashgan. Bizga bergan intervyularidan birida viloyatning taniqli tadbirkori, rahmatli Nazira Shodmonova oltmishinchi yillarda shu tahririyatda mashinistka bo‘lib ishlagani haqida g‘ururlanib gapirib bergandi.
O‘tgan asrda Kitob va G‘uzor tumanlari, viloyat hokimi lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan fidoyi inson Ozod Parmonov o‘z faoliyatini gazetadan boshlagani haqida ko‘pchilik bilmaydi.
Bu xususda taniqli olim Abdirahim Erkayevning o‘tgan yili chop etilgan «Ozod davr epkinlari» kitobida shunday yozilgan:
«Ozod adabiyotga qiziqib qoldi. 6-7-sinfdan Qamashi tumani «Kommunizm uchun» gazetasiga qishlog‘ida, kolxozida bo‘layotgan yangiliklar haqida turli xil xabar shaklidagi maqolalar yozib jo‘nata boshladi.
…Ozod Parmonov Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga topshirdi. Ammo o‘sha yili ko‘plab havasmand ijodkor-abituriyentlar qatorida u ham konkursdan qaytdi…
Barcha yozgan-chizgan, chop etilgan maqolalarini olib, Ozod Qarshi shahriga, viloyat gazetasi – «Qashqadaryo haqiqati» tahririyatiga yo‘l oldi…»
Bu xususda Ozod Parmonovning o‘zi shunday yozadi: «Gazeta redaktori, salohiyati o‘ta baland Yo‘ldosh aka Umarov men bilan suhbatlashib, chop etilgan ishlarimni o‘qib, korrektorlikka ishga qabul qildi. Keyinchalik taniqli shoirga aylangan Ismoil To‘xtamishev ham o‘qishga kirolmasdan korrektorlikka ishga olindi. Birga ishladik.
O‘sha yili Abdulla aka (Abdulla Oripov nazarda tutilmoqda – N.E.) bilan tahririyatda tanishganman. U kishi ota-yurtga kelgan chog‘ida, albatta, tahririyatga kirardi. Ismoil Abdulla aka bilan yaxshi tanish ekan. Bu yerda Abdulla akaning qalamkash do‘stlari ko‘p ekan… Samad Qodirov, Ro‘zijon Nurmatov, Suvon Soqiyev, Abdi Pardayev, Temir va Bahrom Shoyqulov kabi ko‘zga ko‘ringan jurnalistlar bilan har galgi uchrashuvlar havas qilarli darajada samimiy o‘tardi.
Esimda, Abdulla aka Ismoil ikkalamizga yuzlanib: «Ukalarim, korrektor – gazetaning yuzi, oynasidir. Sizlar mas’uliyatli joyda ishlayapsizlar, bo‘lg‘usi jurnalist korrektorlikda toblanadi», dedi. Biz ikkalamizga Toshkentga borganda, albatta, u kishi bilan uchrashishni tayinladi. Ismoil bir yildan keyin jurnalistikaga o‘qishga kirdi. Abdulla akaning sodiq shogirdiga aylandi. Men esa boshqa yo‘nalishdan ketdim».
«To‘yga aytib keldim, dadasi»
O‘tgan asrning saksoninchi yillarida tahririyatda mas’ul kotib o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Madat Primov (oxiratlari obod bo‘lsin) degan kishi bilan sodir bo‘lgan qiziq voqeani ustozlarimiz maroq bilan hikoya qilishadi.
Madat aka xonasida navbatdagi sonning maketi (namunasi)ni chizib o‘tirgan ekan, xonasiga turmush o‘rtog‘i kirib kelibdi. Madat aka olis tog‘ tumanidan kelib, ijarada yashab, ishlar, qishlog‘iga haftasiga bir borib kelar ekan.
– To‘yga aytib keldim, – debdi yanga. – Uydagilar o‘g‘lingizning xatna to‘yini belgilashdi…
– Esing joyidami? – debdi Madat aka mas’ul kotiblarning «strokomer» deb ataladigan maxsus chizg‘ichini jahl bilan maket ustiga urib. – Gazeta chiqadigan kun ekan-ku…
To‘qsoninchi yillar oxirida iqtisodiyot bo‘limi muxbiri bo‘lib ishlagan, g‘uzorlik Ahad aka Muhammadiyev bilan kechgan xuddi shunga o‘xshash voqeaga o‘zim guvoh bo‘lganman.
Kechqurun bosh muharrir Bo‘ri Norqobilovning xonasida sahifalarni muhokoma qilib turgandik. Navbatchi Ahad Muhammadiyev kirib qoldi.
Ancha vaqt bir chekkada qimtinibgina turdi.
– Biron gapingiz bormi? – so‘radi bosh muharrir. – Sahifalarni o‘qib tugatdingizmi?
– Yo‘q, hali ikkita bet korrekturada, – dedi Ahad aka o‘ng‘aysizlanib.
– Unda tezlashtirmaysizmi? Qarang, soat ham yigirma ikki bo‘lyapti…
– Shu desangiz, – dedi Ahad aka tortinibgina kulimsirab. – G‘uzorda… qishloqda… uyimizni sel obketibdi…
– Nima-a-a-a? – bosh muharririmiz ko‘zoynagi ostidan Ahad akaga hayrat bilan boqdi. – Sel obketibdi?
– Ha, – dedi Ahad aka yana qimtinib. – Xudoga shukr, hamma sog‘-omon… Faqat uyimiz ketibdi…
– Unda nega bemalol o‘tiribsiz? – dedi Bo‘rivoy aka xavotiri oshib. – Tezda uyga jo‘nang… Tavba, qanaqa odam bu…
Ahad aka yelka qisib, eshik tomonga yo‘naldi. So‘ng o‘girilib asta so‘radi:
– Gazeta nima bo‘ladi?
«O‘ttiz yo‘llik» xabar
Gazetchi ayollarga, qizlarimizga oson tutmang…
Xizmat safari, maqola yozish, navbatchilik zahmatlari. Oila, ro‘zg‘orgayam ulgurish kerak…
Dilbar Kenjayeva – mana shunday zahmatkash opalarimizdan biri.
Bir kuni rahbar uni hokimlikdagi nufuzli yig‘ilishga jo‘natdi.
Opa juda kech qaytdi. Hamma charchagan, sahifalar tayyor, faqat opaning xabarini kutyapmiz.
Odatlarini yaxshi bilganliklari uchun mas’ul kotib Olim Toshev opaning xonasiga atay borib, ogohlantirib qaytdi:
– Dilbar opa, birinchi betdan 30 yo‘l joy qo‘yganmiz, o‘t-tiz yo‘l, o‘t-tiz!!!
Oradan ikki soatlar o‘tdi hamki opa tugatay demaydi.
Nihoyat sabr kosamiz to‘lib-toshgan paytda opamiz qo‘llarida ancha qalin qog‘ozlar bilan kotibiyat eshigida paydo bo‘ldilar:
– Olimjon, uzr, sahifa bo‘ldi…
Abdulla akani G‘uzorga jo‘nata ko‘rmang…
Gazetachilik mashaqqatini yengishning eng oddiy yo‘li – samimiy hazillar edi. O, tahririyat hangomalariyu askiyalari! Kulgidan derazalar zirillab ketardi. Eslaganing sari diling yayraydi, beixtiyor yuzingga tabassum yuguradi…
Botir Temirov degan betakror jurnalistimiz bor edi (yaqinda berib qo‘ydik… Oxirati obod bo‘lsin!)
Tili nordongina, hazillari juda beg‘ubor edi…
Abdulla Boboyorov degan qamashilik jurnalist pensiya yoshiga yaqinlashganida bir muddat «Qashqadaryo»da ijtimoiy siyosat bo‘limida ishladi. Juda mehnatkash odam ekanlar.
O‘sha yili bahorda tomorqachilik mavzusi trendga chiqdi. Odatdagi kampaniyabozlik boshlandi. Shu mavzuni xush ko‘radigan Abdulla akaning kuni tug‘di. Uch-to‘rt kunlab yo‘qolib ketib, sahifa-sahifa maqola jo‘natadilar…
Bir gal sermahsul akamizni Qamashiga xizmat safariga jo‘natdik. Odatdagiday uch kun nom-nishonsiz ketib, tomorqachilikdan bir necha tumanlar manzillaridan bir sahifa maqola topshirdilar.
Sahifaning ostida «Abdulla Boboyorov, Qamashi – Yakkabog‘ – Shahrisabz – Kitob» deb yozilgan edi.
Buni o‘qigan Botir aka odatdagiday hozirjavoblik bilan hazilni «qalpoq» qilib qo‘ydi:
– Nuriddin, keyingi safar Abdulla akani G‘uzorga jo‘nata ko‘rmang…
– Nega endi?
– Nega bo‘lardi, keyin bir oy yo‘qolib ketib, tomorqachilikdan shunday yozib keladilar: «Abdulla Boboyorov, G‘uzor – Dehqonobod – Boysun – Termiz – Mozori Sharif – Kobul…»
«Xontaxtaning tagida»gi jurnalist
To‘qsoninchi yillarning oxiri, tahririyatda endi ish boshlagan kezlarim edi.
O‘sha paytlarda urf bo‘lgan mavzuda – ilg‘or xo‘jalik raisi haqida ocherk yozgan keksa jurnalistlarimizdan biri uni yarim tunda o‘rnidan turib, tashqariga aylanib kelgach, xotiniga ob-havoning avzoyi yomonligidan, dalada paxta qolib ketayotganligidan shikoyat qilgan holda tasvirlabdi.
Yoshlik – g‘o‘rlik ekan-da, bilib-bilmasdan ustozga qaltisroq savol berib yuboribman:
– Shu gaplaringizga o‘zingiz ishonasizmi? Raisning yarim tunda xotiniga aytgan gapini qayerdan eshitdingiz? O‘sha paytda siz qayerda edingiz – xontaxtaning tagidami?
Tez orada ustozlar menday «betgachopar»ning adabimni berishdi – kaminani, kelganiga ikki yarim yil to‘lmagan, hali talabalik nuqsi ketmagan yosh qalamkashni juda mas’uliyatli va og‘ir lavozim – mas’ul kotiblikka ko‘tarib qo‘yishdi. Bag‘rikenglikni qarang, tavsiya berganlar orasida o‘sha «xontaxta tagida»gi jurnalist ham bor edi…
«Undan ko‘ra «chalasavod» deng…»
Tabiiyki, tahiririyatda ishlaydigan barcha ijodiy xodimlarning mutaxassisligi jurnalist bo‘lavermasdi. Masalan, menday filologlar ko‘pchilik edi. Tarixchilar, tarjimonlar, texnik-muhandislar, kimyogar-biologlar, agronomlar, iqtisodchilar ham topilardi bizda…
Shu mavzuda kechgan bir voqeani uzoq yillar tahririyatda ma’naviyat bo‘limi muharriri bo‘lib faoliyat yuritgan iste’dodli qalamkash Tolib Temirov (hozir aeroportda ishlayapti) davralarda ko‘p eslaydi.
– Bilasizlar, men – tarixchiman, – deydi u. – Tahririyatga azbaroyi she’riyatga qiziqishim tufayli kelib qolganman.
Bir kuni mening navbatchiligimda bosh muharrirga kiritilgan sahifada nozikroq xato o‘tib ketgani aniqlanib qoldi.
Bo‘ri Norqobilov mashhur aktyor Yodgor Sa’diyevnikiga o‘xshagan salobatli ovozi bilan tomoq qirib, o‘rinbosarini koyiy ketdi:
– Ko‘zlaring qayerda sizlarning? Siz – bir chalasavod, anovi turgan mas’ul kotibingiz – yana bir chalasavod… Mana buningiz…
Bosh muharrir qahr to‘la ko‘zlarini menga tikdi. Ko‘zlarimni chirt yumib, asta boshimni quyi soldim. Sovuq ter bosdi. O‘rinbosarlarini ayamagan odam meni nimalar desa…
– Buningiz bir … «tarixchi» bo‘lsa…
Balki, rahbar o‘zlaricha meni avaylagandir… Ammo o‘sha paytda boshimdan bir chelak suv quyilganday bo‘ldi. Yo‘q, shu paytgacha tanlagan soham bilan faqat faxrlanib kelganman. Ustoz ham aslida tarixni juda qadrlaydigan odam…
Biroq gap kelganida ayamay savalab qoldilar-da…
«Undan ko‘ra el qatori «chalasavod», deng, Bo‘rivoy aka…»
«Dunyo go‘zal»ligining sababi
Tahririyatda uzoq yillar bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Nomoz Ahmedov – sodda, beg‘ubor inson.
Tahririyatda deyarli har kuni ish qizg‘in bo‘lar, ba’zan tushlikni ham xonaning o‘zida, sahifa o‘qib turib qilishga to‘g‘ri kelardi… Bo‘lganida «perashka», yo‘g‘ida qoqnon…
Bir kuni bosmaxona bilan bog‘liq muammo bo‘ldi. Ranglar chaplashib, suratlar yaxshi chiqmagan edi.
Nomoz aka – o‘rinbosar, kamina – mas’ul kotib rahbardan qalampirli dashnomlarni olib, poyi-piyoda bosmaxonaga jo‘nadik. O‘sha paytda bosmaxona ma’muriyati idoramizdan to‘rt-besh bekat narida edi. Ishni bitirib ortimizga qaytar ekanmiz, Nomoz aka atrofdagi bahor tarovatidan zavqlanib, hayajon bilan so‘zlab kelardi:
– Qarang, shahrimiz qanday chiroyli bo‘pketibdi. Manovi hashamatli binolarni qachon qurib qo‘yishdi? Manavi daraxtlar, gullarni qarang… Quyoshning porlashini ko‘ring… Osmonga, bulutlarga… anavi chiroyli opalarga qarang…
– Nomoz aka, dunyo ko‘zingizga bunchalar chiroyli ko‘rinayotganining sababini aytaymi? – dedim ustozning hayratlarini zimdan kuzatar ekanman. – Yaqin o‘rtalarda kunning bu paytida Siz ko‘chada bo‘lmagansiz. Xonadan ko‘chagayam chiqib turing-da, hatto mahbuslarga ham ikki soat toza havoda sayr qilishga imkon berishadi…
«G‘oya» bor, «Qoya» bor va yana…
Taniqli adib va noshir Temirpo‘lat Tillayev ham bir muddat shu yerda ishladi.
Uning birinchi navbatchiligi rosa qiziq bo‘lgan. Kun botyapti hamki, bosh muharrirga sahifa o‘tmayapti. Musahhihlardan so‘rasam, «navbatchi Temir akaga berganmiz», deyishdi.
Temir akaning stuliga uzun plashi osig‘liq turibdi. O‘zi yo‘q. Telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermadi. Oxiri izlab-izlab 8 ta sahifani u kishining tortmasdan topib oldik. Buklab, ichkaridan ichkariga tiqib tashlangan ekan.
Shu kuni navbatchimizdan darak bo‘lmadi. Ishni o‘zimiz tugatdik.
Ertasi kuni izoh so‘radik.
Temirpo‘lat aka bamaylixotir javob berdi:
– E, hali gazeta kecha chiqishi kerakmidi? Men qayerdan bilay? Nashriyotda kitoblarni oylab bemalol ko‘raverardik-da…
Odatda bosh muharrirga kirib, ajoyib g‘oyalar berib chiqardi tashabbuskor akamiz. Ammo ijrosiga kelganda o‘zlarini izlab qolardik… Shu bois «G‘oya» degan ulug‘ nisbaga «musharraf» bo‘lgandi.
Buniyam tarixi qiziq. Bir kuni bosh muharrir Narzulla Ravshanovning (oxirati obod bo‘lsin) xonasida uch-to‘rt kishi suhbatlashib turgandik.
Xonada Temirpo‘lat Tillayev, Shomurod Sharopov va… ko‘pchilik uncha xushlamaydigan, laganbardor bir kishi o‘tirardi.
Mehnat ta’tilida bo‘lgan Nomoz Ahmedov rahbarga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rab qoldi. So‘ng «yoningizda kimlar bor?», deb so‘radi.
Narzulla aka avval Tillayevga tomon qarab: «G‘oya bor…», Sharopovga qarab: «Qoya bor…», dedi.
Oxiri boyagi nusxaga tomon o‘girilib, kuldi:
– Yana «Soya» ham bor ekan…
II miz III bo‘lgan kecha
Bu tafsilotlarni bugun ijtimoiy tarmoqlarda ijod qilayotgan, xato o‘tkazib qo‘ysa, pinagi buzilmaydigan «e’jodkor»larga saboq uchun ham yozyapman…
Gazeta chop etilganidan keyin biz – navbatchidan tortib, musahhih, sahifalovchi operator, mas’ul kotibgacha barchamiz uni ichki xavotir bilan varaqlaymiz. Ko‘ngilda hamisha bir hadik bo‘ladi: «Ishqilib xato o‘tib ketmadimikan?»
Bu hadik avvalo mas’uliyat mevasi bo‘lsa, boshqa sabablar ham yo‘q emas edi. Nozikroq xato ketgan gazetalar ba’zan bosmaxonada qaytadan bosilar, ba’zan esa pochtadan va kiosklardan yig‘ishtirib olinib, ortga qaytarilardi. Xarajati… xatoga yo‘l qo‘yganlarning bo‘yniga tushardi.
Shu bilan qutulsangiz-ku, mayli. Hayfsan olib, 6 oy mukofotsiz qolardingiz.
Bu bilan ham qutulmasligingiz mumkin. Agar ilgari ham intizomiy jazolar bilan «siylangan» bo‘lsangiz, jarimalarni to‘laganingizdan so‘ng ko‘chaga haydalar edingiz.
Shunaqa. Gazetchilikni chidaganga chiqargan.
Bu voqega 15 yildan oshdi. Ammo ko‘pchiligimiz hamon eslab yuramiz…
Yanvarning so‘nggi kechalaridan biri. Gazeta bosmaxonaga topshirilgan, odatdagidan ertaroq bosib bo‘lingan, hamma ketishga taraddudlanayotgan edi.
Bir payt sahifalovchimiz Umidaning rangi quv o‘chib, xonamga gazeta ko‘tarib keldi.
– Xato o‘tibdi, yomon xato… – dedi barmog‘i bilan sahifaga nuqib – Eh, qanday adashdim… Korrekturadagilar ham e’tibor qilishmabdi…
Ko‘rdim. «Jurnalistika sohasida «Oltin qalam» Bosh Milliy mukofoti III xalqaro tanlovi…» degan sarlavha «II xalqaro tanlovi…» bo‘lib turibdi-da… yana birinchi va ichki betda takrorlangan.
Ufff… Ikkinchi tanlov Bosh mukofotini jamoamizning o‘zi olgan-ku. Qanday o‘tib ketgan bo‘lsa…
Nima bo‘pti, dersiz? Bizdagi talabchan muhitda bu fojianing o‘zginasi edi.
Iloj yo‘q. Bo‘yinni egib, rahbarga gazetani olib kirdik.
Bosh muharrir Narzulla Ravshanov rosa darg‘azab bo‘ldi, xatoga yo‘l qo‘ygan sahifalovchi, navbatchi, navbatchi muharrir, musahhih, musahhih yordamchisini jazolash bo‘yicha bildirgi yozishimni buyurdi.
– Bildirgi ham, jazolash ham qochmas, gazetani tuzatishimiz kerak, – dedim unga.
– O‘n ikki ming tiraj bosilib bo‘lgan, – dedi Narzulla aka xunobi oshib. – Qayta bosasiz-da. Nimayam qilardingiz endi…
Sekin bosmaxonadan xabar oldim. Bosmaxona xodimlari bir yo‘li bor, ammo juda qiyin ekanligini aytishdi.
Xullas, ular qo‘rg‘oshindan quyilgan, eski davrlardan qolgan bir necha muhrcha tarzidagi I rim raqamini topib berishdi. Uni qora bo‘yoqqa botirib, II yoniga bosib chiqilsa, III hosil bo‘lardi. Ammo juda ehtiyotkorlik bilan…
Tepaga qaytib chiqib, avval rahbarni ko‘ndirdim. U ishonqiramay «bilganingizni qiling», qabilida qo‘l siltadi. Keyin ijodiy zalimizga kirib, hammaga e’lon qildim: «Hurmatli hamkasblar, xatoni tuzatsa bo‘lar ekan. Kimning vaqti va imkoni bo‘lsa, hasharga!»
Ishonasizmi, xatoga sira daxli bo‘lmaganlar, hatto hisobchiyu xo‘jalik ishlari mudirigacha hasharga tushibdi. Pastda 12 ming adadli gazeta tog‘day uyulib yotardi. Kimdir mashina chaqirib, 500 tasini uyiga olib ketdi. Kimdir varaqlab turdi, kimdir muhr bosishga tushdi.
Qorli izg‘irin tun, bosmaxona sexi muzday sovuq edi. Musahhih opamizning etigidan suv o‘tgan ekan. Oyog‘i muzlab qolay desa ham ishni tark etmadi. Hasharchilarga kechki ovqat uchun somsa topib keltirdik. Hammaning qo‘li, yuzi, burni qora, somsa kavshab, bir-biriga qarab kuladi…
Nihoyat ahillik va oqibat g‘alaba qildi. Erta tongdan xato to‘liq bartaraf etilib, gazeta pochta xodimlariga topshirildi…
«Biz – kelajakmiz!»
To‘qsoninchi yillar oxirida ancha islohotchi bo‘lgan bosh muharrir Norqobilov gazetani kompyuterlashtirdi, ofset usulida bosishga o‘tildi. Shuningdek, ancha-muncha yosh muxbirlarni ishga oldi: Botir Temirov, Hulkar Norqobilova, kamina… Keyinroq Tolib Temirov, Aziz Nuriy (Aziz 16 yoshda edi o‘shanda…), Kamoliddin Karimov, Sobir Narziyev…
Bu an’ana va islohotlar Narzulla Ravshanov rahbarlik qilgan yillarda ancha rivojlandi: gazeta rangli chiqa boshladi, Nazarali Tillayev, Sarvar Ochilov, Bahodir Halimov, Bahodir Musayev, Asror Allayorov, Dinara Ortiqova, Feruz Xolmirzayev, Nilfiya Nuriddinova… bir qator yosh ovozlar kashf qilindi, tarbiyalandi…
Har birlari o‘z yo‘llarini, uslublarini topib olishdi bu yerda… Nufuzli ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyat qozonishdi.
Bir kuni ancha qiziqqon bo‘lgan iste’dodli shoir ukamiz Bahodir Halimov (Bahodir Bahrom) bosh muharrir bilan tortishib qoldi.
Bahodir olis tog‘ tumanidan safardan qaytib, ishning natijasi haqida rahbarga hisob bergani kirgan ekan. Qattiqqo‘l Narzulla aka ishni chala qilganini aytib, unga tumanga qaytib ketishini buyurdi.
Alam va g‘azabdan dadillangan shoirimiz to‘g‘ri rahbarning tepasiga borib, shunday dedi:
– Menga qarang, o‘rtoq bosh muharrir, tan olasizmi, yo‘qmi, Siz – o‘tmishsiz, biz – kelajakmiz!
Shunday deya eshikni yopib chiqib ketdi…
Narzulla aka shu gapidan keyin uni haydab yuborsa kerak, deb o‘ylagan edik. Aksincha, rahbarning shoirga hurmati oshdi. «Mana shunday dadil yoshlardan haqiqiy jurnalist chiqadi», dedi zavq bilan…
Darvoqe, janob «Kelajak» keyinroq ancha yillar poytaxtda turli nashrlarda, «Mahalla» telekanalida ishladi, Shahrisabz tumani hokimining matbuot kotibi bo‘ldi, hozir «Ishonch» gazetasining viloyatdagi muxbiri… Katta shoir ham!
Gazeta – bu…
Bundan 7 yil muqaddam ijtimoiy tarmoqdagi guruhda ayrim blogerlar gazetchilarga rosa «tosh» otishdi.
Nima emish – gazetadagilar majburiy obuna ortidan kun ko‘radigan tekinxo‘rlar emish. Gazeta esa o‘choqqa tutantiriq yoki yana birnimalarga yararmish xolos… Ularning davri tugaganmish…
Yurakni og‘ritadigan ta’nalar edi. Mana bu misralarni o‘sha guruhda yozgandim. Menimcha, shu o‘rinda takrorlashning mavridi keldi…
«Gazeta – bu Qadriyat. Garchand bugun qadrini sal yo‘qotgan bo‘lsa ham… Qadriyatidan uzilganlar halokatga mahkum.
Gazeta – bu Tarix. Eski aksioma: tarixi yo‘qning kelajagi yo‘q. (Darvoqe, Lenin, Stalin, Brejnev surati bor gazetadan ham hikmat topish mumkin).
Gazeta – bu Bong. Vaqtida jadidlar aynan u orqali millatni uyg‘otgan, ko‘zini ochgan. Bugun atrofimizda urchib ketgan «trol»lardan farqli o‘laroq halqum emas, xalqim degan…
Gazeta – bu Kelajak. Bir kun kelib odamlar avom «pressa»sidan zerikib, asl publitsistikani sog‘inib qolishadi. Hech bo‘lmasa, Xoslar…
Gazeta – bu Qozon. Ko‘pning rizqi qaynagan qozon. Og‘zi kuygan borib qozonga tupurmaydi.
Gazeta – bu Professionallik. OAVdagi va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa «pro-pro»lar undan keyin paydo bo‘lgan.
Gazeta – bu Til, Imlo, Etika.
Gazeta – bu Ota. Bir umr simli telefon xizmatida ishlab, bola-chaqa boqqan, keksayganida ayfonni bilmagani uchun o‘z bolalariga mazax bo‘lgan ota…
Gazeta – xokisor Jabrdiyda. Majburiy obuna ortidan semirganlar uchun U javob bermaydi.
Gazeta – bu Teatr sahnasi. Kinodan balandroq va… muqaddas.
Gazeta – bu Shoshmaqom. Uni eshitmaganlar va tushunmaganlar uchun u aybdor emas.
Gazeta – bu Tramplin. Minglab TVchilar, radiochilar, blogerlar uchun…
Gazeta – bu Maktab. Muallimi ko‘chada yantoq chopib, Rossiyaga borib kelgan shogirdi mingan mashinaning changida qolgan…
Gazeta – bu Daryo. Kimdir xas tashlagani bilan bulg‘anib qolmaydi. Oqaveradi!»
* * *
Bitiklarimizga nuqta qo‘yish juda og‘ir kechdi. Axir qanchadan-qancha masrur va mahzun hikoyalarimiz qolib ketyapti…
Hali ko‘p yozamiz shekilli…
Taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning «Navoiy 30» degan asari bor. Poytaxtdagi shu manzilda joylashgan ijod maskanlari hayotidan hikoya qilinadi bu kitobda…
Men ham, nasib etsa, shu dargohning farzandi sifatida «Qashqadaryo»ning betakror maktabi, benazir odamlari va bezavol yo‘li haqida shunday ruhdagi kitob yozishni niyat qilganman…
Ungacha aziz «qashqadaryo»chilarimni kasb bayrami bilan tabriklayman!
Sizlar – zo‘rsizlar, qadrdonlarim… Zo‘rsizlar!!!
Oltin qalamlaringiz yanada o‘tkir bo‘laversin!
Nuriddin EGAMOV,
jurnalist