Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat BIR ODAMNING SABOTI BUYUK BIR MILLATNI ISLOH ETISHGA QODIR
Ma’naviyat

BIR ODAMNING SABOTI BUYUK BIR MILLATNI ISLOH ETISHGA QODIR

Saralangan satrlar

Jadid ma’rifatparvarlari o‘tgan asr boshlarida Vatanni ozod, millatni savodxon, yurtni taraqqiy etgan holda ko‘rishni istab, bu yo‘lda jiddu jahd ko‘rsatgan edilar. Bu davrda dunyoning ko‘plab davlatlari rivojlanish borasida ancha ilgarilab ketgan, yurtda esa qoloqlik, mahdudlik, qaramlik, qullik hukmron edi. Jadidlar ayni o‘sha rivojlanishni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar, dunyo kezib, qarashlari o‘zgardi, boyidi va yurtda ham o‘zgarishlar bo‘lishini istashdi. Ammo ularning bu istaklari xonlaru amirlar, rus mustamlakachilariga yoqmadi va millat oydinlarini jisman mahv etishdi…

Ana shunday ma’rifatparvarlardan biri Abdurauf Fitrat edi. U 1909-yilda yozilgan “Munozara” asarida Buxoro amirligi islohotlarga muhtoj ekani haqida yozgan, 1912-yilda Istanbulda nashr etilgan “Hind sayyohining qissasi” asarida ko‘plab ehtirozlarini bayon etgandi.

Asar Buxoroga kelgan hindistonlik musulmon sayyoh tilidan hikoya qilinadi. Aslida hind sayyohi – yozuvchining o‘zi. Akademik Baxtiyor Nazarov bu haqda shunday yozadi: “Fitratning asar qurilmasi borasidagi mahoratiga, fikrni bayon etish uslubiga tan bermasdan iloj yo‘q. “Hind sayyohi” yozilgan paytda Rossiyada Stolipin islohoti avjga chiqqan, birinchi rus inqilobining “achchiq saboqlari” hukmron sinfni larzaga solgan, ana shular ta’sirida esa Rossiyaga qaram bo‘lgan Buxoroda ma’rifatparvar jadidlar harakati ancha kuchaygan edi. Shuningdek, bu davrda Turkiya va Erondagi ma’rifiy-inqilobiy harakatlar jonlangan, Afg‘onistonda mustabid amir Habibulloxon zulmiga qarshi Omonulloxon, Mahmud Tarziylar harakati yuzaga kelgan edi. Fitrat Yaqin Sharqdagi hayotbaxsh o‘zgarish va yangilanishlardan qattiq ta’sirlangani asarda yaqqol sezilib turadi”.

Ma’lumki, o‘tgan asr boshlarida Qashqadaryo hududi Buxoro amirligi tarkibida edi. “Hind sayyohining qissasi”da voha shaharlariga oid tanqidiy fikrlarni ham uchratamiz. Jumladan,  kitobda yerlardan unumli foydalanish haqida so‘z yuritilib, agar shu Shahrisabz yerlari Yopon elida bo‘lganida edi, zar ekib, zar undirar edilar”, deyiladi.

Umuman, kitob ilg‘or fikrli ziyolining teran qarashlari aks etgani bilan ahamiyatlidir.

*  *  *

Payg‘ambar hazratlari “qabristonni ziyorat etingiz, chunki bu sizlarga oxiratni eslatadi”, deb uqtirganlar. Albatta, mozorlarni ziyorat etish, agar o‘liklar va qiyomatni eslash uchun bo‘lsa, yaxshi ishdir. Lekin, masala shundaki, bu ziyoratni butparastlik darajasiga yetkazish kerak emas. Insof qiling: hazrat mozorida namoz o‘qiysiz, bu mozor tug‘ining cho‘piga sajda etasiz, hojatlaringizni chiqarishni Bahovuddindan tilaysiz. Bugun Buxoroda hech kim yo‘qki, “yo Alloh” o‘rniga “yo Bahovuddin” demasa. Bularning hech biri shariatga mos emas. …Biz Bahovuddin hazratlarini yaxshi ko‘ramiz, ehtirom etamiz, ziyoratlariga kelamiz, lekin bu muhabbatimiz, ehtiromimiz, ziyoratimiz bizni shariat qonuniyatidan chiqarib, bahovuddinparastlikka olib kelishi mumkin emas.

*  *  *

Olamga to‘rt yuz olimni hadya etgan Buxoroi sharif shunchalik mustahkam ilmiy kuchga ega bo‘lib, endi… oh! Buyuk badbaxtlik bilan iqror bo‘lamanki, hozir bu madaniyat quyoshining osmoni, bu insoniyat olamining jannati, bu fozillar dunyosining ma’mur xonadoni, bu ma’rifat jahonining darsxonasi taraqqiyot uchun barcha vositalarga ega bo‘lsa ham, jaholatning asl makoni, xorlik zanjirining asiriligicha qolyapti. Tirikchilik uchun barcha zarur vositalari bo‘lishiga qaramasdan, yoqasini ajal panjasiga topshirgan.

Vo ajab, nega?

Shuning uchunki, yuqoridagi barcha xayr joylar, hisobsiz mablag‘lar xalq mulkini talovchi bir to‘da razolatpesha xudobexabarlarning razolat uyiga aylanib, ikki-uchta o‘z qornini o‘ylaydigan insofsiz kimsalarning fasod to‘la qozonini qaynatishdan boshqa narsaga yaramasa, birovning og‘irini yengil qilmasa, ulardan xalqqa nima naf?

*  *  *

Uch yuzga yaqin ibtidoiy maktabga egamiz, lekin bularning bari besavod muallimlarning razolatxonasiga aylangan. Oh, yo rabbiy! Qanday ajib tilsimdir bu mulkning ahvoli! Bugun dunyodagi boy mulkdorlar o‘g‘rilik, badaxloqlik, razolat, bechoralikni yo‘q qilish uchun maktablar ochadilar va agar shaharlarida bir maktab ochilgudek bo‘lsa, do‘ppilarini osmonga otadilar. Bizda esa uch yuzdan ortiq ibtidoiy maktab bo‘la turib, bolalarimiz o‘g‘rilik, badaxloqlik, razolat va bechoralikka mahkumdirlar.

*  *  *

Ilohiy qonun budir: modomiki biron bir qavm o‘zining ishlarini Alloh farmoyishi asosida olib bormas ekan, o‘zining shaxsiy hayotini sharaf, saodat va farog‘at, buyuklik bilan hamqadam bilib o‘tkazmas ekan, tinchlik va osoyishtalik niyatlarini yo‘qqa chiqarishga intilib, kibr va g‘urur vodiysiga qadam qo‘yar ekan, chin haq va adolat yo‘lidan chiqar ekan, o‘sha zahotiyoq shon-sharaflari yer bilan yakson bo‘lib, osoyishtaliklari zahmatga, buyukliklari esa xorlikka aylanishi muqarrardir!.. Va qachonki bu adashuvchilar falokat va ojizlik yukidan “dod” deb, g‘aflat uyqusidan uyg‘onib o‘zlarining saodatlarini barqaror etish yo‘lida sa’y-harakat etsalar, hazrat bori taolo ularning qaytadan dardlariga davo ato etib, qo‘ldan ketgan ne’matlarini qaytarib beradi.

*  *  *

Sabot va chidamdan boshqa narsasi bo‘lmagan millatning hamma narsasi bo‘lishi mumkin va sabot-matonatdan boshqa hamma narsasi bo‘lgan millat hech narsasiz qolishi mumkin. Bir odamning saboti buyuk bir millatni isloh etishga qodir. Isloh etuvchilar toifasi uchun sabotdan bo‘lak asl qurol yo‘q. Sabotsizlik zahri qotildirki, har bir millatning tanglayiga tushsa, dimog‘idan tutun bo‘lib chiqadi…

*  *  *

Darhaqiqat, ovrupoliklar o‘zlarining yuksalish asoslarini islom ahlidan olganliklarini ko‘ramiz. Bugun esa, yo rabbiy, qo‘ldan ketgan madaniyatimizni tiklashga harakat qilgan zahotimiz ulamolarimiz “kofir bo‘lding” deb, bizni yo‘q qilish payiga tushadilar.

*  *  *

Taraqqiy etgan davlatlarda askarlik muddati uch-to‘rt yil, biroq bu Buxoro sarbozlari uchun muqaddas xizmat bo‘lmasdan, jinoyatning jazosidir. Buxoro sarbozlari o‘z kunlarini e’tiborsizlik, manfurlik va bechorahollik bilan o‘tkazadilar. Ularning sarbozlik muddati bir umrlikdir. O‘g‘ri va qotillarni bu shaharda qamoq, surgun va qatl etish o‘rniga sarbozlikka jo‘natib, bir umr oyiga yigirma tanga maosh berib ushlab turadilar.

*  *  *

Buxoro do‘xturlar xizmatiga juda muhtoj. Birinchidan, shahardan tashqari joylarda do‘xtur yo‘q. Qarshi, Shahrisabz, Hisor, Ko‘lob kabi tumanlarda hatto do‘xtur nomini eshitmagan odamlar bor. Qaysi tomonga bormang, romchi, alaschi xotin, dori sotuvchi attordan boshqa kishini ko‘ra olmaysiz.

*  *  *

Siz Ovro‘po ko‘cha va shaharlarining pokizaligini maqtab, musulmon shaharlari va yo‘llaridagi tartibsizlikdan nolidingiz. Qarang, payg‘ambarimiz shahar va ko‘chalarning pokizaligi haqida nimalar deganlar: “Masjidlaringizni sodda, bezagu jimjimasiz bino etinglar, shaharlaringni esa sharafli va ziynatli qilib quringlar… Ko‘chalarni pokiza va tarovatli tutingiz… Xudovand pokdir, pokizalikni yaxshi ko‘radi, zarif va karimdir, kechirishni xush ko‘radi, saxovatlidir, saxiylikni pisand etadi. Shuning uchun uyingiz atrofini pokiza tutingiz…”

*  *  *

Ovro‘poliklar bizlardan kelgusi avlodga bir yodgorlik qolsin deb, har kuni bir xayr binosini bunyod etadilar, biz musulmonlar esa, “kelgusi avlodga bizdan yodgorlik qolsin, ular bizning nomimizni unutishmasin”, degan fikrni xayolimizga ham keltirmaymiz. Yana eng ajib tomoni shundaki, ota-bobolarimiz va buyuklarimizdan qolgan yodgorliklarni buzamiz, xarobaga aylantiramiz.

*  *  *

Ertalab qozidan ruxsat so‘rab, aravaga o‘tirib, yo‘lga tushdim va Shahrisabz shahriga yetib keldim.

Bu shahar Buxoroning yirik viloyatlaridan biridir. Darvoqe, nomiga ham munosib – ko‘m-ko‘k. Keng va farovon dalalarga ega. Ayniqsa, guruchni ko‘p yetishtirishadi. Yengil sanoatidan Kitobning alochasi va iroqido‘zligi juda mashhurdir… Faqat shuni taassuf bilan aytish mumkinki, bu hunarmandlik hali ham eski usulda davom etmoqda va shuning uchun ham bugungi kunda tanazzulga yuz tutmoqda.

*  *  *

Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor bo‘lib qolishi kerak? Masalan, Qarshi va Kitobning biron bir alocha to‘quvchisi Farangistonda yashasa, boshdan-oyoq zar-zevarlarga botar edi. Bu bechoralarning esa, yeyishga noni yo‘q. Agar shu Shahrisabz yerlari Yopon elida bo‘lganida edi, zar ekib, zar undirardilar. Bu yerlar nega sho‘razorga aylangan?

*  *  *

Tafakkuri yuksak bo‘lmagan kishilar qo‘ylarga o‘xshaydilar, har xususida cho‘ponga tobedirlar va o‘z buyuklarining payravidirlar. Men shunga ham iqror bo‘lib aytamanki, biz buyuklar ham umrimizning aqalli bir daqiqasini xalqimiz osoyishtaligi va saodati yo‘lida sarf etganimizcha yo‘q. Xalqning tinchligi, mamlakatning obodligi kabi masalalar birontamizning xayolimizga kelgan emas. Har bir hokim o‘zini uch tomonning vakillari tanishini istaydi: birinchi – mamlakat, ikkinchi – raiyat, uchinchi – podshoh. Chunki, hokimiyat Vatan va millat vujudi bilan bog‘liqdir. Agar millat mahv etilib, Vatan xarob bo‘lsa, na biz hokim bo‘lamiz, na podshoh.

*  *  *

Tangri ta’olo yana ta’kidlaydi: “Yeru osmonda har nima bo‘lsa, sizlarning buyruqlaringizni bajaruvchi etib tayinladik”. Insof bilan ayting-chi, ana shu yeru osmondagi maxluqlardan qaysi birini biz o‘zimizga tobe etdik? Agar siz Ovrupo maktablarida o‘qiganingizda va ovrupoliklar telegraf, telefon, temir yo‘li, havo kemalarini qaysi yo‘l bilan va qanday yaratganliklarini bilsangiz edi, Qur’onning ana shu bir oyatidan biz musulmonlar qanchalik ne’matlarni oyoq osti qilganligimizni tushunib yetar edingiz.

Yana boshqa o‘rinda ta’kidlaydi: “Inson nimagaki erishsa, harakatining natijasidan topadi. Agar intilmasa, hech narsaga erisha olmaydi”. Albatta, sizning aql va bilimingiz tufayli maxluqlarning eng oliysi etib, barcha maxluqlarni sizga tobe qilib yaratgan ekan, demak, siz o‘z bilim va iqtidoringizni ishga solishingiz kerak. Agar intilmasangiz, unda Xudodan nima gina? Hokimdan nima shikoyat?

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version